Mahallalar infratuzilmasida oʻsish
Uzoqqa bormaylik. Prezidentning 2022-yil 25-oktyabrdagi “2022–2023-yillarda mahallalar infratuzilmasini yanada yaxshilash boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, hududlarni obod qilish, qishloq va mahallalarda infratuzilma bilan bogʻliq eng dolzarb masalalarni tizimli hal etishga alohida eʼtibor qaratildi. Oʻtgan davr mobaynida joylarda ishlar jadal boshlandi.
Viloyat boʻyicha 957 ta obyektda turli darajadagi ishlarni amalga oshirish koʻzda tutilgan. Ular orasida 329 ta ichki yoʻllar (398,1 milliard soʻm), 381 ta ichimlik suv va oqova suv taʼminoti (530,9 milliard soʻm), 88 ta elektr taʼminoti (25,1 milliard soʻm), 2 ta gaz taʼminoti (0,3 milliard soʻm), 5 ta umumtaʼlim maktabi (1,7 milliard soʻm), 8 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti (7,2 milliard soʻm), 12 ta sport obyekti (4 milliard soʻm) va 132 ta boshqa loyihalar (88,9 milliard soʻm) bor.
Xususan, Yangiyoʻl tumanidagi “Qirsadok” mahalla fuqarolar yigʻinida 3,1 kilometrga yangi quvurlar tortilib, 160 dan ortiq xonadon ichimlik suv bilan taʼminlandi. 220 dan ortiq xonadonning ichimlik suv taʼminoti yaxshilandi. Bu kabi saʼy-harakatlar tumandagi 30 ta mahallada amalga oshirilib, buning uchun 38,9 milliard soʻm sarflanadi. Boshqa tuman-shaharlarda ham bu kabi misollar koʻp.
Muhimi, hududlarni obod qilish, qishloq va mahallalarda infratuzilma bilan bogʻliq eng dolzarb masalalarni tizimli hal etish borasidagi vazifalar samarali tashkil etilgan. Bu esa aholi uchun munosib turmush sharoitini yaratishga zamin boʻlmoqda.
Aholi daromadini oshirayotgan ishbilarmonlik muhiti
Maʼlumki, yaqinda Oʻzbekiston Prezidenti raisligida kambagʻallikni qisqartirish va aholi bandligini taʼminlashda yangi bosqichga oʻtish masalalariga bagʻishlangan videoselektor yigʻilishida hududlardagi muhim masalalarga toʻxtalib oʻtilgan edi. Xususan, joylardagi tadbirkorlar bilan manfaatli hamkorlik qoʻllab-quvvatlansa, tumanda, mahallada bandlik masalasini hal qilish uchun imkoniyatlar yanada koʻpayish mumkinligi taʼkidlandi.
Tahlillarga koʻra, oxirgi 2 yilda Toshkent viloyati boʻyicha 516 ming 693 fuqaro bandligi taʼminlandi, 41 ming 508 ta tadbirkorlik subyekti 53 ming 960 taga yetdi. Natijada 39 ming 300 ta oila kambagʻallikdan chiqarildi.
Bu yil esa qabul qilingan dastur boʻyicha 480 ming nafar aholi bandligini taʼminlash rejalashtirilgan. Shundan birinchi chorakning oʻzida 116,7 ming aholi ishga joylashtirildi. Aslida bu oʻz-oʻzidan boʻlayotgani yoʻq. Xususan, hozirgacha viloyatda faoliyat yuritayotgan 235 tadbirkor tomonidan kambagʻal oilalarning 7 ming 86 nafar vakili ishga joylashtirildi. Ayniqsa, bu jarayonda Yangiyoʻl, Oʻrta Chirchiq va Quyi Chirchiq tumanlaridagi xususiy sektor vakillari tashabbus koʻrsatdi.
Hududlarda viloyat hokimligi va tegishli boshqarmalar mutaxassislari ishtirokida tadbirkorlar bilan uchrashuvlarda aholi bandligini taʼminlash uchun barcha choralarni koʻrish vazifasi belgilab olindi. Unga koʻra, 1 ming 274 tadbirkor hamkorlikda 64 ming 655 nafar fuqaro bandligini taʼminlaydi. Aholi vakillari dastlpb, “amaliy monomarkaz”larda oʻqitilib, soʻng ularga ish beriladi. Xususan, Boʻka tumanidagi qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini quritish, qadoqlash va eksport qiluvchi “TNA Agro Invest” MCHJning bulgʻor qalampiri yetishtirish uchun koʻchatxonasi yoʻq. Korxona hozirgacha koʻchatlarini vodiy viloyatlaridan olib keladi. Bu esa mahsulot tannarxiga taʼsir qilmoqda.
Korxonaga tuman hududidan yer maydoni ajratildi. Shu bilan birga, aholi tomorqasi va dehqon xoʻjaliklari ixtiyoridagi dala maydonlarida kooperatsiya usulida bulgʻor qalampiri yetishtirib, mahsulotni sotib olish yoʻlga qoʻyiladi. Bu orqali 1 ming 500 dan ziyod aholi daromadga ega boʻladi. Mazkur korxona yangi tizim asosida tumanning “Bunyodkor”, “Joʻrabod”, “Qoʻldoshtepa”, “Ramadon”, “Kiyikchi”, “Qulduroq” mahallalaridagi 225 nafar kambagʻal oila aʼzolarini oʻqitib, ishga qabul qiladi.
Dehqon uchun har bir kun gʻanimat
Kuzgi hosilning kafolatini bugungi qilingan mehnat belgilaydi. Bu yil ham Toshkent viloyati tumanlarida oʻrib olingan gʻalla maydonining 9,5 ming gektariga sabzavot, 15 ming gektariga kartoshka, 753 gektariga poliz, 35,8 ming gektariga dukkakli, 15 ming gektariga sholi va 24 ming gektarga ozuqa ekinlari ekiladi. Bu jarayon nazoratga olingan boʻlib, shu maqsadda 290 ta ekish otryadi shakllantirilgan. Ularga 529 ta qishloq xoʻjaligi texnikasi va 670 nafar hokim yordamchisi biriktirildi.
Takroriy maydonlarning 14 ming gektari “Temir daftar”, “Ayollar daftari” va “Yoshlar daftari”da roʻyxatda turgan 45 ming nafar ishsiz fuqaroga, jumladan, 14 ming yoshlarga dehqonchilik qilish uchun ajratib berilyapti.
Hozirgacha 35 ming ishsiz fuqaroga gʻalladan boʻshagan 10 ming gektar yer maydonlari fermer va klasterlar tomonidan ajratib berildi. Bu esa yil yakunida aholining kafolatli daromad olishiga zamin yaratadi. Takroriy ekin ekib, mahsulot yetishtirgan har bir xonadon mavsumda oʻrtacha 22 million soʻm daromad qiladi. Viloyat boʻyicha 13 ming xonadonda jami 5 ming gektarda takroriy ekin ekish hisobiga umumiy hisobda 110 milliard soʻm daromad olinishi kutilmoqda.
Ijtimoiy ehtiyojmand aholiga takroriy ekin ekish va parvarishlash davrida amaliy yordam koʻrsatish maqsadida jami 274 ta klaster, ilgʻor fermerlar va tayyorlov korxonalari biriktirildi. Ushbu tizim asosida ishsiz aholiga biriktirilgan masʼullar yer maydonlarini ekishga tayyorlash, ekish va agrotexnik tadbirlarni oʻtkazishda amaliy yordam koʻrasatib, zarur moddiy-texnik resurslar yetkazib bermoqda.
Hisob-kitoblarga koʻra, viloyatda takroriy ekin ekiladigan maydonlarda jami 1,7 milliard tonna qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtiriladi. Olinadigan hosilning 290 ming tonnasi qayta ishlashga, 147 ming tonnasi eksportga, 42 ming tonnasi kelgusi yil hosili uchun urugʻlik zaxirasiga, 219 ming tonnasi ichki isteʼmolga hamda viloyat ichki isteʼmolidan ortgan 135 ming tonna mahsulot Toshkent shahar yarmarkalariga yoʻnaltiriladi.
Kelgusi yil bahor oylarida viloyat bozorlarida narx-navo barqarorligini saqlash maqsadida takroriy ekin hisobidan qish-bahor mavsumi uchun jami 30 ming tonna, jumladan, 18 ming tonna kartoshka, 8 ming tonna sabzi, 4 ming tonna sholi zaxira qilinadi hamda grafik asosida oyma-oy ichki bozorga chiqariladi.
Buning uchun 37 ta eksportyor-tadbirkor, 47 ta qayta ishlash va 174 ta tayyorlov korxonasi, 19 ta tomorqa xizmati korxonasi mahsulot ishlab chiqaruvchilarga biriktirilib, yetishtiriladigan hosilni kafolatli xarid qilish tizimi yoʻlga qoʻyiladi.
Umuman, hududda aholini sifatli mahsulotlar bilan taʼminlash, yuqori qoʻshilgan qiymatli mahsulot ishlab chiqarishni koʻpaytirish, zamonaviy xizmat turlarini koʻrsatish, yangi ish oʻrinlari yaratish evaziga oilalarning dasturxoni baraka, hayotiga mazmun kiradi.
Behzod QOBULOV,
Toshkent viloyati hokimining matbuot kotibi —
axborot siyosati masalalari boʻyicha maslahatchisi