“Ko'hna tol beshikdan yaralgan dunyo” deganida shoir o'zi bilmagan holda beshikning qadimiy ixtiro ekani-yu, uning asosan tol daraxtidan yasalishiga urg'u bergandek, nazarimizda. Dunyo bo'ylab 300 dan ziyod, O'rta Osiyoda esa 20 dan ortiq turi mavjud bo'lgan bu daraxtning diyorimizda “oq tol”, “qora tol”, “majnuntol”, “ignabarg tol”, “suv tol” kabi turlari keng tarqalgan. Novdalaridan bejirim savatlar, yog'ochidan ko'plab buyumlar yasaladi. Necha yillardan buyon tol bilan tillashib yashayotgan jalaquduqlik zamondoshimiz Anvar aka Umarov esa bu daraxtning o'ziga xos boshqa xususiyatlarini ham yaxshi biladi. Zero, u tajribali beshiksoz sifatida chaqaloq uchun toldan yasalgan beshiklar eng foydalisi, deb hisoblaydi. Shuningdek, po'stidan tozalanib, maxsus dorilanadigan va salqin joyda yaxshilab quritilgan toldan yasalgan beshik mo''tadillikni ta'minlashiga ham ishonadi. Qadimda tabiblarning bemorlarga tol daraxti tagida o'tirishni maslahat berganlari ham bejiz emas.
Beshik yasash Anvar akaga ota meros hunar emas, aslida. Uning o'zi bunga astoydil bel bog'lagan. Jalaquduqlik beshiksoz usta Mahmudjon Hasanovdan bu hunarning sir-asrorlarini o'rgangan. Uning bugungi yoshlarda ham hunarga muhabbat, intilishni ko'rish istagi shundan bo'lsa kerak. Andijon, qo'shni Qirg'izistondagi beshik bozorlaridan o'z mijozlarini topib ulgurgan, hunari ortidan nafaqat oilaviy, mahalliy tadbirkorlikni yo'lga qo'ya olgan Anvar akaga yoshlar havas qilsa arziydi.
Tadbirkor o'zi mustaqil ish yurita olishiga ko'zi etgan payt — 2010-yilda “Hunarmand” uyushmasi tomonidan qonuniy ro'yxatdan o'tib, oilaviy hunarmandlikni boshlagan. 2 yil o'tgach, ishini kengaytirish maqsadida kredit olgan. O'shanda yaxshi niyat bilan olingan kredit qator qiyinchiliklarni boshlab kelishini u xayoliga keltirmagan edi. Birinchidan o'sha yillari chiroqning haddan ziyod o'chishi ishning beliga tepgan bo'lsa, ikkinchidan hunarmandga bugungiday e'tibor, rag'bat bo'lmagan. SHaroit bo'lmagach, ish unumi ham bo'lmaydi, albatta. Qiynalib qolgan tadbirkorlarga hozirgiday imtiyozlar ham qayoqda deysiz… Kredit oldingmi, to'lash kerak, vassalom. Vaqt esa kutib turmaydi, qarz elkaga og'irligini solaveradi. Foizlarni qaytarishga aqli ojizlik qila boshlagan qahramonimiz faoliyatini to'xtatib, chetda ishlab kelishdan o'zga chora topolmay qoladi.
5-6 yildan so'ng yurtga qaytgan Anvar aka hunarmandlarni qo'llab-quvvatlash borasidagi ishlar jonlanib qolganini ko'rib, beshiksozlikni qayta yo'lga qo'ydi. O'z ustida ishlab, faoliyatini rivojlantirib borgan Anvar aka 2018 yildan buyon ko'plab beshik ko'rgazmalari, “Tashabbus” ko'rik-tanlovlari, Qo'qon festivalida muvaffaqiyatli ishtirok etdi. Izlanuvchan hunarmand uchun bularning barchasi ulkan tajriba maktabi vazifasini o'tagan. Mahorati tobora ortib bordi. 2020-yilda u xalq amaliy san'ati bo'yicha elektron katalogdan joy oldi.
Sevimli hunarini beshiksozlik umuman bo'lmagan hududlarga yoyishni istagan usta ayni paytda qo'shni tumanlar, hatto boshqa viloyatlardan ham shogirdlar olishga tayyor. Buning uchun barcha imkoniyatlari etarli, o'rganuvchilarni yotar joy, ovqat bilan ta'minlash muammo emas. Viloyat hokimligi tomonidan “Guliston” MFY hududidan ajratib berilgan 4 sotix joyda alohida ustaxona tashkil etgan. eng muhimi, bu erda 10 ga yaqin o'g'il bolalardan tashqari, turmush o'rtog'i — Gulira'no Usmonova boshchiligida mahalladagi 5 nafar qiz doimiy ish, 2 nafar ayol kasanachilik bilan band. Ustaxonada yasalayotgan beshiklarning yopqichlari ham shu erning o'zida tikilib, chaqaloqni yotkizishga tayyor holatga keladi.
— Avvaliga beshik anjomlarini bozordan sotib olib kelib bezatar edik, — deydi Gulira'no opa. — Keyinroq o'ylab qarasam, beshikning anjomlarini o'zimiz tayyorlasak, qoladigan foydada durustgina farq bo'ladi. SHu maqsadda beshik abzallarini tikishni o'rganishga majbur bo'ldim. Bir o'zimga albatta og'ir, 5 nafar qizni ishga oldik. Hozir shogirdlarim bilan nafaqat beshik anjomlari, balki, milliy qo'g'irchoqlar ham tikamiz, gipsdan milliy haykalchalar yasayapmiz.
Opaning shu yil Andijon davlat universititeti talabasi bo'lganidan quvondik. Tasviriy san'at muhandislik grafikasi bo'yicha tahsil olayotgan hunarmand oliygohdan ham mijozlar topib ulgurdi. Mehnat ta'limi fani o'qituvchilariyu talabalar ko'rgazmali qurol sifatida u yasagan qo'g'irchoqlar, haykalchalarni sotib olishayotgani bois buyurtmalar talaygina. Milliy rasmlar chizib berish uchun olgan buyurtmalari ham talaygina. Milliy rasmlar chizdirish istagidagi mijozlari ham kam emas.
Gulira'no opa milliy qo'g'irchoqlarning yangi ko'rinishlarini yasash, ularni bog'chalarga etkazish rejalari haqida gapirar ekan, davlatimiz rahbarining shu yil 19 yanvardagi videoselektor yig'ilishi ko'z oldimdan o'tdi. Millat ma'naviyatiga befarq bo'lmagan har qanday inson, ayniqsa, soha jonkuyarlari o'sha kundan buyon tilga olingan achchiq haqiqatlar yuzasidan kechayu kunduz o'y surayotgani aniq. Shu ma'noda Gulira'no opa hamkorlik qilayotgan bog'cha mudiralarini ma'naviyatimiz, milliyligimiz fidoyilari, deyish mumkin. Zero, milliylikka hurmat bolalar bog'chasidan chuqur singdirib borilsa, ta'limning keyingi bosqichlarida ma'naviyat o'z-o'zidan shakllanib, bolalar milliy ruhda ulg'ayaveradi. Bog'chalardagi milliy o'yinchoqlar, qo'g'irchoqlar, ertak qahramonlarining barchasi shu ma'noda yuksak ahamiyat kasb etadi.
Beshikchilikning ortidan ko'plab hunarlarni o'rganishga erishgan Gulira'no opaning bir gapidan ko'nglimiz tog'dek ko'tarildi. “Mahallamiz yoshlari amaliy san'ati, qo'l mehnati bilan tumanga, viloyatga, respublikaga tanilsa, nufuzli ko'rgazmalar, tanlovlarda qatnashsa. Bunga sababchi bo'lishdan ortiq baxt bo'lmasa kerak”. Biri bo'lajak oila boshilarni, yana biri munosib uy bekalari, qo'li gul ijodkor onalarni tarbiyalayotgan oilaviy hunarmandlarga biz ham havas qildik. Hunarda hikmat ko'pligini yoshlarga singdirishni o'ylab yuradigan Anvar akaning kelajak rejalari ham e'tiborimizni tortdi. Zero u ezgu maqsadlari yo'lidagi ilk qadamni tumandagi 8-maktabdan boshlashga erishibdi. Maktab direktori bilan kelishib, beshiksozlik bo'yicha master klass o'tkazgan kunning ertasiga 4 so'ng nafar shogirdlarning o'zi uni qidirib kelganidan xursand. eng muhimi, ularning barchasi kam ta'minlangan, yoki endigina oyoqqa turayotgan oilalar farzandlari. Bugun ular bepul hunar o'rgatib, yana yasagan beshiklariga haq ham to'laydigan ustozining etagidan mahkam tutishgan. Anvar aka, tumandagi barcha maktablarda hunarni targ'ib qilish, master klasslar o'tib berishga tayyor. Faqat maktab direktorlaridan taklif, yoshlarda qiziqish bo'lsa bas. CHunonchi u bir o'zim bo'lsam deydiganlardan emas. Aksincha usta hunarmand yoshlar qancha ko'p hunar egallasa, ishli bo'lishsa, raqobat, ijodkorlikning yuksalishi, yangi-yangi uslublarning paydo bo'lishidan sevinadi. Xaridorlarda ham tanlash imkoni kengayadi. Mahsulotni raqobatchilarnikidan sal bo'lsa-da arzonroq narxlash esa bozorning chaqqon bo'lishida muhim omil bo'ladi. Shu o'rinda aytish joizki, tumanda Anvar akadan tashqari yana 2 nafar beshiksoz ustalar bor. To'g'ri, ular ham shogirdlar tayyorlayapti. Lekin, “bir mahalla — bir mahsulot” yo'nalishida tizimli ishlar olib borilayotgan bir paytda nega Jalaquduqni beshikchilar yurtiga aylantirish mumkin emas?
Anvar akaning yagona istagi — beshikchilikda ham klaster yaratish. Negaki, ayni paytda xomashyoning chetdan olinishi evaziga tannarxning oshib ketishi uni o'ylantiradi. — Klasterning samaradorligini paxtachilikda aniq-tiniq ko'ryapmiz, deydi hunarmand. — Shu ma'noda biz ham xomashyoni o'zimiz etishtirsak, tannarx arzonlashadi. Misol uchun, hozir yog'ochni Rossiyadan olib kelayotganimiz bois, eng arzon beshigimiz 175-180 mingdan sotilyapti. O'tgan yili esa shu beshiklar 125 mingdan sotilgan. Bugun eng oldi beshiklarimiz 350 mingdan 500 minggacha ko'tarilib ketdi.
Anvar akaning gapida jon bor. Mahalliy xomashyo qayda-yu, xarajatlar evaziga kirib keladigan chet el xomashyosi qayda. Shu ma'noda u suv kam chiqadigan, toshloq, unumdorligi past erlardan tol plantatsiyasi yaratish uchun bir gektar joy olmoqchi. Uzog'i ikki yilda beshikka yaraydigan tollardan har yili xomashyo olish imkoniyatini ham Anvar akaning o'zi yaxshi biladi. Demoqchimizki, bir gektar erdagi tol plantatsiyasi tadbirkorni xomashyo bilan bemalol ta'minlay oladi. Ana shunda mahallama-mahalla kezib, tol qidirish, nailojlikdan chet el yog'ochini sotib olishga ham ehtiyoj qolmaydi.
Butun dunyo koronavirus pandemiyasidan ozor chekayotgan bir payda, shuningdek o'tgan yilgi kuchaytirilgan karantin sharoitida ham bir zum tinmagan hunarmandning beshiklari etkazib berish xizmati orqali xonadonlarga kirib bordi. Soliqlarning 25 foizga qisqartirilish, undan tashqari, berilgan imtiyozlar ham tadbirkorga ancha qo'l keldi.
Xulosa o'rnida aytish mumkinki, tarixiy manbalarga ko'ra, ko'chmanchi xalqlar o'zlariga qulay bo'lishi uchun ixtiro qilgan beshik bugun ham hayotimizdagi muhim o'rnini yo'qotgani yo'q va yo'qotmaydi ham. Zero, beshiksiz o'zbek xonadoni bo'lmasa kerak. Shunday ekan, beshiksozlik umrboqiy, o'lmas hunarligicha qolaveradi. Bolajon yurtimizda esa chaqaloqlar tug'ilaveradi, beshiklar sotilaveradi.
Munojat MO'MINOVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri