Dastlab Oʻzbekiston Xalq demokratik partiyasi viloyat Kengashi raisi Maqsud Nurillayev saylovchilarni nomzodning tarjimayi holi bilan tanishtirdi. Shundan soʻng Xalq demokratik partiyasidan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Maqsuda Vorisova soʻzga chiqib, asosiy maqsad Oʻzbekistonda ijtimoiy demokratik davlat qurish ekanligini taʼkidladi.
Bu maqsadga erishish uchun esa birinchi navbatda aholi keng qatlamlari farovonligi taʼminlanishi, har bir oila oʻzining birlamchi hayotiy ehtiyojlarini qondirishi, qulay uy-joy, uzluksiz energiya taʼminoti, tabiiy gaz va ichimlik suvi, sifatli oziq-ovqat, zamonaviy taʼlim va malakali tibbiy xizmatdan foydalanishi uchun yetadigan daromad manbaiga ega boʻlmogʻi kerak.
Ikkinchidan, barcha sohalarda ijtimoiy adolat va ijtimoiy tenglikni qaror toptirish, jamiyat aʼzolarining oʻz huquqlarini amalga oshirishlari uchun ularga teng imkoniyatlar yaratilishi zarur. Uchinchidan, fuqarolarning demokratik institutlar orqali aholining ijtimoiy kayfiyatiga, zarur hayotiy ehtiyojlarini amalga oshirishga taʼsir koʻrsatadigan qonun hujjatlari loyihalarini tayyorlash, jamoatchilik ekspertizasi va muhokamalarida keng ishtirok etishini taʼminlash jamiyatda demokratik asoslarni mustahkamlaydi.
Prezidentlikka nomzod M.Vorisovaning saylovchilar bilan uchrashuvi davom etmoqda.