Oʻzbekiston XDP markaziy kengashi yoshlar sektori tashabbusi bilan Toshkent viloyati Parkent tumanining togʻli hududida joylashgan Krasnogorsk shaharchasida (Qizil togʻ) yoshlar ishtirokida varrak sayli oʻtkazildi. Tadbir avvalida yoshlar “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida mevali daraxt koʻchatlarini ekishdi.
Sayl davomida plogging aksiyasi ham tashkillashtirilib, “Yoshlar qanoti” faollari bilan birga koʻngilli yoshlar yon atrofga tashlangan chiqindilarni yigʻishdi. Chiqindilar mashinalarda belgilangan joyga olib borildi.
Aksiya soʻnggida qatnashchilarga turli chiqindilarning atrof-muhitga yetkazadigan zarari toʻgʻrisida tushuntirishlar berildi. Faol ishtirokchilarga XDP markaziy kengashining esdalik sovgʻalari topshirildi.
Tabiat qoʻynidagi ajoyib tushlikdan soʻng “varrak sayli” boshlandi. Saylda asosiy maqsad faol yoshlarni partiya atrofida birlashtirish va ular oʻrtasida doʻstona munosabatlarni oʻrnatish. Tadbirda Yoshlar ittifoqi Toshkent viloyati kengashi yoshlari ham faollik koʻrsatishdi.