Tadbirda Oʻzbekiston XDP Markaziy kengashi hamda Toshkent shahar kengashi masʼullari, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlari, OʻzXDP Jizzax viloyati kengashi, Xalq deputatlari mahalliy kengashlardagi partiya guruhlari aʼzolari, Energetika vazirligi, Qurilish va uy-joy kommunal xoʻjaligi vazirligi vakillari hamda partiya faollari, yoshlar ishtirok etdi.
Taʼkidlanganidek, keyingi yillarda davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan mamlakatimizda aholi va tadbirkorlik subyektlarini barqaror energiya resurslari bilan taʼminlash, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish, sohani davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash mexanizmlarini takomillashtirish borasida izchil islohotlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimizning 2023-yil 16-fevraldagi “2023-yilda qayta tiklanuvchi energiya manbalarini va energiya tejovchi texnologiyalarni joriy etishni jadallashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida»gi qarori ham mazkur ishlarning amaliy ifodasi boʻlib, uning mazmun-mohiyati, ushbu qaror amaliyotga toʻgʻri tatbiq etilsa, fuqarolar, oddiy aholi vakillarining hayotida qanday oʻrin tutishi mumkinligi toʻgʻrisida Oʻzbekiston XDP Markaziy kengashi boshqarma boshligʻi Boymurat Yusupov soʻzlab berdi.
— Qayta tiklanadigan energetikani rivojlantirish energiya bilan ishonchli taʼminlab, energiya yetkazib berishdagi yoʻqotishlarni ancha kamaytirgan holda, olis aholi punktlarini energiya tizimiga ulash uchun uzoq masofali elektr uzatish liniyalarini barpo etish zaruratidan qutulishga yordam beradi. Ayni paytda mamlakat energetika balansida faqat kichik gidroelektr stansiyalar tomonidan ishlab chiqarilayotgan kam miqdordagi qayta tiklanadigan energiya ulushi bor. Hozircha aholi qayta tiklanadigan energiya manbalari toʻgʻrisida yetarlicha maʼlumotga ega emas, quyosh va shamol energiyasidan foydalanishga doir ilmiy va amaliy tajriba yetishmaydi, - dedi Boymurat Yusupov.
Davra suhbatida muqobil energiya manbalaridan foydalanishning zarurati va foydalarini aholiga keng tushuntirish, aholi xonadonlarida kichik quvvatli qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini oʻrnatishni deputatlik nazoratiga olishda mahalliy kengash deputatlari tomonidan Jizzax viloyatidagi oʻrganishlar yakunlari muhokama qilindi.
Xalq deputatlari Jizzax viloyatikKengashi deputati, OʻzXDP viloyat kengashi raisi Nuriddin Xolmatovning taʼkidlashicha, hozirgi kunga qadar viloyatda rejadagi 1111 ta aholi xonadonlariga oʻrnatilishi lozim boʻlgan quvvati 6,00 mVtli quyosh panellari, amalda 1203 xonadonga, xonadon ehtiyojlarini hisobga olgan holda quvvati 2,975 mVtli quyosh panellari oʻrnatilib, son jihatdan reja 108 foizga bajarilgan boʻlsa, elektor quvvati boʻyicha reja amalda 49.6 foizga bajarilgan.
Xuddi shunday ijtimoiy soha obyektlari va davlat idoralariga oʻrnatilishi koʻzda tutilgan quyosh panellari obyektlar soni boʻyicha reja 498 tadan 332 taga, yaʼni 66 foizga bajarilgan boʻlib, quyosh panellari quvvati boʻyicha 5.0 mVt dan 5.214 mVtga yaʼni 104.3 foizga bajarilgan.
Qaror ijrosi yuzasidan Jizzax viloyatida ikki yoʻnalishda amalga oshirilayotgan ishlarni qoniqarli deb boʻlmaydi. Tadbirkorlik subyektlarining bino va inshootlarida reja boʻyicha oʻrnatilishi lozim boʻlgan 750 ta quyosh panellari oʻrniga 579 ta (77%) oʻrnatilib, elektr quvvati 15.0 mVt oʻrniga 6.25 mVt taʼminlangan (41.7%ga bajarilgan). Viloyatda mahalliy tadbirkorlar tomonidan barpo etilishi lozim boʻlgan 13 ta kichik hajmdagi FESlaridan birontasi amalda tashkil etilmagan.
Davra suhbatida bu kabi muammolarning kelib chiqish sabablari mutaxassislar, deputatlar tomonidan atroflicha muhokama qilindi. Ularning yechimi yuzasidan taklif va mulohazalar bildirildi.
Yigʻilishda shuningdek, hududlarda aholi xonadonlariga kichik quvvatli quyosh panellarini oʻrnatishni ragʻbatlantirish boʻyicha “Quyoshli xonadon” dasturi ijrosi hamda 2023-yilda foydalanishga topshiriladigan koʻp qavatli uylarni qayta tiklanuvchi energiya manbalari bilan taʼminlash rejasining bajarilishi yuzasidan tegishli tashkilotlarning maʼruzalari tinglandi.