Uchrashuvni O‘zbekiston Xalq demokratik partiyasi Markaziy Kengashi raisi Ulug‘bek Inoyatov ochdi.
Nomzodning Qoraqalpog‘iston respublikasi bo‘yicha ishonchli vakili Xalilla Yeshimbetov Maqsuda Vorisovaning tarjimai holi, saylovoldi dasturidagi ijtimoiy tenglik va xalq demokratiyasi mezonlariga mos keladigan tashabbuslari bilan uchrashuv ishtirokchilarini tanishtirdi.
O‘zbekiston Prezidentligiga nomzod so‘z olib, mamlakatimizda kechayotgan demokratik islohotlar, bunyodkorlik va yaratuvchanlik ishlari haqida Qoraqalpog‘iston hududi misolida gapirdi va o‘zining saylovoldi dasturi g‘oyalari xususida to‘xtalib o‘tdi.
Prezidentlikka nomzodning saylovoldi dasturidagi asosiy jihat birinchi navbatda aholi keng qatlamlari farovonligini ta’minlashni nazarda tutadi. Xususan, Qoraqalpog‘iston respublikasini o‘ziga xos hududiy imkoniyatidan kelib chiqqan holda rivojlantirish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Prezidentlikka nomzodning saylovoldi dasturida oilalar farovonligi, bolalar uchun teng imkoniyatlar yaratish, yoshlarning ta’lim olishi, keksalarga g‘amxo‘rlik qilish, aholining nogironligi bo‘lgan va ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami huquq va manfaatlarini himoya qilish borasida amalga oshirilayotgan ishlarni yanada kengroq davom ettirish kabi muhim masalalar ilgari surilgan.
Dasturda demokratik jamiyatning muhim mezoni sifatida erkin fuqarolik jamiyatini yanada rivojlantirish yo‘nalishida ham aniq takliflar bayon etilgan. Fuqarolarning davlat va jamiyat boshqaruvida faolligini oshirish uchun davlat organlari va fuqarolik jamiyati institutlari o‘rtasidagi ijtimoiy hamda davlat-xususiy sheriklik amaliyotini keng rivojlantirish lozimligi ta’kidlandi.
Nomzod ma’ruzasida yoshlar masalasiga ham alohida to‘xtalib o‘tib, yoshlarga oid davlat siyosati yoshlarning mamlakat siyosiy hayotidagi faol ishtirokini ta’minlashga xizmat qilishi, salohiyatli yoshlarga siyosiy partiyalar, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari tizimida ishlashni rag‘batlantirish zarurligini ta’kidladi.
Tadbirda so‘z olganlar saylovchilarni saylovda faol ishtirok etishga va o‘ziga munosib deb bilgan nomzodga ovoz berishga chaqirdi.