Prezidentimiz oʻtgan yil 21-22-may kunlari Andijonga tashrifi chogʻida kambagʻallikni kamaytirish masalasiga Andijon tajribasi sifatida mutlaqo yangicha yondashuv tashabbusi bilan chiqqan edi. Oʻshanda mavjud muammolarning yechimi boʻyicha koʻrsatmalar berib, har bir vazirlik, idora, tarmoq korxonalari va mahalliy hokimlik vakillariga ishni xonadon, mahalla, qishloq va tuman darajasida tashkil qilish boʻyicha aniq vazifalar topshirildi.
Muhimi, mamlakatimiz hududining bir foizinigina tashkil etadigan Andijon viloyatida yurtimiz aholisining 10 foizi yashashi kambagʻallikni bartaraf etish boʻyicha bajariladigan ishlar va yangicha tashabbuslarning asosiy nuqtasi boʻlishi hamda bu borada bajariladigan ishlar samaradorligini koʻrsatuvchi indikator vazifasini oʻtashi aniq va ravshan tushuntirildi.
Belgilangan asosiy yoʻnalishlardan kelib chiqib, Innovatsion rivojlanish vazirligi Andijon tajribasi sifatida qator yangicha yondashuvli ishlarni bajardi. Avvalo, aholini serdaromad, yangi innovatsiyalarga qiziqtirish va ulardan samarali foydalanishini tashkil etish maqsadida Marhamat tumanida 9 gektar yerda Andijon tajriba-koʻrgazma maydoni tashkil etildi. U oʻtgan yillar mobaynida ilmiy faoliyatga oid davlat dasturlari doirasida bajarilgan, Andijon hududiga moslashtirilgan yangi ishlanmalar va texnologiyalar koʻrgazmalari maydoni boʻlib, tuman va viloyat aholisining keng qatlamiga bu texnologiyalarni targʻib qilish, oʻrgatish va oʻz tomorqa xoʻjaliklarida, fermerlik yoki ishlab chiqarish korxonalarida joriy etishga amaliy koʻmaklashish hamda keyinchalik yuqori samaradorlikka erishish boʻyicha konsalting xizmatlari koʻrsatishga yoʻnaltirilgan.
Andijon tajriba-koʻrgazma maydoni hududida amarant, steviya, kinoa, pavlovniya, goji, qushqoʻnmas, chia, eyxorniya, pistiya va azolla kabi oʻsimliklar tajriba tariqasida ekilib, parvarishlanmoqda. Masalan, ozuqadorligi makkajoʻxorinikidan 56 barobar yuqori boʻlgan, yogʻi dorivor sanaladigan amarant oʻsimligining andijonlik olimlar yaratgan, hududga moslashtirilgan “Marhamat”, “Ulugʻnor”, “Andijon” va “Oʻzbekiston-M” kabi serhosil yangi navli koʻchatzorlari tashkil qilindi.
Qator rivojlangan davlatlarda talab kun sayin oshib borayotgan, Oʻzbekiston uchun yuqori ozuqaviy quvvatga ega boʻlgan yangi qishloq xoʻjaligi ekini — kinoa koʻchatzorlari namoyishi tashkil qilindi. Koʻrgazma maydonida qayta tiklanuvchi energiya manba sifatida biogaz qurilmasi oʻrnatilib, unda eyxorniya va amarant oʻsimliklaridan biogaz olish yoʻlga qoʻyildi. Bu usul hayvon goʻngidan olinadigan biogazga nisbatan bir necha marta arzon va samarador ekani amalda isbotlangan. Koʻrgazma maydonida pavlovniya daraxtini koʻpaytirish laboratoriyasi, yuqori oqsilli yem tayyorlash sexi, energetik qurilmalar sexi ham joy olishi koʻzda tutilgan.
Ushbu hududda bajarilgan yangi yechimlardan yana biri sugʻorish tizimidagi innovatsion izlanishlardir. Koʻrgazma maydoniga faqat oqim kuchidan foydalanib, suvni xarajatsiz yuqoriga koʻtaruvchi gidrotaranlarning turli modifikatsiyalari oʻrnatilmoqda. Bundan tashqari, sharsharasiz oqim suvi energiyasidan foydalanib, suvni yuqoriga koʻtarish qurilmasini yaratish va ishga tushirish rejalashtirilgan. Bu unchalik katta boʻlmagan yer maydonlarini ortiqcha sarf-xarajatsiz sugʻorish imkonini beradi.
Andijon tajriba-koʻrgazma maydoni transfer va integratsiya qilish jarayonida zamonaviy xalqaro texnologiyalarni tajriba-sinovdan oʻtkazishga xizmat qiladi. Viloyat va respublika miqyosida fermerlar, tomorqa egalari ushbu tajriba maydonida namoyish etilgan yangi texnologiyalarni oʻz maydonlarida joriy etish koʻnikmasini oʻzlashtirish, yurtimiz uchun yangi hisoblanadigan oʻsimlik turlari namunalaridan foydalangan holda ularni oʻz uchastkalarida koʻpaytirish va sifatli mahsulot olish imkoniyatiga ega boʻladi.
Koʻp hollarda koʻz bilan koʻrmaguncha innovatsiyalar qudratiga ishonish qiyin. Bejiz “Eshitganingga emas, koʻrganingga ishon”, deyishmaydi. Innovatsion rivojlanish vazirligining Andijon tajribasi sifatida bajarilayotgan amaliy ishlari bevosita yoshlarning yangicha bilim olishiga sharoit yaratish, ularda muhandislik koʻnikmasini hozirdan shakllantirish, dunyo ilm-fanidagi yangiliklarni oʻz ona tilimizda muntazam olishlarini taʼminlash kabi yondashuvlardan iborat.
Andijon tajriba-koʻrgazma maydoni viloyat oliy taʼlim muassasalarini qamrab olgan holda, Marhamat tumanini innovatsion hududga aylantirishda asosiy drayver boʻlib xizmat qilishi uchun barpo etilgan. Bunday innovatsion drayverlar yurtimizning barcha hududida tashkil etilishi maqsad qilingan va ularda sinovdan oʻtgan samarali loyihalar boshqalar uchun namuna boʻlib xizmat qilishi koʻzda tutilgan.
Boshqacha aytganda, yurtimizda birinchi marta hududni rivojlantirishning drayveri sifatida ikkita katta platforma ishga tushirildi. Bular — Marhamat innovatsion tajriba-koʻrgazma poligoni va toʻla qurib bitkazilib, jihozlangan Yoshlar texnoparki.
Poligon deyilganda, koʻpchilik qishloq xoʻjaligiga yoʻnaltirilgan yangi innovatsion ishlanmalarni tushunadi. Aslida esa bu, avvalo, Andijonda, qolaversa, mamlakatda yangi ish oʻrinlari yaratish, kambagʻallikni qisqartirish va tadbirkorlikni rivojlantirishda namuna boʻlib xizmat qiladigan innovatsion kompleks markaz. Sodda qilib aytganda, mamlakatdagi barcha innovatsiyalarni namoyish qilish va sotish maydonidir. Misol uchun, Marhamatda birinchi marta texnoshop tashkil qilinmoqda. Aytaylik, yangi nav paydo boʻlsa, u yerga yetkaziladi va ekilib, namoyish etiladi. Olimlarning yangi ishlanmalari namoyishi qatorida gʻoyalar va ishlanmalar doʻkoni ham ochilib, narx-navosigacha yozib qoʻyiladi. Xohlagan odam Marhamatga kiraverishda toʻxtab, qanaqa yangi innovatsiyalar borligiga qiziqadigan boʻlsa, oʻsha joyda darrov tushuntirib beriladi. Shartnoma tuzilib, sotuv ham yoʻlga qoʻyiladi. Yaʼni bundan poligon ham manfaat koʻradi.
Ikkinchi juda muhim jihat bu — aholining qiziqishi. Andijonda innovatsiyalarga ragʻbat yuqori ekaniga barchamiz guvoh boʻlib turibmiz. Marhamatda joriy qilingan tizim shundan iboratki, misol uchun, kishilar “Nima ekin bor?” deb soʻrab kelsa, yuqori samaradorlikka ega koʻchat turlarini koʻrsatamiz va: “Agar ekadigan boʻlsangiz, koʻchatini beramiz va hosilini sizdan oʻzimiz sotib olamiz. Chunki uni qayta ishlaydigan sexlar ham quryapmiz”, deymiz. Yoki silos tayyorlash texnologiyasini koʻrsata olamiz. Bu texnologiyaga koʻra, kishilar xom ashyoni yerga koʻmmasdan, oʻz ehtiyojiga yarasha silos tayyorlab olishi mumkin.
Parrandachilik boʻyicha hind yugurdak oʻrdagini tavsiya qilamiz. Yuqori rentabelli bu tur uch oyda tuxumga kiradi va har kuni mahsulot beradi. Uning tuxumi qimmat va shifobaxsh boʻlgani uchun sotib oladigan tadbirkorlar yetarlicha. Yana bir parranda turi — chex dominant tovuqlari broylerdan yaxshiroq hisoblanadi. Chunki kasal boʻlmaydi, tuxumdan toʻxtagach, vazni tez oshadi, tuxum berish paytida ham, toʻxtaganida ham goʻshtini bemalol isteʼmol qilsa boʻladi. Boshqa tur tovuqlarning esa tuxum paytida goʻshtini isteʼmol qilib boʻlmaydi.
Qurilish sohasiga kelsak, penobeton chiqaradigan uskunamizni koʻrsata olamiz. Uni mahallaga oʻrnatib qoʻysak, aytaylik, maʼlum bir xonadon penobeton ishlab chiqaraveradi. Bu mahsulotning xaridori koʻp. Chunki hozir yurtimizning barcha hududida juda katta qurilish ishlari olib borilmoqda. Shu sababli unga talab yuqori.
Innovatsion qovun yetishtirish issiqxonasi ham shunday yangiliklardan biri. Hosil yetishtirish jarayonini agronommutaxassis nazorat qilib turadi. Ekinni oʻzlari ekib, oʻzlari sotib oladi, qayta ishlab eksport qiladi. Narxi — bir kilosi 6–10 AQSH dollari atrofida. Yoki qulupnay issiqxonasini olaylik. Bu issiqxonaning narxi 1,5 million AQSH dollari atrofida boʻlib, safsar qulupnaylar ekiladi. Tayyor hosilning kilogrammi 25 dollar atrofida baholanadi. Tadbirkorlarni markazga muntazam taklif qilib turamiz. Ularga barcha innovatsiyalarimizni koʻrsatamiz, tushuntiramiz. Agar shartnoma tuzishsa, oʻzimiz qurib beramiz. Qaysi tadbirkor bu texnologiyaga qiziqsa, markaz unga issiqxona qurib beradi, ishlashni va parvarishlashni oʻrgatadi, kerakli koʻchatlarni beradi, mahsulotini aytilgan narxda sotib ham oladi.
Tuproqqa ishlov berish sohasiga kelsak, yangi qoplamali pluglarni misol keltirishimiz mumkin. Olimlarimiz yaratgan maxsus polimer qoplamali pluglar oddiylariga qaraganda 34 baravar koʻp xizmat qiladi. Shu bilan birga, Marhamatga bugʻdoy, bodring, uzum va tutning yangi navlarini ham olib keldik.
Yana bir juda muhim yoʻnalishi — yoshlar bilan bogʻliq. Andijonda bunyod etilgan Yoshlar texnoparki eshiklari barcha uchun ochiq. Ushbu texnopark innovatsion faoliyatga jalb etgan holda, 400 nafar yoshning robototexnika, muqobil energiya manbalari hamda 3D prototiplash boʻyicha bilim va koʻnikmasini oshirishga xizmat qiladi.
Prezidentimiz har bir maktab bitiruvchisi oʻqishdan boʻsh vaqtida hunar oʻrganishi lozimligini alohida taʼkidladi. Oʻquvchilarni maktab davridayoq muayyan koʻnikmalarga oʻrgatish Andijon tajribasi boʻlishi va uni keyin butun respublikaga joriy etish boʻyicha topshiriq berdi. Yoshlar texnoparkida zarur bilimlarni oʻzlashtirgan yoshlar Andijondagi mashinasozlik, sanoat korxonalarida tajriba orttiradi, oʻz koʻnikmalarini amalda qoʻllaydi.
Vazirlik universitet iqtidorli yoshlar jamoasining moddiytexnik bazasini mustahkamlash maqsadida 3D printer bilan taʼminlashni ham koʻzda tutgan edi. Hajmli namunalardan nusxa oluvchi uskunalar paydo boʻlganiga 30 yildan oshdi, ammo unga uzoq vaqt davomida qimmatbaho uskuna sifatida qaralar va shu sababli qoʻllanish doirasi chegaralangan edi. Biroq keyingi yillarda bu uskunaga eʼtibor oshmoqda. Aksariyat rivojlangan davlatlarda 3D printer texnologiyalarini rivojlantirishga qaratilgan markazlar tashkil etilib, murakkab texnologik mahsulotlarni ishlab chiqarishga sarflanadigan xarajatlar qisqarishiga erishilmoqda. Yaqin kelajakda aynan shu soha boʻyicha yetuk mutaxassislarga talab oshishi ham ayni haqiqat.
Biz hozirdan 3D modellashtirish asoslarini oʻrgatishga qaratilgan oʻquv rejalar tuzdik. Qolaversa, olimlar, xususan, yosh tadqiqotchilarning bilimini oshirish, jahon ilm-fani bilan integratsiyasini taʼminlashning samarali yoʻllaridan biri istiqbolli mutaxassislarning malakasini oshirishni taʼminlashdir. Xorijiy ilmiy markazlar va tadqiqot institutlarida tajriba orttirish taʼlim va amaliyotning bir nuqtada kesishuviga olib keladi. Ilmiy gʻoyalar, tadqiqot va texnologik tajriba almashinuvi ilmiytexnik taraqqiyotning rivojlanishiga salmoqli hissa qoʻshadi.
Andijon tajribasi orqali qoʻlga kiritilgan yutuq va orttirilgan tajribani yurtimizning boshqa hududlariga ham oʻziga xosligidan kelib chiqib, bosqichma-bosqich joriy etish dolzarb vazifalaridan boʻladi. Zero, tuman va qishloqlar aholisi uchun manfaatli loyihalarning yoʻlga qoʻyilishi uzoq joylardagi iqtidor egalarini aniqlab, ularning salohiyatini namoyon etishga xizmat qiladi. Qishloq va tumanlarda yashovchi aholi farovonligini oshirish, qishloq yoshlarining taʼlim olishi va turli zamonaviy koʻnikmalarga ega boʻlishi uchun shart-sharoit yaratish iqtisodiyotimizning malakali kadrlarga ehtiyojini qanoatlantiradi, istiqbolda kambagʻallikni kamaytirishga xizmat qiladi.
Koʻrinib turganidek, hamma gap yangicha fikrlaydigan, zamonaviy tushunchalarga ega va iqtisodiyotning zamonga mos innovatsiyalarini anglab yetgan yangi avlod tadbirkorlarini shakllantirish ustida bormoqda. Innovatsion rivojlanish vazirligi bu borada tadbirkorlarga oʻrnak boʻlishi uchun namuna texnologiyalarni namoyish qilish va koʻmaklashishdan koʻzda tutgan asosiy maqsad ana shu yangi tushunchalarni shakllantirishdir. Prezidentimiz taʼkidlaganidek, Andijon xalqi yangiliklarga intiladigan mard va tanti kishilar.
Marhamat innovatsion poligonida taklif qilinayotgan “buyurtmachi-tadbirkor-buyurtmachi” tizimi kelajakda tadbirkorning qoʻliga oʻtadi va uning oʻzi buyurtmachiga aylanadi. Bu esa mamlakatni innovatsion rivojlantirish strategiyasida nazarda tutilgan “noldan birni yaratish” tizimining mohiyatini koʻrsatib beradi. Mazkur tashabbus keng quloch yoygach, xalq orasida ommalashishi bilan bir qatorda “birdan mingni yaratish” tizimi oʻzoʻzidan ishga tushadi. Tubdan yangilovchi innovatsiyalardan koʻzda tutilgan maqsad ham ana shundan iborat.