“O'zbekiston madaniy merosi — yangi Renessans poydevori” mavzusida o'tkazilgan IV xalqaro kongressda mamlakatimizning dunyoga tarqalib ketgan boy madaniy-ma'naviy merosi turli shakllarda (foto, skaner nusxalar, maxsus al`bomlar) asta-sekin o'z vataniga, haqiqiy vorislariga qaytarilayotgani alohida ta'kidlandi. Shuningdek, yurtimiz muassasalari va xalqimiz qo'lida saqlanib kelayotgan arab alifbosida bitilgan tarixiy merosni aniqlab, ularning ro'yxatini tuzish ishlari olib borilayotgani ham e'tiborga molik.

O'zFA Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti xodimlari bu ezgu ishga o'zlarining salmoqli hissasini qo'shib kelmoqda. Zero, institut qo'lyozmalar fondiga aholidan kelib tushayotgan yozma manbalardagi ma'lumotlar tariximiz, o'zligimizni anglash uchun beminnat xizmat qilishi barobarida, xalqimizning betakror qadim madaniyati, ma'naviyatidan so'zlaydi. Xususan, mutasavvuf olimlar qoldirgan boy yozma meros va ularning jahon tamadduniga qo'shgan hissasi beqiyos. Ana shunday bebaho durdonalardan biri — Shayx Najmiddin Kubro asos solgan Kubroviya tariqatidir. Kubroviya — Xorazmda shakllangan mashhur tariqat. Naqshbandiya va Yassaviya suluklari bo'yicha mamlakatimizda ko'plab tadqiqotlar amalga oshirilgan. Ammo Kubroviya tariqati tarixi va bu yo'nalishga mansub mutasavvuflar faoliyati o'rganilishi haqida bunday xulosaga kelib bo'lmaydi. SHu paytgacha bu mavzuda Xurshid Davron, Sadriddin Salim Buxoriy, Najmiddin Komilov, Matnazar Abdulhakim, Homidjon Homidiy, Muqimjon Mahmud, elyor Karimov kabi mualliflar ayrim tadqiqotlarni amalga oshirgan. Biroq Najmiddin Kubro ijodiy merosi hozirgacha etarli darajada to'liq o'rganilmagan. Najmiddin Kubro 1145 yili Xorazmning Xevaq shahrida tavallud topadi. XII asrning ikkinchi yarmi va XIII asrning birinchi choragida Xorazm gullab-yashnagan diyor edi. Marvdan safarini davom ettirib, bu erga sayohat qilgan Yoqut Hamaviy Xorazmni ko'rib hayratga tushadi: “Xorazmni hijriy 616 yili ko'rganman. Eri yomon va sho'rob, shunga qaramay juda obod, binolari tutashib ketgan, qishloqlari bir-biriga yaqin va uylari ko'p. ekinsiz bo'sh yotgan joylar kam. Obod qilib yuborilgan serdaraxt joylarda imoratsiz mavzelarni uchratmaysiz. Daraxtlarning aksariyati tut va toldan iborat. Tol imoratga ishlatilsa, tut bilan ipak qurti boqiladi. Qishloqlaridan o'tsangiz, bozordan o'tgandek bo'lasiz. Xorazm dunyodagi eng aholiga boy va ulug'vor o'lka ekaniga imonim komil. Aholisining aksariyati tadbirkor va sabr-qanoatli. Har bir shahar va qishloqning to'kin-sochin bozori va ko'plab ustaxonalari bor. Bu joylarda butkul ma'murlik va to'kinlik, tinchlik va osoyishtalik hukmron”. Yoqut al-Hamaviy “Mu'jam ul-buldon” va “Mu'jam ul-udabo” asarlarida yigirma nafardan ortiq xorazmiylar va bu o'lkada ilm-fanning gurkirab rivojlangani haqida turli darajada ma'lumot beradi. Ammo ular orasida Najmiddin Kubroga doir ma'lumot uchramadi. Holbuki, bu paytda u Xorazmning eng taniqli kishilaridan biri edi. SHunga qaramay, Yoqut al-Hamaviy aytganlaridan Najmiddin Kubro yashagan jamiyatda ilmiy va ijodiy muhit qanday bo'lganini aniq bilib olish mumkin. Najmiddin Kubro o'sha davrdagi gurkiragan ijodiy muhit — Xorazmda boshlang'ich ta'limni oladi. Keyinchalik ilmini oshirish maqsadida eron, Misr, Shom va Iroq o'lkalariga boradi. Misrda Ro'zbexon Vazzon Misriydan tariqat ta'limini oladi. Hamadonda shayx Ammor Yosir, Dizfulda Ismoil Qasriy kabi yana bir qancha ustozlardan ilm o'rganadi. U 1185 yili Xorazmga qaytib, ko'plab ilm toliblariga ustozlik qiladi. Ilmda erishgan yuksak yutuqlari tufayli aholi orasida Najmiddan Kubro (dinning yorqin yulduzi) nomiga musharraf bo'ladi. Tariqat ahli uni Shayx Valitarosh (avliyolar tarbiyachisi) deya e'zozlaydi.

O'tgan asrda Najmiddin Kubro ham Xoja Ahmad Yassaviy, Xoja Ubaydulloh Ahror, So'fi Olloyor singari so'fiylar qatorida “qora ro'yxat”da turardi. U o'z umrining ko'pi toat-ibodat bilan o'tganiga achinib, dinga qarshi norozilik bildirgan, degan mazmunda butunlay teskari talqin etilardi. Tabiiyki, bunday sayoz, noto'g'ri fikrlar sho'roviy g'oyalar va ateistik qarashlar ta'sirida shakllangan. Xayriyatki, uning shaxsi, ijodi endilikda tom ma'noda adolatli, ilmiy asoslangan holda tavsiflanadi. Najmiddin Kubro hayoti davomida “Favoih ul-jamol va favotih ul-jalol” (Jamol iforlari va jalol kashfi), “Al-Usul al-ashara” (O'n usul), “Risola at-turuq” (Tariqatlar risolasi), “Risolat al-xoif al-hoim min lavm al-loim” (Malomatchining malomatidan hazar qiluvchi haqida risola), “Risolai irfon” (Irfon haqida risola), “Fi odob us-solikin” (Solihlar odobi haqida), “Minhoj as-solikin” kabi yana bir qancha asarlar yozgan. erondagi “Kutubxonai majlisi Sho'roviyi milliy” kutubxonasidan hazratning o'nga yaqin asari va risolasi skaner nusxalarini olishga muvaffaq bo'ldik. Ularning ko'pchiligi hozircha bizdagi Abu Rayhon Beruniy nomidagi Sharqshunoslik instituti qo'lyozmalar xazinasida uchramagan. Shunga ko'ra, bu qo'lyozmalar o'zbekistonlik tadqiqotchilar uchun qimmatli manbalar hisoblanadi. Najmiddin Kubro Qur'onga sharh yozishga kirishgan edi. Biroq mo'g'ullar bosqini oqibatida bu ishini oxiriga etkaza olmagan. U tariqatga oid asarlarida tasavvufdagi turli masalalarga to'xtaladi. Tasavvufiy istilohlarga tiniq tushuntirishlar beradi. Masalan, u tariqatdagi “maqom” tushunchasini: “Maqom — yo'lchilik yurg'inligidan qutulmoq uchun istirohat va qo'noqlamakdir. Hol — qushning ikki qanoti, maqom uning uyasi yanglig'dir”, deb juda tushunarli izohlaydi. Najmiddin Kubro “Usuli ashara” risolasida o'limni besh turga ajratadi: 1. Mavti irodiy — insonning borliq va dunyoviy narsalardan tamoman xalos bo'lishi, fanoyi kulliyga etishishi. 2. Mavti ahmar — “qirmizi o'lim”. Nafsning istaklariga qarshi tura olish, chidamda ularni bartaraf etish demakdir. 3. Mavti abyaz — “oq o'lim”. Ochlik yo'li bilan nafs va tamani zabun aylash. Shunda ko'ngil poklanib, shaffoflik, ya'ni oqlik kasb etadi. 4. Mavti axzar — “yashil o'lim”. Yamoqdan kiyim tikmak va kiymak. Chunki yangi va chiroyli kiyim o'zgalarning diqqatini jalb qiladi. Bu shuhrat nishonasi hisoblanadi. 5. Mavti asvad — “qora o'lim”. Bu — qayg'u va musibatlarga tahammul etish, xalqu xaloyiqning har qanday jabru jafosiga chidashdir. Tarixga nazar tashlasak, hamisha ma'rifat ustuvor bo'lgan jamiyatda yuksalish — Renessans voqeasi sodir bo'ladi. Tadqiqotchilarning bugungi kunda qadimgi qo'lyozma manbalarni tadqiq etishi, o'tmish va bugun, ajdodlar va avlodlarni bir-biriga yaqinlashtirish yo'lidagi urinishlari ham yurt yuksalishi sari tashlangan davomli jiddiy qadamdir. Asrlar davomida vatanparvarlik timsoli bo'lib xizmat qilib kelayotgan, Shayx Valitarosh nomi bilan shuhrat qozongan Najmiddin Kubroning madaniy-ma'naviy merosi ham biz uchun qadrli va e'zozlidir. Ularda shaxs tarbiyasi, jamiyat tinchligi va ravnaqiga xizmat qiladigan, dunyo va o'zlikni anglashga oid qimmatli mulohazalar doim dolzarb masala bo'lib kelgan.