«Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov ushbu nufuzli sammit doirasida xalqaro anjumanga tashrif buyurgan qator xalqaro tashkilotlar, dunyoning etakchi «aql markazlari» hamda nufuzli kompaniyalar rahbarlari bilan hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan uchrashuvlarni o'tkazdi.

Tashrifning dastlabki kunida E.Tulyakov dunyoning 35 ta davlatida «D'S DAMAT» brendi ostida nom qozongan, Turkiyada tekstil mahsulotlarini ishlab chiqarishda yetakchi sanalmish «DAMAT» kompaniyasi boshqaruv kengashi a'zosi Kubra Orakchio'g'lu Kazan bilan uchrashdi. Muloqot chog'ida E.Tulyakov O'zbekistonda tekstil sohasini rivojlantirish bo'yicha amalga oshirilayotgan ishlar, yutuq va imkoniyatlar, shuningdek umumiy iqtisodiy ko'rsatkichlar haqida so'zlab berdi.

O'z navbatida, K.Orakchio'g'lu O'zbekistonning tekstil mahsulotlarini ishlab chiqarish bo'yicha salohiyati, xususan mintaqani tekstil xabiga aylantirish borasidagi imkoniyatlariga to'xtalib, mamlakatda «DAMAT» kompaniyasi faoliyatini yo'lga qo'yish istagi borligini bildirib o'tdi.

Uchrashuv yakunida E.Tulyakov Markaz jamoasi O'zbekistonda «DAMAT» kompaniyasi faoliyatini yo'lga qo'yish borasida ikki tomonlama hamkorlik aloqalarini o'rnatishga ko'maklashishga tayyor ekanligini ma'lum qildi.

Turkiyaning «Otokar Koc Group» kompaniyasi faoliyati bilan tanishildi

Shuningdek, O'zbekiston delegatsiyasining Turkiyaga tashrifi doirasida «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov hamda Toshkent shahar hokimi Jahongir Artikxodjayev 1963 yildan buyon fuqaro transportlarini ishlab chiqarish bilan shug'ullanib kelayotgan Turkiyaning «Otokar Koc Group» kompaniyasi ma'sullari bilan uchrashdi.

Uchrashuvda Toshkent shahrida «Otokar» elektr avtobuslarlari qatnovini yo'lga qo'yish imkoniyatlari muhokama qilinib, shu maqsadda, «Otokar» elektr avtobusi «test drayv» – sinovdan o'tkazildi. Yakunda hamkorlik masalalari va imkoniyatlarini batafsil o'rganib chiqishga kelishib olindi.

Tejamkor sug'orish texnologiyalaridan foydalanish zamon talabi

Sammit doirasida «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori Eldor Tulyakov hamda tejamkor sug'orish texnologiyalariga ixtisoslashgan «Hydrain» kompaniyasi vakili – loyiha menejeri Tunja Toprak o'rtasida ham uchrashuv bo'lib o'tdi. 

Muloqot avvalida, E.Tulyakov tomonidan O'zbekistonda bugungi global iqlim o'zgarishlaridan kelib chiqqan holda yer va suv resruslaridan samarali foydalanish, agrobiznes uchun qulay shart-sharoitlar yaratish, shuningdek ilmiy yutuqlardan samarali foydalangan holda yashil energetika sohasini rivojlantirish, muqobil energiya manbalaridan foydalanish borasida erishilgan yutuqlar hamda bu borada 2022–2026 yillarga mo'ljallangan Yangi O'zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida belgilangan maqsadlar bo'yicha so'z yuritdi.

O'z navbatida, T.Toprak O'zbekiston va Markaziy Osiyo mintaqasi iqlim sharoitlaridan kelib chiqib, yomg'ir va yer osti suvlari rezervuarini barpo qilish va ulardan samarali foydalanish texnologiyalariga qaratilgan loyihalarni birgalikda amalga oshirish taklifini ilgari surdi.

T.Toprak O'zbekistonda tabiiy resurslar, xususan suv manbalaridan qishloq xo'jaligi va kundalik hayotda oqilona foydalanish, sohaga yuqori va tejamkor texnologiyalarni joriy qilish bo'yicha olib borilayotgan amaliy chora-tadbirlarga e'tibor qaratib, mazkur masalada Turkiyaning mutasaddi tashkilotlari va xususiy biznes doiralari tajribasini o'zbekistonlik hamkorlar bilan muhokama qilish muhim ahamiyatga ega ekanligini alohida ta'kidlab o'tdi.

Tibbiyot sohasidagi hamkorlik odimlari

Do'stona muloqot va hamkorlik aloqalarini mustahkamlashga qaratilgan uchrashuvlar sammitning so'nggi kunida ham davom etdi. Xususan, «Taraqqiyot strategiyasi» markazi ijrochi direktori E. Tulyakov XXV Yevroosiyo iqtisodiy sammiti ishtirokchisi «Anadolu shifoxonalari» guruhi rahbariyati – Ijroiya Kengashi a'zosi Shukru Shimshir bilan uchrashdi.

«Anadolu shifoxonalari» guruhi 1993 yilda tashkil topgan bo'lib, Antaliya viloyatida 7 ta ko'p tarmoqli shifoxona va Turkiya bo'ylab bir nechta poliklinikalarga ega. Markaziy boshqaruv apparati – «Anatolia International» xorijiy bemorlar bilan bog'liq masalalarni muvofiqlashtiradi. Bugungi kunda «Anadolu shifoxonalari» guruhi asosan kardiologiya, oftalmologiya, urologiya, allergologiya, gastroentologiya, radiologiya, ginekologiya, neyrofizilogiya va pulmonologiya yo'nalishlarida faoliyat yuritib kelmoqda.

Uchrashuvda E. Tulyakov va Sh.Shimshir «Anadolu shifoxonalari» guruhining o'zbekistonlik shifokorlar bilan hamkorlikni yo'lga qo'yishi, xususan tibbiyot sohasi boshqaruvi, kadrlar malakasini oshirish, tajriba almashish, O'zbekistonga ilg'or tibbiyot texnologiyalari va tibbiy asbob-uskunalarni olib kirish, yangi zamonaviy shifoxonalar qurish bo'yicha muzokaralar olib borish masalasini muhokama qilishdi.

O'z o'rnida, E.Tulyakov «Anadolu shifoxonalari» guruhi vakillarini O'zbekistonga taklif qilib, mutasaddi vazirlik va idoralar bilan uchrashuvlarni tashkil etishga tayyorligini bildirib o'tdi. Shuningdek,  E.Tulyakov O'zbekistonda tibbiyot sohasini rivojlantirish, aholiga tibbiy xizmat ko'rsatish sifatini yaxshilash borasida olib borilayotgan sa'y-harakatlar hamda erishilgan natijalar bo'yicha ma'lumot berib, ushbu islohotlar Taraqqiyot strategiyasi doirasida izchil davom ettirilishi, xususan, sohada xususiy sektor ulushini 25 foizga yetkazish, tibbiy xizmat ko'rsatish qamrovini kengaytirish, byudjet mablag'laridan samarali foydalanish, tibbiy xizmatlarni markazlashtirish va aholini tibbiy sug'urtalash amaliyotini joriy qilish kabi maqsadlar belgilanganligini alohida e'tirof etdi.

Uchrashuv yakunida yuqoridagi masalalarning joriy holatini o'rganish va ularni hal etishga doir zarur chora-tadbirlarni amalga oshirish yuzasidan alohida «Yo'l xaritasi»ni ishlab chiqish to'g'risida kelishuvga erishildi.

«Taraqqiyot strategiyasi» markazi

Axborot xizmati