Markaziy bank bir foydalanuvchiga beriladigan bank kartalari sonini eʼlon qildi

    Markaziy bank bir mijozga beriladigan bank kartalari sonini vaqtincha chekladi. Endi bir bankda 5 tagacha, jami esa 20 tagacha, shu jumladan, virtual va kobeydjing kartalarini (valyuta kartalaridan tashqari) olish mumkin.

    Qayd etilishicha, markaziy bank tomonidan “banklar tomonidan bitta jismoniy shaxsga (bitta JSHSHIRga) kartalar sonini bitta bankda 5 tagacha, barcha banklarda 20 tagacha emissiya qilish mumkinligi” boʻyicha vaqtinchalik tartib ishlab chiqilgan.

    Bunda kartalar soni virtual va kobeydjing kartalarini inobatga olgan holda belgilangan (chet el valyutasida ochilgan bank kartalariga tatbiq etilmaydi). Mazkur tartib xizmat doirasida foydalanish uchun boʻlib, u tijorat banklariga ijro uchun joʻnatilgan.

    Tartibni amal qilish muddati 2025-yilning 1-yanvaridan 31-dekabriga qadar etib belgilangan.