Iqtisodiyotda narxlarni oshiruvchi xatarlarning ortishi va pandemiya bilan bogʻliq vaziyatning keskinlashib borishi sharoitida joriy yil uchun inflyatsiyaning prognoz koʻrsatkichlariga erishish hamda iqtisodiy faollikni qoʻllab-quvvatlash oʻrtasidagi muvozanatni saqlash maqsadida Markaziy bankning asosiy stavkasi 14 foiz darajasida oʻzgarishsiz qoldirilib, foiz koridori +/-2 foiz bandgacha kengaytirildi.

Bunda, iqtisodiy faollik va yalpi talabning kutilganidan koʻra tezroq surʼatlarda oʻsishini, iqtisodiyotga yoʻnaltirilayotgan moliyaviy resurslar hajmining sezilarli darajada oshganligi, inflyatsion kutilmalarning yuqoriligi va oziq-ovqat mahsulotlari taklifi bilan bogʻliq inflyatsion xatarlar joriy pul-kredit sharoitlarini saqlab qolishni hamda uning instrumentlariga maʼlum bir oʻzgaritirishlar kiritishni taqozo etmoqda.

Iqtisodiy faollik va yalpi talab. Joriy yilning II choragi boʻyicha mamlakatimizda iqtisodiy faollikning jadallashishi davom etib, aksariyat tarmoqlarda oʻsish koʻrsatkichlari pandemiyagacha boʻlgan darajaga yetdi.

2021-yilning I yarim yilligida yalpi ichki mahsulot real hajmda oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 6,2 foizga oshdi. Ushbu yuqori oʻsish koʻrsatkichi, birinchidan, 2020-yilning yanvar-iyun oylaridagi past baza effekti bilan, ikkinchidan, fiskal ragʻbatlantirishlar va iqtisodiyotga yoʻnaltirilgan kreditlar hisobiga yalpi talabning qoʻllab-quvvatlanishi bilan izohlanadi.

Bunda, iqtisodiyotning sanoat mahsulotlarini ishlab chiqarish va xizmat koʻrsatish sohalarida oʻsish surʼatlarining (mos ravishda 8,5 va 18,3 foiz) pandemiyagacha boʻlgan davr koʻrsatkichlarigacha yetganligi kuzatilgan boʻlsa, qishloq xoʻjaligi (1,8 foiz) va qurilish ishlari (0,1 foiz) sohalarida 2020-yilda yuqori oʻsish surʼatlari saqlanib qolinganligi hisobiga joriy yilgi koʻrsatkichlarda sezilarli oʻsish kuzatilmadi, mazkur koʻrsatkichlar ikkinchi yarim yillikda yaxshilanishi kutilmoqda.

Iqtisodiyotda talab hajmining oʻsib borishi, oʻz navbatida, isteʼmol tovarlari ishlab chiqarish hajmining oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 7,7 foizga, chakana savdo aylanmasining 9 foizga oshishida ham namoyon boʻldi.

Tijorat banklari kreditlari, qarz mablagʻlari hamda xorijiy kredit liniyalari investitsion talab oʻsishining asosiy drayveri boʻlib xizmat qildi. Birinchi yarim yillikda asosiy kapitalga yoʻnaltirilgan markazlashmagan investitsiyalar hajmi oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 15 foizga oshdi.

Umuman olganda, yanvar-iyun oylarida tijorat banklari tomonidan oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 1,4 barobarga koʻp kreditlar ajratildi va iqtisodiyotga kredit qoʻyilmalari qoldigʻi yil boshiga nisbatan 8,7 foizga oʻsdi.

Shu bilan birga, joriy yilning fevral oyida davlat sektorida ish haqlarining oshirilishi, I yarim yillikda pandemiya bilan bogʻliq vaziyatning nisbatan barqaror boʻlganligi hisobiga xususiy sektorda ham iqtisodiy faollikning yaxshilanishi aholi daromadlarini tiklanishiga xizmat qildi. Xususan, I yarim yillikda aholining real daromadlari 10,8 foizga oshib, isteʼmol talabini ragʻbatlantiruvchi omillardan boʻldi.

Asosiy eksport tovar pozitsiyalari boʻyicha tashqi konyunkturaning yaxshilanib borishi fonida eksport tushumlari hamda transchegaraviy pul oʻtkazmalari hajmi yilning dastlabki olti oyida oʻtgan yilning mos davriga nisbatan 1,4 barobarga oʻsdi.

Tashqi inflyatsion vaziyat keskinligicha saqlanib qolmoqda. Xususan, 2021-yil boshidan Xitoydan tashqari boshqa asosiy savdo hamkorlarda inflyatsiya darajasining Markaziy bank target koʻrsatkichlariga nisbatan yuqori boʻlishi, ushbu davlatlarda asosiy stavkani oshirish va pul-kredit siyosatini qatʼiylashtirish boʻyicha taʼsirchan choralar koʻrilishiga sabab boʻlmoqda.

Inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar. 2021-yilning iyun oyi yakunlari boʻyicha yillik inflyatsiya darajasi may oyida kuzatilgani kabi 10,9 foizni tashkil etib, soʻnggi toʻrt-besh oydan beri deyarli oʻzgarishsiz shakllanmoqda.

Iyun oyi yakunlari boʻyicha oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining yillik oʻsishi 14,7 foizni tashkil etib, umumiy inflyatsiyaga eng asosiy oshiruvchi hissa qoʻshdi. Taʼkidlash joizki, may-iyul oylarida ushbu guruhdagi meva va sabzavotlar narxlarida kutilganidek mavsumiy pasayish surʼatlari kuzatilmadi.

Oziq-ovqat mahsulotlari narxlarining oʻsuvchi dinamikasi koʻproq ishlab chiqarish, ob-havo sharoitlari, hosildorlik darajasi, umuman olganda, taklif bilan bogʻliq omillar taʼsiri bilan izohlanadi.

Inflyatsiyaning barqaror komponentlaridan tashkil topgan nooziq-ovqat va xizmatlar narxlarida iyun oyida yillik oʻsish surʼatlari mos ravishda 8,2 va 8,1 foizni tashkil etib, umumiy inflyatsiyani prognoz doirasida sekinlashishiga xizmat qilmoqda.

Mavsumiy tebranuvchan meva va sabzavotlar hamda tartibga solinadigan tovarlar narxlari (tariflari) oʻzgarishini istisno qilish orqali hisoblanadigan bazaviy inflyatsiya darajasi iyun oyida umumiy inflyatsiya darajasidan pasayib, 10,2 foizni tashkil qildi.

Iyun oyida oʻtkazilgan soʻrovlarga koʻra kelgusi 12 oy uchun aholining inflyatsion kutilmalari 16,3 foizni tashkil etib, mart oyiga nisbatan 0,8 foiz bandga oʻsdi. Kutilmalarning kelgusi dinamikasi koʻproq asosiy oziq-ovqat tovarlari narxlarining barqarorlashuvi va almashuv kursi dinamikasiga muvofiq tarzda shakllanib boradi.

Pul-kredit sharoitlari. Joriy yilning II choragi davomida iqtisodiyotga yoʻnaltirilayotgan mablagʻlar hajmining yuqori surʼatlarda ortishi taʼsirida bank tizimida likvidlikning tarkibiy profitsitining oʻsib borishi hamda banklararo pul bozoridagi sharoitlarning sezilarli darajada yumshashi kuzatildi va iyun oyida oʻrtacha tortilgan foiz stavkalar 11 foizgacha pasaydi.

Umumiy likvidlikning ortishi tijorat banklarining pul bozoridagi faolligining sezilarli pasayishiga olib keldi. Xususan, 2021-yilning II choragida pul bozorida oʻrtacha oylik operatsiyalar hajmi I chorakdagi koʻrsatkichga nisbatan 1,4 barobarga kamaydi.

Qisqa muddatli pul resurslari bozorida foiz stavkalarining pasayishiga qaramay, uzoq muddatli resurslar bozorida vaziyat barqarorligicha saqlanib qolmoqda.

Xususan, iyun oyida milliy valyutadagi depozitlar foiz stavkalarida may oyiga nisbatan sezilarli oʻzgarish kuzatilmadi.

Jismoniy shaxslarning milliy valyutadagi depozitlari boʻyicha oʻrtacha tortilgan stavkalar 19,5 foiz, yuridik shaxslarniki boʻyicha
esa 15,8 foiz darajasida shakllandi.

Milliy valyutadagi depozitlar boʻycha real foiz stavkalarning ijobiy saqlanib qolayotganligi va almashuv kursining joriy tendensiyalari sharoitida milliy valyutadagi muddatli depozitlar hajmi oʻsish dinamikasi iyun oyida ham davom etdi. Xususan, yil boshidan milliy valyutadagi jami muddatli depozitlar 24,3 foizga, jumladan, jismoniy shaxslarning milliy valyutadagi muddatli depozitlari 33,3 foizga oʻsdi.

Kreditlar boʻyicha foiz stavkalarida yil boshiga nisbatan biroz oʻsish kuzatildi. Bunda, jismoniy shaxslarga ajratilgan kreditlar boʻyicha oʻrtacha tortilgan foiz stavkalari 22,2 foizni tashkil etgan boʻlsa, yuridik shaxslarga ajratilgan kreditlar boʻyicha – 20,8 foizni tashkil etdi.

Ayni paytda, kreditlar boʻyicha real foiz stavkalarining
9-10 foizlik darajada shakllanayotganligi hamda yuqori iqtisodiy va investitsion faollik sharoitida asosiy stavkani oshirilishi iqtisodiyotda real foiz stavkalarini yana-da oʻsishiga olib kelishi mumkin.

Markaziy bank Boshqaruvining avvalgi yigʻilishida taʼkidlanganidek, bank tizimidagi likvidlikni qisqa muddatli tartibga solish boʻyicha operatsiyalar hajmlari oshirilishiga qaramasdan, iqtisodiyotga markazlashgan manbalardan yoʻnaltirilayotgan mablagʻlarning notekis taqsimlanishi natijasida pul bozoridagi foiz stavkalarni Markaziy bank foiz koridoridan chetlashish holatlari kuzatilishi davom etmoqda. Bu, oʻz navbatida, Markaziy bank tomonidan pul-kredit siyosati instrumentlariga tegishli oʻzgartirishlar kiritishni taqozo qilmoqda.

Shu munosabat bilan, 2021-yilning 1-avgustidan boshlab:

asosiy stavka foiz koridori +/-2 foiz band etib belgilanadi, bunda Markaziy bank tomonidan qisqa muddatli resurslarni taqdim etish 16 foizlik stavkada, qisqa muddatli resurslarni jalb qilish 12 foizlik stavkada amalga oshiriladi;

tijorat banklari bilan Markaziy bankning overnayt depozit operatsiyalari doimiy ravishda cheklovlarsiz oʻtkazib boriladi;

majburiy rezervlar boʻyicha oʻrtachalash koeffitsiyenti 0,75 dan 0,8 gacha oshiriladi;

tijorat banklari tomonidan xorijiy valyutada jalb qilingan depozitlar boʻyicha majburiy rezervlar normativi 14 foizdan 18 foizgacha oshiriladi.

Majburiy rezervlar normativlari boʻyicha kiritilgan oʻzgartirishlar, oʻz navbatida, iqtisodiyotda dollarlashuv darajasini pasayishiga xizmat qiladi.

Markaziy bank pul bozoridagi vaziyatni doimiy kuzatib borib, foiz stavkalarni asosiy stavkaga yaqin va foiz koridori doirasida shakllanishi boʻyicha barcha zaruriy choralarni koʻrib boradi.

Prognoz va xatarlar. Joriy yilning birinchi yarim yilligida shakllangan tashqi va ichki iqtisodiy sharoitlarni inobatga olib 2021-yil oxirigacha makroiqtisodiy koʻrsatkichlarning prognozlari qayta koʻrib chiqildi.

Bunda, joriy yil yakunlari boʻyicha yalpi ichki mahsulotning real oʻsish surʼati prognozi 5,8-6,8 foizgacha oshirildi (dastlabki prognoz 4,5-5,5 foiz). Bu, oʻz navbatida, fiskal ragʻbatlantirishlar taʼsirida iqtisodiy faollik va yalpi talabning kutilganidan yuqori surʼatlarda oʻsayotganligi, yil oxirigacha ishlab chiqarish manfiy tafovutining qisqarishi va asosiy kapitalga yoʻnaltirilgan investitsiyalar oʻsish surʼatlarining tiklanishi bilan izohlanadi.

Inflyatsiya boʻyicha 2021-yil uchun prognoz koʻrsatkichi 9-10 foiz darajasida oʻzgarishsiz qoldirildi. Yil soʻngigacha inflyatsiya prognoziga pul-kredit sharoitlarining nisbatan qatʼiy saqlanib qolishi, pul-kredit instrumentlari toʻplamiga kiritilayotgan oʻzgartirishlar, valyuta bozorida kuzatilayotgan barqaror tendensiyalar, tegishli vazirlik va idoralar bilan inflyatsiyaning nomonetar omillari taʼsirini pasaytirish boʻyicha koʻrilayotgan choralarni jadallashtirish orqali erishiladi.

Moliyaviy ragʻbatlantirishlar taʼsirida yalpi talabning tez surʼatlarda tiklanishi fonida taklif hajmlarining unga mutanosib tarzda shakllanishi uchun maʼlum vaqt talab qilishi narxlarga bosimni yuzaga keltirishi mumkin.

Iqtisodiyotda sezilgan inflyatsiya va inflyatsion kutilmalar darajasining yuqori qolayotganligi hamda ularning asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlari oʻzgarishiga taʼsirchanligining yuqoriligi inflyatsion vaziyatni yana-da kuchaytirishi mumkin.

Kelgusi oylarda pandemiya bilan bogʻliq vaziyatning oʻzgarishi sharoitida dori-darmonlar, tibbiy xizmatlar va asosiy oziq-ovqat mahsulotlari narxlarini keskin oshishini oldini olish, karantin bilan bogʻliq cheklovlarning umumiy ovqatlanish, transport va yetkazib berish xizmatlari sohalaridagi narxlarga taʼsirini kamaytirish boʻyicha choralar koʻrish muhim ahamiyat kasb etadi.

Goʻsht mahsulotlari va qoramollar importi hajmining oshib borishiga qaramay ichki bozorlarda goʻsht mahsulotlari narxlarining oʻsish dinamikasining saqlanib qolishi, hududlarda chorva uchun zaruriy ozuqa bazasini koʻpaytirish va mahalliy ishlab chiqarish hajmlarini oshirish orqali ushbu mahsulotlarning barqaror taklifini shakllantirish boʻyicha tizimli ishlarni amalga oshirishni taqazo etadi.

Shuningdek, iqtisodiyotga yoʻnaltirilayotgan mablagʻlarning samaralari qayta taqsimlanishi, ularning ichki bozordagi narxlarga taʼsirini minimallashtirishga xizmat qiladi.

Markaziy bank tashqi va ichki iqtisodiy sharoitlar taʼsirida yuzaga keladigan inflyatsion omillar va xatarlarni sinchikovlik bilan oʻrganib, ularni bartaraf etish boʻyicha tegishli choralar koʻrib boradi.

Asosiy stavkani koʻrib chiqish boʻyicha Markaziy bank Boshqaruvining navbatdagi yigʻilishi 2021-yil 9-sentyabr kuniga belgilangan. Yigʻilish yakunlari boʻyicha press-reliz eʼlon qilinadi.