Ijtimoiy tarmoqlarda tijorat banklarida jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga, terrorizmni moliyalashtirishga va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirishga qarshi kurashish boʻyicha ichki nazorat qoidalariga kiritilgan oʻzgartirish va qoʻshimchalar yuzasidan bildirilayotgan fikrlar borasida Markaziy bank quyidagilarni maʼlum qiladi.
Ichki nazorat qoidalarining 49-bandiga kiritilgan dastlabki 2 ta xatboshisida keltirilgan mezonlar jismoniy shaxslar oʻrtasidagi kartadan kartaga pul oʻtkazmalari orqali amalga oshiriladigan noqonuniy operatsiyalarni aniqlashga qaratilgan.
Bunday operatsiyalar turiga noqonuniy qimor va garov oʻyinlari boʻyicha operatsiyalar, firibgarlik holatlari va boshqalar kiradi. Bugungi kunda mazkur turdagi operatsiyalarning tahlili shuni koʻrsatmoqdaki, bunday noqonuniy operatsiyalar quyidagi yoʻllar bilan:
bir jismoniy shaxs tomonidan turli banklarda ochilgan bir nechta bank kartalari yordamida yirik miqdordagi pul mablagʻlarini boʻlib-boʻlib oʻtkazish orqali;
pul mablagʻlarini konversiya qilish yoki naqdlashtirish maqsadida turli banklarda ochilgan bir nechta bank kartalaridan mablagʻlarni bitta kartaga oʻtkazish;
bitta jismoniy shaxs kartasidan boshqa jismoniy shaxslarning bank kartalariga yoki elektron hamyonlariga maʼlum vaqt ichida koʻp miqdorda pul mablagʻlarini oʻtkazilishi va aksincha, bitta jismoniy shaxs kartasiga boshqa shaxslarning bank kartalaridan yoki elektron hamyonlaridan pul mablagʻlarini kelib tushishi orqali amalga oshirilayotganligi kuzatilmoqda.
Amaldagi qonunchilik hujjatlariga yangi kiritilgan oʻzgartirishlarda yuqorida taʼkidlangan operatsiyalarni aniqlash uchun operatsiyalarni amalga oshirilishi davriyligi va miqdoriga tegishli mezonlar kiritildi.
Shuni alohida taʼkidlash zarurki, ushbu yangi qoidalar jismoniy shaxslarning omonatlarini elektron hamyonlariga yoki bank kartalariga qaytarilishi, shuningdek, tovar va xizmatlar uchun toʻlovlar, xususan, ipoteka krediti yoki avtokredit boʻyicha boshlangʻich badal toʻlovi bilan bogʻliq operatsiyalarga tatbiq etilmaydi.
Yaʼni shubhali operatsiyalarni aniqlashda omonat va kredit hisobvaraqlari orqali amalga oshirilgan operatsiyalar hisobga olinmaydi va maxsus vakolatli davlat organiga taqdim etilmaydi.
Bugungi kunda tijorat banklari tomonidan oʻz tavakkalchiliklaridan kelib chiqqan holda, mobil ilovalarda bir jismoniy shaxs tomonidan biriktiriladigan bank kartalari soniga yoki operatsiyalar summasiga nisbatan chegaraviy monitoring mezonlari joriy qilingan.
Iqtisodiy jinoyatlarga qarshi kurashish departamenti soha boʻyicha maxsus vakolatli davlat organi boʻlib, barcha tashkilotlardan yuborilayotgan pul mablagʻlari va boshqa mol-mulk bilan bogʻliq shubhali operatsiyalar toʻgʻrisidagi xabarlarni saralash, qayta ishlash hamda tahlil qilish orqali jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirish holatlarini aniqlaydi.
Shu sababli, qayd etilgan mezonlarga muvofiq keluvchi operatsiyalar maxsus vakolatli davlat organiga banklararo oʻtadigan jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirish, terrorizmni va ommaviy qirgʻin qurolini tarqatishni moliyalashtirish bilan bogʻliq operatsiyalarni aniqlash maqsadida umumiy tahlilni amalga oshirish uchun yuboriladi.