Markaziy bank “PayPal”ga nisbatan cheklov oʻrnatganmi?

    Bilasizmi? 30 Oktabr 2020 4490

    “PayPal” xalqaro elektron pul tizimining Oʻzbekistonda faoliyat yuritishi mumkinligi borasidagi xabarlarga aniqlik kiritildi.

    “PayPal” oʻzi nima?

    “PayPal” – bu xalqaro toʻlov tizimi boʻlib, AQSHning PayPal Holdings Inc. kompaniyasi tomonidan tashkil etilgan. Tashkiliy-huquqiy shakli jihatidan ochiq aksiyadorlik jamiyati (public company) hisoblanadi va aksiyalari NASDAQ birjasida savdo qilinadi.

    Mazkur toʻlov tizimida toʻlovlarni amalga oshirish maqsadida bank kartalari (“Visa”, “MasterCard”, “AmEx” va h.k.) biriktiriladi va ular orqali pul mablagʻlarini elektron hamyonlarga kirim qilish hamda pulni qaytarib olish imkoniyati mavjud. Toʻlov tizimi tomonidan undiriladigan haq (komissiya) toʻlovning turiga qarab 3,4 foiz+$0,30 gacha, valyutalar konvertatsiyasida esa 3,9 foizni tashkil etadi. (manba: https://paypal.com/ru/webapps/mpp/ua/useragreement-full)

    “PayPal” Oʻzbekiston uchun nimaga kerak?

    Oʻzbekistonda faoliyat yuritayotgan dasturchi-frilanserlar oʻzlari yaratgan dastur va raqamli kontentni (reklama, oʻyin tokenlari va boshqalarni) chet ellik mijozlarga (xaridorlarga) sotish uchun turli xil elektron platformalardan foydalanadilar. Mazkur platformalar tomonidan dastur yoki raqamli kontentdan tushgan mablagʻlar yigʻilib, dasturchi-frilanserlarga toʻlab beriladi.

    Mahalliy dasturchilarning bergan maʼlumotlariga koʻra, elektron platformalarning koʻpchiligi, xususan, eng yirik “Google PlayMarket” yoki “Apple AppStore” ilovalar doʻkoni tomonidan oʻzbekistonlik dasturchilarga toʻlovlar bank kartalari yoki odatiy bank pul oʻtkazmalari orqali hech qanday muammolarsiz toʻlab berilmoqda.

    Biroq ayrim ixtisoslashgan platformalarda, xususan, “Upwork”, “Fiverr” yoki oʻyin tokenlari sotiladigan “Envato”, “Storyblocks” va shunga oʻxshash tizimlarda toʻlovlar faqat “PayPal” toʻlov tizimi orqali amalga oshirilishi mumkin.

    Muammo oʻzi nimada?

    Hozirgi kunda “PayPal” toʻlov tizimida elektron hamyonlarni Oʻzbekiston hududida muomalaga chiqarilgan bank kartalarini biriktirgan holda pul mablagʻlari bilan toʻldirish imkoniyati mavjud emas. Mazkur cheklovni ushbu toʻlov tizimi Oʻzbekistonda biror davlat organi yoki boshqa tashkilot bilan kelishmagan, muhokama qilmagan holda mustaqil ravishda oʻrnatgan.

    Bundan tashqari, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2018-yil 14-maydagi “Elektron tijoratni jadal rivojlantirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi PQ–3724-sonli qarori ijrosini taʼminlash maqsadida Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi tomonidan “PayPal” kompaniyasi bilan oʻtkazilgan dastlabki muzokaralarda kompaniya yaqin kelajakda mazkur tizimni respublikamizda joriy etish rejalashtirilmaganligini bildirgan.

    Markaziy bank “PayPal”ga nisbatan cheklov oʻrnatganmi?

    Markaziy bank aholi va tadbirkorlik subyektlari uchun xorijiy toʻlov tizimiga ulanish, shuningdek, respublika banklari tomonidan muomalaga chiqarilayotgan “Visa”, “MasterCard”, “UnionPay” yoki “MIR” kartalarini xorijdagi elektron hamyonlarga biriktirish yuzasidan hech qanday cheklov oʻrnatmagan. Misol uchun, bugungi kunda fuqarolarimizning “WebMoney”, “QIWI” va boshqa shunga oʻxshash xorijiy elektron hamyonlar tizimlaridan foydalanishi tobora keng tus olmoqda.

    “PayPal” oʻrnatgan cheklovni Markaziy bank bekor qila oladimi?

    Markaziy bank tomonidan xorijiy davlatlarning ilgʻor tajribasi, xalqaro norma va qoidalarini oʻrganish asosida ishlab chiqilgan Oʻzbekiston Respublikasining “Toʻlovlar va toʻlov tizimlari toʻgʻrisida”gi Qonunida (OʻRQ-378, 2019-yil 1-noyabr) elektron pullar muomalasiga, shuningdek, toʻlov tizimlari ustidan nazorat va kuzatuv vakolatiga doir normalar oʻrin olgan.

    Shunga koʻra, Markaziy bankning toʻlov tizimlari ustidan nazorat va kuzatuv vakolati respublikamiz hududida faoliyat yurituvchi toʻlov tizimlari faoliyatiga tegishli boʻlib, boshqa davlatlar, jumladan, AQSHda tashkil etilgan va faoliyat yuritayotgan toʻlov tizimlariga taalluqli emas.

    Markaziy bankning toʻlov tizimlari ustidan nazorat va kuzatuv vakolati doirasida “PayPal” toʻlov tizimidagi Oʻzbekistonda muomalaga chiqarilgan kartalarga nisbatan oʻrnatilgan cheklovni maʼmuriy yoʻl bilan bekor qilish imkoniyati mavjud emas.

    Qachonki “PayPal” toʻlov tizimi Oʻzbekistonda tegishli boʻlinma ochib, milliy valyuta – soʻmda toʻlovlar va amaliyotlarni amalga oshirmoqchi boʻlsa (Rossiyada faoliyat yuritayotgan OOO NKO “PeyPal RU” kabi), u holda amaldagi qonunchilikka koʻra, “PayPal” Markaziy bankdan tegishli litsenziya olishi va oʻrnatilgan tartibda nazorat va kuzatuv ostida boʻlishi talab qilinadi.

    Dasturchi-frilanserlar nima qilishi kerak?

    “Oʻzbekiston Respublikasi hududida elektron pullarning chiqarilishi va muomalada boʻlishi qoidalari”ga (roʻyxat raqami 3231, 29.04.2020-yil) muvofiq, Markaziy bank tomonidan “OSON”, “SLICK” va “PAYME” toʻlov tizimlari elektron pullar tizimi reyestriga kiritilgan.

    Hozirda mazkur elektron pullar tizimlarida ochilgan elektron hamyonlariga “WebMoney” va “QIWI” elektron hamyonlari orqali elektron pullarni oʻtkazish imkoniyati mavjud. Shu bilan birga, “OSON” va “SLICK” elektron pullar tizimi operatorlari tomonidan “PayPal” tashkiloti bilan oʻzaro hamkorlik yuzasidan muzokaralar olib borilmoqda.

    Bundan tashqari, respublikamiz tijorat banklari tomonidan “Visa”, “Mastercard”, “Unionpay” xalqaro toʻlov tizimlari bilan oʻzaro kelishuv asosida muomalaga chiqarilayotgan chet el valyutasidagi bank kartalari yordamida internet orqali onlayn toʻlovlarni amalga oshirish imkoniyati ham mavjud.

    Ushbu xalqaro bank kartalari orqali dunyoning deyarli barcha elektron tijorat sohasida faoliyat yurituvchi tashkilotlariga internet orqali onlayn toʻlovlarni amalga oshirish mumkin. Oʻz navbatida, tijorat banklari tomonidan xalqaro bank kartalari orqali onlayn toʻlovlarni amalga oshirish uchun raqobatbardosh va jozibador tariflar taqdim etilmoqda.

    Xulosa qilib aytganda, “PayPal” toʻlov tizimi tomonidan oʻrnatilgan cheklov bekor qilinmaguniga qadar, dasturchi-frilanserlar muqobil elektron hamyonlar – “WebMoney”, “QIWI”, “Yandeks.Dengi” xizmatlaridan foydalanishlari yoki toʻlovlarni toʻgʻridan-toʻgʻri bank kartalari orqali qabul qilishlari mumkin. Bank kartalari yordamida amalga oshirilgan toʻlovlar narx borasida, yaʼni elektron tijorat subyektlari toʻlaydigan komissiyaning nisbatan kamligi (0-2,5 foiz) jihatidan ham eng maqbul vosita boʻlishi mumkin.