Erkin va samimiy muloqot ruhida oʻtkazilgan uchrashuvda davlatimiz rahbari boshchiligida zamonaviy fikrlaydigan, dunyoqarashi keng, iqtidorli, yangi avlod kadrlarini shakllantirish va ularni qoʻllab-quvvatlash borasida barcha shart-sharoitlar yaratilayotgani qayd etildi.
Taʼkidlanganidek, intellektual yoshlar – mamlakatimizda islohotlarni harakatga keltiruvchi kuchdir. Salohiyatli yoshlarning xorijiy mamlakatlarda grant asosida tahsil olishini qoʻllab-quvvatlash oʻz samarasini beryapti. Xususan, hozirgi kunda 20 ga yaqin stipendiatlar jamgʻarma mablagʻlari hisobidan AQSH, Buyuk Britaniya, Yaponiya va boshqa rivojlangan mamlakatlarning eng nufuzli taʼlim muassasalarida tahsil olib, bank tizimida oʻz faoliyatini davom ettiryapti.
Muloqot chogʻida stipendiatlar turli mavzulardagi takliflarni ilgari surdilar. Xususan, tadbirda bank sohasida avtomatlashtirish jarayonlarini jadallashtirish, moliyaviy huquq sohasiga oid qonunchilikni takomillashtirish, bank tizimiga ilgʻor xalqaro tajribani tatbiq etish kabi mavzularda qator takliflar ilgari surildi. Shuningdek, sugʻurta bozorini rivojlantirish va sugʻurta mahsulotlari sifatini oshirish boʻyicha ham fikrlar almashildi. Tadbir yakunida bu kabi uchrashuvlarni muntazam ravishda oʻtkazishga kelishib olindi,deb xabar beradi Markaziy bank matbuot xizmati.