Bugun bank xizmatlaridan foydalanish, ayniqsa, kredit olish tizimi soddalashib boryapti. Oramizda bir vaqtning o'zida bir nechta kredit olganlar bor. Amaliyotga muddatli to'lov, degan tushunchalar ham kirib keldi. Maishiy texnikadan tortib kiyim-kechak, oziq-ovqatlarni ham “hozir olib, keyin to'lash” imkoniyati mavjud. Bularning barchasi yurtdoshlarimizga qulaylik yaratyapti. Ammo yagona talab — olingan qarzlarni o'z vaqtida to'lab borish kerak. Aks holda bank yoki nobank tashkilotlari bilan mijoz o'rtasida muammolar kelib chiqishi hech gap emas.
Bank kartalaridan qandaydir qarzdorliklar uchun avtomatik tarzda pul yechib olinayotgani, nima uchun yechilgani ko'rsatilmayotgani bilan bog'liq shikoyatlar kelib chiqayotgani ham ayni shu masala bilan bog'liq. Banklar kredit olgan fuqaro qarzni o'z vaqtida to'lamagani uchun u yoki kafil shaxslarning bank kartalaridan hech qanday ogohlantirishsiz, avtomatik ravishda pul echib olishi holatlari ko'paygan.
Shu bois, Markaziy bank yurtimizdagi tijorat banklari va nobank tashkilotlardan “mijozning roziligisiz va uni ogohlantirmagan holda uning kartasidan kredit va boshqa qarz to'lovlari uchun mablag'larni aktseptsiz yechib olish” amaliyotiga shartnomada nazarda tutilmagan holatda chek qo'yishni qat'iy talab qilmoqda. Joriy yil 21-dekabr kuni Markaziy bank boshqaruvi raisi o'rinbosari tomonidan shu mazmunda imzolangan tegishli ko'rsatma tijorat banklari, to'lov tizimi operatorlari va to'lov tashkilotlariga yuborilgan. Markaziy bank To'lov tizimi departamenti boshqarma boshlig'i Xushvaqt AZIZOV bilan ushbu xat mazmuni va muammoni bartaraf etish bo'yicha ko'rsatilgan talablar haqida suhbatlashdik.
— Ko'rsatma xatida tijorat banklari va to'lov tizimi operatorlaridan kreditor yoki kafil fuqarolarning bank kartalaridan shartnomada ko'rsatmasdan ularning roziligiz qarzdorlik to'lovlari avtomatik tarzda echilib, qoplanmasligi borasida nazorat o'rnatish talab qilingan, — deydi mutaxassis. — Oxirgi vaqtlarda ayni shu masala bo'yicha fuqarolarning murojaatlari kelib tushmoqda. Haqli e'tirozlarga sabab bo'layotgan omillar esa bir qancha. Jumladan, kredit olgan fuqarolarning bank kartalaridan avtomatik tarzda pul yechilib, bu haqda ularga aniq va to'liq ma'lumot berilmayotir. Ya'ni kreditorga kartangizdan falon so'm pul yechib olindi, degan SMS xabar keladi. Ammo pul nima uchun, qaysi raqamli kreditni qoplashga yechib olingani haqida aytilmaydi. Natijada fuqarolar pullari firibgarlarning qo'liga tushib qolganidan xavotirlanib murojaatlar qilmoqda. Aniqlashtirilganda esa mablag' mavjud kredit qarzdorligi uchun avtomatik yechib olingan bo'ladi.
Yana bir jiddiy masala fuqarolar nomidagi bir nechta kartadan kredit qarzdorligi uchun pul yechib olinayotgani bilan bog'liq. Ya'ni, kredit oluvchilarning bank to'lovlari uchun belgilagan kartasida mablag' bo'lmagan taqdirda, uning nomidagi boshqa kartalardan to'lov uchun avtomatik tarzda pul mablag'lari undirilayotgan holatlar kuzatilyapti. Vaholanki, ko'p hollarda bank bilan tuzilgan shartnomalarda to'lov uchun fuqarolarning barcha tijorat banklarida ochilgan hisob varaqlaridan (to'lov kartasi, omonatlar) avtomatik tarzda qarzdorlikni undirish belgilanmagan. Shu bois, biz tijorat banklariga ko'rsatma berdikki, fuqarolar oflayn yoki onlayn ravishda kredit olishidan qat'i nazar, oferta shartnoma tuzilib, unda qarz oluvchining aynan qaysi kartasidan to'lov uchun avtomatik ravishda mablag' yechib olinishi ko'rsatilishi shart. Bunda bank kartalari bir yoki bir nechta bo'lishi mumkin. Buni tijorat banki va mijoz o'zaro kelishadi. Agar mijoz avtomatik to'lov uchun o'z nomidagi barcha kartalarni kiritsa, ulardan pul mablag'i echib olinishi mumkin, aks holda faqat kiritilgan bitta kartadan to'lov olinishi shart.
Kafil shaxslar masalasida ham shunday talablar qo'yilgan. Qonuniy jihatdan kafil bilan bank o'rtasida tuzilgan shartnomada barchasi ko'rsatilishi, kreditor o'z majburiyatini bajarolmay qolganda kafildan undirilishi belgilangan bo'lishi kerak. To'lov muddati va boshqa talablarning bari shartnomada ko'rsatilishi shart. Bu talablar nafaqat bank kreditlari, balki boshqa moliyaviy xizmatlarga ham oid.
— Qonunchilikka ko'ra, fuqarolarning kartasidagi mablag' qaysi holatlarda uning ruxsatisiz yechib olinishi mumkin?
— Bunga faqat Fuqarolik kodeksi yoki qonunlarda, bank bilan mijoz o'rtasidagi shartnomada nazarda tutilgan hollarda hamda sud qarorigina asos bo'la oladi. Ya'ni muddati o'tib ketgan qarzdorlik, aliment to'lovlari, soliq oldidagi majburiyatlar bajarilmagan va boshqa holatlarda Majburiy ijro byurosi yoki tergov yoxud sud qarori, shuningdek, mijoz bilan tuzilgan shartnomada ko'zda tutilgan hollar bilan fuqaroning bank kartasidan mablag'lar karta egasining ruxsatisiz, avtomatik yechib olinishi mumkin. Boshqa vaqtda esa karta egasining ruxsatisiz pul yechib olinishi noqonuniy harakat sanaladi. Hatto tijorat banklari ham qarzdolik uchun shartnomada ko'rsatilmagan kartadan fuqaroning ruxsatisiz mablag' yechib olishga haqli emas.
Shartnomada ko'rsatilgan taqdirda ham kartadan mablag' avtomatik yechib olinganida sabablari aniq ko'rsatilishi kerak. Yuqorida ta'kidlaganimdek, shu masalada fuqarolardan ko'plab e'tirozlar tushmoqda.
Shundan kelib chiqib, biz tijorat banklari, to'lov operatorlariga fuqarolarning bank kartasidan to'lov uchun pul echib olingani haqida SMS xabarnoma yuborilganida, aynan qaysi kredit va muddatli to'lov uchun yechib olingani, shartnoma raqami, tashkilot nomi va boshqa ma'lumotlar aniq keltirilishi zarurligi talabini qo'ydik. Shuningdek, Markaziy bankning 2018-yil 2-iyulda davlat ro'yxatidan o'tkazilgan “Bank xizmatlari iste'molchilari bilan o'zaro munosabatlarni amalga oshirishda tijorat banklarining faoliyatiga qo'yiladigan minimal talablar to'g'risida”gi nizomga muvofiq, bank tomonidan kredit, mikroqarz va lizing bo'yicha qarzdorliklarni so'ndirishda avtoto'lov usulidan foydalanganda, bank keyingi ish kuni hisobvaraq (omonat, karta) egasiga mablag' qanday sabablarga asosan va kimning foydasiga chiqarilganini ko'rsatgan holda xabarnoma yuborishi shartligini eslatib o'tilgan.
Yana bir masala, hozir raqamli banklar rivojlanib, mobil ilovalar orqali kredit olish imkoniyatlari yaratilgan. Rasmiylashtirish jarayonlarida odatda qarz oluvchi fuqarodan tashqari bir necha yaqinining mobil raqami ham so'raladi. Mijoz ularni kiritgach, o'sha insonlar o'zi xabardor bo'lmagan holda bevosita kafilga aylanadi. Qarz olgan shaxs kreditni o'z vaqtida qaytarmasa, uning tanishiga bank tomonidan murojaatlar qilina boshlaydi. O'sha odam o'zi xabardor bo'lmagan masala uchun qayta-qayta bezovta qilinadi. Shu bois, biz fuqaroning o'zidan tashqari boshqa tanishining mobil raqami kiritilganida, u ham SMS xabarnoma orqali xabardor qilinishi va roziligini olgan holda kreditni rasmiylashtirish talabini qo'ydik. Bu bilan kredit olgan shaxs to'lovni o'z vaqtida to'lay olmasa, boshqa aloqador bo'lmagan shaxslarni bezovta qilmaslik holatlarini nazarda tutganmiz.
— Oxirgi vaqtlarda fuqarolarning bank kartalaridan turli usullar orqali mablag'larni noqonuniy yechib olish bilan bog'liq firibgarliklar ko'paygan. Bu borada qanday choralar ko'rilmoqda?
— Hozir bu eng dolzarb va fuqarolarning ko'plab murojaatlariga sabab bo'layotgan masalalardan biri. Ko'rsatma xatida bu ham e'tiborga olingan. Ya'ni tijorat banklariga firibgarliklarning oldini olish uchun himoya tizimini kuchaytirish bo'yicha ko'pgina talablar qo'ydik. Shulardan biri biometrik identifikatsiya (Face ID) mexanizmini keng qo'llash bilan bog'liq. Bunda tijorat banklari va to'lov tashkilotlari mobil ilovadan foydalanuvchi sifatida ro'yxatdan o'tishda, mobil ilovaga bank kartalarini biriktirishda, mikroqarz, kredit rasmiylashtirishda mijozlarni identifikatsiyalash uchun qo'shimcha tarzda Face ID mexanizmini qo'llashi nazarda tutilgan.
Biroq bu ushbu amaliyotlardan foydalanish yanada murakkablashadi, degani emas. Odamlarda endi kredit olsam, har gal uni so'ndirish uchun roziligim olinar ekan, amaliyotlar qiyinlashar ekan, degan fikrlar bo'lmasligi kerak. Shunchaki dasturiy himoya tizimlari yanada mustahkamlanishi nazarda tutilgan va bunda fuqarolarning ham qisman ishtiroki bo'ladi. Ular jarayonda Face ID va boshqa himoyalovchi tizimlarni o'z vaqtida, to'g'ri qo'llashi kifoya. Qolaversa, moliyaviy savodxonlikni oshirish, yuborilgan har qanday ilovaga kirmaslik, ularni tarqatishda ishtirok etmaslik kabi jihatlarga e'tiborliroq bo'lish firibgarliklar bilan bog'liq muammolar kelib chiqishining oldini olishga xizmat qiladi.
Face ID raqamli identifikatsiya tizimining afzalliklaridan yana biri fuqarolarning mobil ilovalari orqali begona shaxslar tomonidan kreditlar rasmiylashtirilishiga yo'l qo'yilmasligida. Oxirgi vaqtlarda bu masalada ham murojaatlar soni ortgan. Ya'ni fuqarolar telefon apparatini sotgan yoki yo'qotib qo'yganda yoki identifikatsiya ma'lumotlarining oshkor qilinishi natijasida ularning bank mobil ilovasiga begonalar kirib yoxud ma'lumotlaridan foydalanib, kredit rasmiylashtirayotgan vaziyatlar uchrayapti. Zamonaviy himoya tizimi esa ana shunday holatlarning oldini olishga qaratilgan.
Shuningdek, ko'rsatma xatida ayrim banklar kredit ta'minoti sifatida sug'urta polisi olayotgani bois, ushbu kreditlar belgilangan muddatda qaytarilmagan taqdirda, sug'urta tashkiloti tijorat bankiga kredit qarzdorligini to'liq qoplab berayotgani, natijada bankning majburiyat bo'yicha qarz oluvchiga bo'lgan huquqlari sug'urta tashkilotiga o'tganligi uchun, sug'urta tashkiloti qarz oluvchining bank kartalaridan mablag'larni aktseptsiz tarzda yechib olayotgan holatlar tanqid qilingan. Vaholanki, qarz oluvchi bilan sug'urta tashkiloti o'rtasida qarz oluvchining bank kartalaridan mablag'larni aktseptsiz tarzda echib olish yuzasidan shartnoma tuzilmagan va bunday huquqning nobank tashkilotlariga berilishi qonunchilikda ham ko'zda tutilmagan. Fuqarolik kodeksiga ko'ra, mijozning topshirig'isiz hisobvaraqda turgan pul mablag'larini o'chirishga sudning qarori bilan, shuningdek, ushbu kodeksda yoki boshqa qonunda belgilab qo'yilgan yoxud bank bilan mijoz o'rtasidagi shartnomada nazarda tutilgan hollardagina yo'l qo'yiladi.
Bundan tashqari, ayrim to'lov tashkilotlari sug'urta tashkilotlarini “E-POS” maxsus terminallari bilan ta'minlagani natijasida ularga qarz oluvchilarning bank kartalaridan mablag'ni aktseptsiz tarzda yechib olishga imkon yaratib berilgan. Bu esa fuqarolar bank kartalaridan foydalanmasligi yoki karta hisobvarag'ida pul saqlamasligiga olib kelmoqda. Tijorat banklari tomonidan fuqarolarning bank kartalaridan pul mablag'lari ushbu bank kartalari egalarining huquqlari va qonuniy manfaatlarini ta'minlamagan holda hisobdan chiqarilishiga yo'l qo'yilgani faktlari iste'molchilarning huquqlarining buzilishi deb baholanadi hamda bunday qoidabuzarliklarga yo'l qo'ygan tijorat banklariga nisbatan qonunchilikda belgilangan tartibda chora ko'rilishiga sabab bo'ladi.
Ko'rsatma xatida shu kabi talablar qat'iy belgilangan. Markaziy bank yuqoridagi topshiriqlar ijrosi nazorati borasida tijorat banklariga yil oxiriga qadar hisobot taqdim etilishi talabini ham qo'ygan. Aks holda, tijorat banklari qonunchilikka muvofiq jarima sanktsiyalari qo'llanilishi mumkinligi to'g'risida ogohlantirilgan.
“Yangi O'zbekiston” muxbiri
Iroda TOSHMATOVA suhbatlashdi.
(Maqola “Yangi O'zbekiston” gazetasining 28.12.23-y, 270-sonida chop etilgan)