Inflyatsion targetlash rejimiga oʻtgan ilgʻor xorijiy mamlakatlar va xalqaro moliya bozorlari tajribasidan kelib chiqib, pul-kredit siyosati operatsion mexanizmini rivojlantirish va tijorat banklarida likvidlikni boshqarish samaradorligini oshirish maqsadida 2024-yil 20-fevraldan quyidagi oʻzgartirishlar kiritiladi:
1. Bank tizimi likvidligi umumiy holatidan kelib chiqib, banklarga likvidlik taqdim etish boʻyicha 1 haftalik REPO auksionlarini oʻtkazish amaliyoti joriy etiladi.
REPO auksionlari haftaning dushanba kunlari soat 11:00 da oʻtkaziladi va tijorat banklariga hafta davomida zarur boʻladigan likvidlikni taʼminlashga xizmat qiladi. Ushbu auksionlar oʻzgaruvchan foiz stavkada (minimal – asosiy stavka) bank tizimi likvidligi prognozi asosida belgilangan miqdorda amalga oshiriladi.
2. Markaziy bankning tijorat banklariga likvidlik taqdim etish boʻyicha kun davomidagi kredit instrumenti – bank toʻlov kuni yopilgunga qadar foizsiz kredit operatsiyalari joriy etiladi. Ushbu instrumentni qoʻllashdan asosiy maqsad bank tizimida toʻlovlar uzluksizligini taʼminlash hamda banklarga kun davomida zaruriy likvidlikni taqdim etib borish hisoblanadi.

Bunda banklar ushbu instrument orqali jalb etilgan mablagʻlardan kun davomida foydalanib, toʻlov kuni yakuniga qadar qaytarishi koʻzda tutiladi. Bank toʻlov kuni yopilgunga qadar qaytarilmagan kun davomidagi kredit instrumentlari avtomatik ravishda foizli overnayt operatsiyalariga aylanadi.
3. Banklararo pul va REPO bozorlari operatsiyalarini bank toʻlov kuni yopilganidan soʻng 30 daqiqa davomida amalga oshirish hamda Markaziy bankning overnayt operatsiyalaridan bank toʻlov kuni yopilganidan soʻng 1 soat davomida foydalanish imkoniyatlari yaratiladi.

Ushbu oʻzgartirish natijasida tijorat banklari mijozlari bilan toʻlov operatsiyalari yakunlanganidan soʻng likvidlikni oʻzaro qayta taqsimlash va soʻngra Markaziy bank operatsiyalariga murojaat qilish imkoniyati yuzaga keladi. Bunda banklararo pul va REPO bozorlarida banklar faolligining yanada ortishi kutilmoqda.
4. Pul-kredit operatsiyalarini amalga oshirishda kredit xatarini minimallashtirish maqsadida likvidlikni taqdim etishga moʻljallangan operatsiyalar boʻyicha garov mulkiga nisbatan 5 foizlik chegirma qoʻllanilishi yoʻlga qoʻyiladi.
Yuqoridagi oʻzgartirishlar natijasida tijorat banklariga likvidlikni boshqarishda qoʻshimcha qulaylik yaratiladi, kunlik toʻlov tizimi uzluksizligi taʼminlanadi hamda pul-kredit operatsiyalari boʻyicha kredit xatari minimallashtiriladi.