Markaziy Osiyodagi mo''tadil mintaqa cho'llarini saqlash va ulardan barqaror foydalanish masalalari milliy va xorijiy ekspertlar tomonidan Toshkentda onlayn shaklda o'tkazilgan seminarda muhokama qilindi. Seminar 2021-yilda poytaxtimizda ish boshlagan Markaziy Osiyo cho'llari bo'yicha tashabbus (CADI)ning oraliq mintaqaviy kotibiyati tomonidan tashkil etildi.
Virtual uchrashuvning maqsadi manfaatdor tomonlarning fikrlarini inobatga olgan holda CADI kotibiyati uchun kelgusi 5 yilga ish rejasini ishlab chiqish edi. O'tkazilgan seminar davomida aniq taklif va tashabbuslar ilgari surildi. Mamlakatlar o'rtasidagi chegara to'siqlarining yovvoyi hayvonlar migratsiyasiga bevosita ta'siri muhokama qilindi, shu munosabat bilan chegara xizmatlari bilan hamkorlikda to'siqlarni qayta o'zgartirish choralarini ko'rish taklif qilindi.
Mamlakatlarga Orolni qutqarish xalqaro jamg'armasi va Germaniya xalqaro hamkorlik jamiyati (GIZ)ning “Yashil Markaziy Osiyo” tashabbusi bilan hamkorlikni yo'lga qo'yish bo'yicha tavsiya berildi. Virtual muloqot ishtirokchilari, shuningdek, Orol dengizining mintaqaviy geoparkini yaratish va unga yangi Orolqum cho'lini kiritish imkoniyatlarini muhokama qilishdi.
Seminar natijalariga ko'ra, CADIga a'zo mamlakatlarda rejalashtirilgan aniq tadbirlarni hisobga olgan holda Kotibiyat uchun 5 yillik ish rejasi kelishib olindi. Bundan tashqari, Qozog'iston, Turkmaniston va O'zbekistondagi CADI milliy kotibiyatlarining tarkibi tasdiqlandi. CADI oraliq mintaqaviy kotibiyatini O'zbekistonda nodavlat notijorat tashkiloti sifatida ro'yxatdan o'tkazish masalasi ham muhokama qilindi.
Ma'lumot uchun, Markaziy Osiyo cho'llari bo'yicha Tashabbus (CADI) global ahamiyatga ega bo'lgan noyob ekotizimlari mavjud bo'lgan mo''tadil cho'llarni saqlash va ulardan barqaror foydalanishga qaratilgan. Ushbu cho'llar qushlar, shuningdek, tuyoqli yovvoyi hayvonlar uchun muhim migratsiya hududlari hisoblanadi. CADI loyihasining maqsadli ishtirokchilari — Qozog'iston, Turkmaniston va O'zbekiston hisoblanadi. Ushbu mamlakatlar zimmasiga antropogen omillar xavf solayotgan mo''tadil cho'llarni saqlab qolish bo'yicha alohida mas'uliyat yuklangan. CADI Germaniya hukumati tomonidan moliyalashtiriladi va 2016 yildan buyon Grayfsvald universiteti, Mixael Zukkov jamg'armasi va Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq -ovqat va qishloq xo'jaligi tashkiloti (FAO) tomonidan amalga oshiriladi.