Ma’lumki, O‘zbekiston Respublikasining tashqi siyosatida Markaziy Osiyo davlatlari bilan hamkorlik qilish masalasi ustuvor vazifa sifatida belgilangan.

Qayd etish lozimki, Markaziy Osiyo davlatlari Ombudsmanlarining ilk Forumi aynan O‘zbekistonda o‘tkazildi. Bundan buyon ham inson huquqlarining ta’minlanishida tajriba almashish maydoni bo‘lgan mazkur Forum Markaziy Osiyo davlatlarida an’anaviy ravishda har yili tashkil etilishi rejalashtirilgan.

Mazkur Forumni tashkil etishdan asosiy maqsad — Markaziy Osiyo davlatlari Ombudsmanlarining inson huquqlari sohasidagi xalqaro hamkorligini rivojlantirish, inson huquqlarini dolzarb masalalari bo‘yicha mintaqaviy muhokamalar tashkil qilish hamda bu yo‘ldagi sa’y-harakat va imkoniyatlarni birlashtirishdan iborat.

Forumda Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari A. Saidov va deputatlar ham ishtirok etishdi.

Qayd etish lozimki, 1995 yil 23 fevral kuni MDH davlatlari orasidan O‘zbekistonda birinchilardan bo‘lib Ombudsman instituti joriy etilgan. O‘tgan davr mobaynida Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman) ko‘plab fuqarolarning murojaatlarini hal etish jumladan, harakatlanish erkinligi cheklangan yopiq muassasalarda saqlanayotgan shaxslarning huquq va erkinliklarini himoya qilishda o‘zining munosib o‘rniga ega bo‘ldi. Bir qancha xorijiy mamlakatlarning inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar bilan o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandumlar imzolandi, Xalqaro Ombudsman instituti, Yevropa Ombudsman instituti, Osiyo Ombudsmanlar Assosiasiyasi, Turkiy tilli davlatlar Ombudsmanlari hamda Inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar Assosiasiyasi hamda Yevroosiyo Ombudsmanlari Alyansi kabi xalqaro tashkilotlarning to‘la qonli a’zosi bo‘ldi.

Forum doirasida Markaziy Osiyo davlatlari Ombudsmanlari o‘rtasida ikki tomonlama Memorandumlar imzolandi. Mazkur memorandum Markaziy Osiyo davlatlari Ombudsmanlarining aloqalarni yanada mustahkamlashga xizmat qiladi.

Oliy Majlisning Inson huquqlari bo‘yicha vakili (Ombudsman)ga 2021 yilda jami 18 738 ta murojaat kelib tushgan bo‘lsa, shundan 60ga yaqini xorijiy davlatlardan yuborilgan. 2022 yilning 6 oyi davomida xorijiy davlatlardan yuborilgan murojaatlar soni 32 tani tashkil etadi. Ushbu murojaatlarning ko‘p qismi Markaziy Osiyo davlatlari hisobiga to‘g‘ri keladi. Shu nuqtai nazardan ham Markaziy Osiyo davlatlari Ombudsmanlarining asosiy faoliyat yo‘nalishlaridan biri sifatida fuqarolar murojaatlarini hamkorlikda ko‘rib chiqish vazifasi belgilandi.

Mazkur xalqaro Forum uch sessiyadan iborat bo‘ldi. Unda xotin-qizlar, bolalar, nogironligi bo‘lgan shaxslarni himoya qilish va rag‘batlantirish hamda raqamli texnologiyalardan foydalanishning ahamiyati hamda jazoni ijro etish muassasalarida saqlanayotgan shaxslar huquqlarining ta’minlanishi borasida o‘zaro tajriba almashildi.

Forum yakunida Markaziy Osiyo davlatlari Ombudsmanlari I-Forumi Toshkent deklarasiyasi qabul qilindi.