Bu borada Prezidentimiz tashabbuslari oliy darajada qoʻllab-quvvatlangani holda, oʻtgan qisqa davrda Markaziy Osiyoda siyosiy muhit sezilarli darajada yaxshilanib, chinakam yaxshi qoʻshnichilik va oʻzaro ishonch ruhi shakllandi. Mintaqada ikki va koʻp tomonlama hamkorlik yangi bosqichga koʻtarildi.

Keyingi yillarda savdo, sanoat, energetika, qishloq va suv xoʻjaligi, transport sohalari va boshqa ustuvor yoʻnalishlarda amaliy hamkorlik kengayib borayotir. Oʻzbekistonning bugungi tashqi siyosati, xususan, yaxshi qoʻshnichilik va pragmatik mintaqaviy siyosati davlatimizning xalqaro nufuzini oshiribgina qolmay, Markaziy Osiyo barqaror va ulkan imkoniyatlarga ega hamkorlik makoniga aylanishiga xizmat qilyapti.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev shu yil 4-avgust kuni Ashxobod shahrida Turkmaniston Prezidenti Serdar Berdimuhamedov raisligida hamda Tojikiston Respublikasi Prezidenti Emomali Rahmon ishtirokida oʻtgan uch tomonlama sammitda ishtirok etgani va muhim tashabbuslarni ilgari surgani oʻzaro aloqalarni yanada mustahkamlash uchun navbatdagi muhim qadam boʻlishi shubhasiz.

Eʼtiborlisi, suv resurslaridan oqilona foydalanish, energetika sohasini rivojlantirish, transport-logistika salohiyatini oshirish boʻyicha oʻzaro manfaatli hamkorlikni kengaytirish masalalari koʻrib chiqilgan ushbu uchrashuv Markaziy Osiyo respublikalari oʻrtasidagi koʻp qirrali munosabatlarni jadal rivojlantirishga xizmat qilishi, shubhasiz. Sababi keyingi yillarda mintaqa mamlakatlarining mushtarak ochiqlik, birdamlik va hamjihatlik siyosati oʻz natijasini berayotganini koʻrib turibmiz. Masalan, sanoat, qishloq xoʻjaligi, energetika va logistika sohalarida savdo amaliyotlari va kooperatsiya kelishuvlari karrasiga oshdi. Hududlararo aloqalar va madaniy-gumanitar almashinuvlar ham kengaydi.

Davlatimiz rahbari oʻz nuqtida yangi xavf-xatarlarga eʼtibor qaratib, munosib va chuqur oʻylangan javoblarni birgalikda izlash zarurligini koʻrsatib oʻtdi. Bu mintaqada suv tanqisligi tobora ortib, keyingi yillarda keskin tus olayotgan sharoitda ayniqsa muhimdir. Bu borada suv tejaydigan ilgʻor texnologiyalarni joriy etish va irrigatsiya tizimlarini modernizatsiya qilish, suv resurslarini boshqarish jarayonlarini raqamlashtirish, sel va toshqin suvlarini toʻplash va saqlash uchun infratuzilmani birgalikda rivojlantirish kabi yoʻnalishlarda hamkorlikni faollashtirish taklif qilindi.

Bu bejiz emas, albatta. Chunki ushbu masalalarda Orolni qutqarish xalqaro jamgʻarmasining butun salohiyatini hamda Jahon banki va Osiyo infratuzilmaviy investitsiyalar banki kabi sherik tashkilot va tuzilmalar doirasidagi hamkorlikni ishga solish gʻoyat muhimdir.

Yana bir muhim masala. Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida energetika sohasida, shu jumladan, energiya resurslarini yetkazib berish va ularning tranziti borasida yaqin, samarali hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan. Shu bois, sammitda mamlakatlarimizning “yashil” iqtisodiyotga oʻtishga intilishi mushtarak ekanini hisobga olib, gidro va issiqlik energetikasida loyihalarni birgalikda amalga oshirish tashabbusi ilgari surildi.

Oʻzaro integratsiyalashgan transport infratuzilmasini yaratish borasidagi saʼy-harakatlarni birlashtirish masalasiga alohida eʼtibor qaratilib, “Oʻzbekiston–Turkmaniston–Eron” yoʻlagining rivojlantirilishi, Transkaspiy yoʻnalishi salohiyatining ishga solinishi Markaziy Osiyoning “Sharq – Gʻarb” va “Shimol – Janub” xalqaro yoʻlaklaridagi tranzit markazi sifatidagi jozibadorligini oshirishiga ishonch bildirildi. Shu maqsadda xalqaro yuk tashuvchilar uchun qulay sharoitlar yaratish, raqamlashtirishni jadallashtirish va nazorat-oʻtkazish maskanlarining oʻtkazuvchanlik qobiliyatini oshirish yoʻlida birgalikda ishlash taklif qilindi.

Shuningdek, davlatimiz rahbarining “Oʻzbekiston – Turkmaniston – Eron” integratsiyalashgan transport infratuzilmasini yaratish boʻyicha saʼy-harakatlarni birlashtirish tashabbusi qoʻllab-quvvatlandi. Bu Markaziy Osiyoning xalqaro yoʻlaklar tranzit markazi sifatida jozibadorligini oshiradi.

Prezidentimiz Oʻzbekiston Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va farovonlikni taʼminlashga qaratilgan tashabbuslarni bundan buyon ham ilgari surish niyatida ekanini taʼkidlagani ham eʼtiborga molik. Bu kabi uchrashuvlar oʻtkazilishi suvni tejovchi ilgʻor texnologiyalarni joriy etish va irrigatsiya tizimlarini modernizatsiyalash, suv xoʻjaligi jarayonlarini raqamlashtirish, sel va toshqin suvlarini yigʻish va saqlash infratuzilmasini birgalikda rivojlantirish kabi sohalarda hamkorlikni jadallashtirishga xizmat qilishi aniq. Zero, ushbu uchrashuvdan koʻzlangan asosiy maqsad – oʻzaro hamkorlikni tizimlashtirish va birgalikdagi saʼy-harakatlar vositasida amalga oshirilayotgan iqtisodiy loyihalarni hamma uchun maqbul boʻlgan holdagi shakl va mazmunda birlashtirishdan iborat.

Oʻzbekiston, Tojikiston va Turkmaniston Prezidentlarining uch tomonlama sammiti mavjud tajribani umumlashtirish va kelgusi hamkorlik rejalarini belgilash, Markaziy Osiyo mamlakatlari oʻrtasida barqaror taraqqiyotni taʼminlashda birlashtiruvchi, yaratuvchi kuch va birgalikdagi qatʼiyatni koʻrsatish uchun noyob imkoniyat boʻldi.

Yana shuni ham taʼkidlash joizki, bu uchrashuv Markaziy Osiyo mintaqasi salohiyatini mustahkamlash va mamlakatlarimizning Yevroosiyo qitʼasi bilan oʻzaro bogʻliqligini kengaytirish uchun muhim ahamiyatga ega boʻlgan yangi loyihalar ishlab chiqilishiga hamda mavjud umumiy loyihalar amalga oshirilishini jadallashtirishga xizmat qiladi.

Odinaxon OTAXONOVA,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati