Uchrashuvda O'zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Ilhom Nematov, Qozog'iston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Marat Sizdiqov, Qirg'iziston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Nuran Niyazaliev, Rossiya Federatsiyasi Tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Andrey Rudenko, Tojikiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Zohir Saidzoda, Turkmaniston Tashqi ishlar vaziri o'rinbosari Vepa Xojiev ishtirok etdi.
Tadbir ishtirokchilari Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya vazirlarining bo'lajak uchinchi uchrashuvi kun tartibini ko'rib chiqdilar. O'zbekiston tomoni fashizm ustidan qozonilgan Buyuk G'alabaning 75 yilligini keng nishonlash uchun o'z mamlakatimizda amalga oshirilayotgan tadbirlar va dasturlar haqida malumot berdi.
Koronavirus pandemiyasi oqibatlari oldini olish, jumladan MDH mamlakatlari hududlarida bo'lib turgan fuqarolarga manzilli yordam ko'rsatishda tomonlarning vakolatli idoralari o'rtasida muvofiqlashtirish va hamkorlikni davom ettirish muhimligi ta'kidlandi. Afg'onistondagi hozirgi vaziyat, mintaqaviy hamkorlikning dolzarb masalalari hamda xalqaro tashkilotlar doirasidagi o'zaro munosabatlar yuzasidan fikr almashildi. Tomonlar savdo-iqtisodiy hamkorlik va transport-kommunikatsiya sohasidagi ustuvor loyihalarni ilgari surish bo'yicha faol qo'shma ishlarni davom ettirish zarurligini ta'kidladilar.