Markaziy Osiyoda tinchlik va xavfsizlikni taʼminlashda xotin-qizlarning roli

    Mamlakatimizda 20 Dekabr 2021 2238

    Bugun poytaxtimizdagi “Hyatt Regency Tashkent” mehmonxonasida Fuqarolik jamiyati ayollar tashkilotlari ishtirokida “Markaziy Osiyoda tinchlik va xavfsizlikni taʼminlashda xotin-qizlarning rolini kuchaytirish toʻgʻrisida”gi BMTning 1325-sonli rezolyutsiyasini amalga oshirish” mavzusidagi mintaqaviy forumi boʻlib oʻtmoqda.

    Unda Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisi, Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti raisi T.Narbayeva, BMT Bosh kotibining Markaziy Osiyo boʻyicha maxsus vakili, BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi rahbari N.German, “BMT-Ayollar” tuzilmasining Yevropa va Markaziy Osiyo boʻyicha mintaqaviy ofisi direktori A.El-Yassir va bir qator xalqaro tashkilotlar rahbarlari shuningdek, davlat va nodavlat tashkilotlari, xususan, Markaziy Osiyo mamlakatlaridan 30 dan ortiq fuqarolik jamiyatlarining ayol vakillari ishtirok etmoqda.

    Forum ochilishida T.Narbayeva nutq soʻzlab, forum mazmun-mohiyati, koʻzlangan maqsad, tinchlik va xavfsizlikni taʼminlash, preventiv diplomatiyada ayollarning tutgan oʻrni, ishtiroki va roli, bu borada Oʻzbekistonda amalga oshirilgan ishlarga alohida toʻxtalib oʻtdi. T.Narbayeva:

    Bu galgi forum shunisi bilan ahamiyatliki, Muloqot aʼzolari, davlat tuzilmalari, mintaqadagi ayollar fuqarolik jamiyati tashkilotlari vakillari, BMT tuzilmalari rahbarlari va xalqaro ekspertlar birinchi marotaba “Xotin-qizlar, tinchlik va xavfsizlik” global kun tartibini milliy va mintaqaviy darajada amalga oshirishda hamkorlik qilish masalalarini muhokama qilish uchun Oʻzbekistonda toʻplandi.

    Hozirgi vaqtda biz faoliyati davomida gender tenglikni targʻib qilish, barcha darajalarda (mahalla, tuman, viloyat, respublika) xotin-qizlar huquq va manfaatlarini himoya qilish masalalarini qamrab oladigan yetakchi xotin-qizlar milliy platformasini yaratish ustida ishlayapmiz.

    Biz dolzarb masalalar, shu jumladan, xotin-qizlar huquqlarini himoya qilish bilan bogʻliq masalalarni hal etishda fuqarolik jamiyati institutlari muhim oʻrin tutishini bilamiz.

    Bugun Oʻzbekistonda 10 mingga yaqin nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyat koʻrsatmoqda. Ularning 300 dan ortigʻi gender masalalari bilan shugʻullanadi.

    Bilamizki, Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti mintaqadagi xotin-qizlarni qoʻllab-quvvatlash, ularning siyosiy, iqtisodiy va ijtimoiy rolini oshirish hamda barqaror rivojlanish bilan bogʻliq qarorlarni qabul qilish jarayonlarida ishtirok etish imkoniyatlarini kengaytirish maqsadida norasmiy mintaqaviy platforma sifatida tashkil etilgan.

    Markaziy Osiyo mamlakatlari yetakchi ayollari muloqoti qisqa vaqt ichida gender tengligi va barqaror rivojlanishni ragʻbatlantirish, mintaqa ayollari oʻrtasidagi hamjihatlik va amaliy hamkorlikni mustahkamlash tarafdori boʻlgan ayollarning muhim norasmiy koalitsiyasi ekanligini isbotladi.

    Muloqot boshlanganidan buyon qator uchrashuvlar oʻtkazilib, gender tenglikni taʼminlash, xotin-qizlarning huquq va imkoniyatlarini kengaytirishga oid koʻplab dolzarb masalalar, bu boradagi mintaqaviy hamkorlik istiqbollari muhokama qilindi.

    Shu bilan birga, forum davomida BMTning Markaziy Osiyo uchun preventiv diplomatiya boʻyicha mintaqaviy markazi rahbari N.German forumni tashkil etishda asosiy tashkilotchilik qilayotgan Oʻzbekistonga oʻz minnatdorchiligini bildirib, mavzu doirasida oʻz fikrini bildirdi.

    N.German:

    Ushbu hamkorlik “Xotin-qizlar, tinchlik va xavfsizlik” global kun tartibini amalga oshirishda ayniqsa muhimdir. 1325-sonli rezolyutsiya faol ayollar tufayli qabul qilindi! Oʻtgan 20 yil davomida erishilgan yutuqlar, eng avvalo, fuqarolik jamiyatining xizmati, sharofati bilandir.

    Bugun koʻp tilga olinayotgan “Xotin-qizlar, tinchlik va xavfsizlik” bitimi va Gumanitar harakatlar gender tenglikni va tinchlik oʻrnatishni oʻzining ustuvor maqsadi sifatida belgilab olgan barcha hamkorlar oʻrtasidagi hamkorlikning eng yorqin namunasidir.

    Shuningdek, yalpi majlis shaklida oʻtgan forumning qolgan qismida “Ayollar, tinchlik va xavfsizlik” global kun tartibi – 2000-2021-yillarda amalga oshirilgan umumiy ishlar, Markaziy Osiyoda “Xotin-qizlar, tinchlik va xavfsizlik” kun tartibini targʻib qilish boʻyicha qarorlar qabul qilishda xotin-qizlarning oʻrni, Fuqarolik jamiyati tashkilotlarining “Xotin-qizlar, tinchlik va xavfsizlik” kun tartibini amalga oshirishga qoʻshadigan hissasi uchun mintaqaviy mexanizmlar va platformalar” mavzusida muhokamalar qilinmoqda.

    Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Axborot xizmati.