Markaziy Osiyodagi eng yirik xomashyo savdo maydonchasi

    Uning 13 ta hududiy filiali, 1000 dan ortiq brokerlik idorasi va 3000 dan ziyod treyderi, 300 dan ziyod mahalliy va 15 ta xorijiy savdo maydonchasi bor.

    O'zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” aktsiyadorlik jamiyati bugungi kunda Markaziy Osiyodagi eng yirik, MDH mamlakatlari ichida eng etakchi xomashyo savdo maydonchalaridan biridir. Uning 13 ta hududiy filiali, 1000 dan ortiq brokerlik idorasi va 3000 dan ziyod treyderi, 300 dan ziyod mahalliy va 15 ta xorijiy savdo maydonchasi bor.

    Birja tamoyillariga binoan, barcha savdo ishtirokchilari ularning maqomi respublika rezidenti yoki norezidentligidan qat'i nazar, teng haq-huquqga ega. “O'zRTXB” AJ milliy va xorijiy kompaniyalarni mamlakatimizda ishlab chiqariladigan yuqori likvidli tovar aktivlari, shu jumladan, qora va rangli metallar, neft` mahsulotlari, mineral o'g'itlar, shakar, un, don va boshqa tovarlar bilan ta'minlashda ham muhim o'rin tutadi.

    “O'zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi” aktsiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisi Ziyoviddin BADRIDDINOV bilan suhbatimizda aynan shu vazifalarning qanday yo'llar asosida amalga oshirilishi, savdolarni tashkil etishda raqamli texnologiyalarning ahamiyati masalalariga alohida urg'u berildi.

    — Eng avvalo, bir savolga aniqlik kiritib olish maqsadga muvofiq bo'lsa kerak. O'zbekchaga o'girilganda “hamyon”, “cho'ntak” degan ma'nolarni bildirgan, tarixiy ajdodi bozor va yarmarkalar hisoblangan tovar-xomashyo birjasi bugungi kunda iqtisodiyotimizda qanday o'rin tutadi?

    — Birja bozor iqtisodiyotining muhim elementlaridan biri. Unda talab va taklif, sof raqobat va erkin narx kabi bozor qonunlari to'la ishlaydi. Shu sababli har bir mamlakatda bozor iqtisodiyotining rivojlangani birja institutlarining qay darajada taraqqiy etgani bilan ham baholanadi.

    Birja savdo tashkilotchisi hisoblanadi va o'zining faoliyatida shaffoflik va oshkorlik tamoyillariga rioya qiladi. YAna bir muhim vazifasi — kotirovkalash, ya'ni haqiqiy bozor narxlarini shakllantirishdan iborat.

    Birja savdolarida ishtirok etish barcha uchun foyda keltiradi. Bir tomondan, sotuvchi korxonalar birjada o'tkaziladigan auktsionlar hisobiga qo'shimcha daromad oladi. Ikkinchi tomondan, tadbirkorlar birja savdolarida hech qanday to'siqlarsiz, erkin ishtirok etib, zarur tovar resurslarini xarid qiladi. Uchinchidan, birjada tuzilgan bitimlarning bajarilishi kafolatlanadi va bu tomonlarning shartnomaviy intizomini kuchaytiradi.

    Keng jamoatchilik faqatgina talab va taklif asosida birjada shakllangan haqiqiy narxlar to'g'risida birjaning veb-sayti yoki ommaviy axborot vositalari orqali xabardor bo'ladi. Nihoyat, birjadagi barcha jarayonlar shaffof bo'lgani sababli bu mexanizm xufiyona iqtisod va korruptsiya elementlarini bartaraf etishning samarali vositasi ham hisoblanadi. Pirovardida bularning barchasi milliy iqtisodiyotimizning yanada jadal sur'atlar bilan o'sishiga ko'mak beradi.

    — 2020 yil koronavirus pandemiyasi tufayli har bir jabha uchun sinovli davrga aylandi. O'zRTXB mazkur sinovlardan qanday o'tyapti?

    — Koronavirus pandemiyasi nafaqat O'zbekistonga, balki jahon iqtisodiyotiga ham juda katta salbiy ta'sir o'tkazib kelyapti. Butun dunyoda ishlab chiqarish, moliya, turizm, xizmat ko'rsatish yoki biznesning boshqa yo'nalishlarida pasayish kuzatildi.

    2020 yil 11 oylik yakunlariga ko'ra, birjaning barcha savdo platformalarida tuzilgan bitimlarning umumiy hajmi 2019 yilning mos davridagiga nisbatan 23 foiz o'sib, 48,1 trillion so'mni tashkil etdi. Bunda o'sish bor, biroq bu ko'rsatkich yanada yuqori bo'lishi mumkin edi. Ayniqsa, yil boshida biz tashqi savdolar bo'yicha, ya'ni eksport-import yo'nalishida birjada tuzilgan bitimlar hajmi keskin oshishini kutayotgan edik. Biroq COVID-19 bu rejalarimizga tegishli o'zgartirishlar kiritdi.

    Shunga qaramay, pandemiya, bir tomondan, birja sohasiga salbiy ta'sir o'tkazgan bo'lsa, ikkinchi tomondan, yangi yo'nalishlarni tezroq o'zlashtirishimiz uchun kuchli turtki berdi. Jumladan, koronavirus pandemiyasi bilan bog'liq cheklovlar birjada yangi IT-texnologiyalarni qo'llash jarayonini yanada jadallashtirdi.

    Eng avvalo, birja savdolarini brokerlar yordamida nafaqat birja savdo zalidan turib, balki masofadan ham amalga oshirish uchun barcha choralar ko'rildi. SHu bilan birga, elektron savdolarda inson omili va qog'ozdan foydalanishni maksimal darajada qisqartirishga muvaffaq bo'ldik. SHu maqsadda exdoc.uz elektron hisob-faktura xizmati yo'lga qo'yildi.

    Mijozlarimizni masofadan qo'llab-quvvatlash uchun bir qator telegram-botlarni, shu jumladan, birja rahbari bilan to'g'ridan-to'g'ri bog'lanish bo'yicha @UzexMarkazBot va muammoli masalalarni tezkor hal qilish uchun @UZEXfeedbackbot ni joriy etdik.

    Qo'shimcha ravishda yaqinda @UzExXabarBot telegram-boti ham ishga tushirildi. Bu bot orqali foydalanuvchilar elektron savdolarda ishtirok etish tartibi, zarur avans to'lovlari, o'tkazilgan savdolar natijasi, huquqiy-me'yoriy hujjatlar va faol lotlar to'g'risidagi ma'lumotlarni olishlari mumkin.

    — Davr mazkur tizimga ham raqamli texnologiyalarni jadal tatbiq qilishni taqozo etmoqda. Prezidentimiz tomonidan imzolangan Ilm-ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili davlat dasturida, Vazirlar Mahkamasining 2020 yil 18 martdagi “Tovar-xomashyo birjalari faoliyatiga ilg'or axborot texnologiyalarini keng joriy etish va elektron tijorat faoliyatini izchil rivojlantirish bo'yicha qo'shimcha chora-tadbirlar to'g'risida”gi va boshqa bir qator qarorlarda ham bu borada oldinda turgan vazifalar va ularni hal etish yo'llari belgilab berildi. Ularning bajarilishi birja faoliyatiga qanday o'zgarishlar olib kirdi?

    — Albatta, birja tomonidan Ilm-ma'rifat va raqamli iqtisodiyotni rivojlantirish yili davlat dasturida va hukumat qarorlarida belgilangan vazifalarni amalga oshirish bo'yicha chora-tadbirlar rejasi ishlab chiqilgan. Ayni paytda yil oxiriga kelib, ushbu dasturni to'la amalga oshira oldik, deya olamiz.

    Misol uchun, birja savdolari sohasida ilk bor mahsulotlarni bir oydan ortiq muddatda kechiktirgan holda etkazib berish imkoniyatini beruvchi forvard savdolar mexanizmi joriy etildi. Ushbu mexanizm, bir tomondan, kelajakda etkaziladigan tovar uchun narxlarni oldindan belgilab olish, ikkinchi tomondan, mahsulotlar uchun to'lovlarni oldindan olish imkonini beradi. YA'ni mahalliy tadbirkorlar va fermerlar xarid qilinadigan tovarlar bo'yicha narxlar o'zgaruvchanligidan o'zlarini himoya qilishlari, tovar ishlab chiqaruvchilar esa o'z faoliyatlarini yanada samarali rejalashtirishlari mumkin.

    Elektron tijorat sohasida bir nechta yirik innovatsion loyiha amalga oshirildi. Xususan, davlat xaridlari bo'yicha maxsus axborot portalidagi elektron do'kon savdo maydonchasida buyurtmachilar tomonidan davlat xaridlarini hududlar kesimida mahalliy ishlab chiqaruvchilar o'rtasida amalga oshirish imkoniyatini beruvchi milliydokon.uzex.uz (emilliydokon.uzex.uz) qo'shimcha sahifasi ishga tushirildi.

    Bunda davlat buyurtmachilari ushbu sahifadan foydalangan holda o'rtadagi masofaning yaqinligi evaziga ko'shimcha vaqt va pul mablag'larini tejashlari, mahalliy tadbirkorlar esa o'zlarining hududidagi davlat xaridlarida kengroq ishtirok etishlari mumkin.

    Shuningdek, davlat xaridlari bo'yicha etender.uzex.uz yangi savdo tizimi ham ishga tushirildi. Mazkur tizim tanlov va tenderlarni elektron shaklda amalga oshirish imkonini taqdim etadi.

    Ko'rgazma-yarmarka bo'yicha internet savdolarida tuzilgan bitimlar ijrosini birjaning hisob-kitob kliring palatasi orqali kafolatlash mexanizmi ham ishga tushirildi. Ushbu tizimning mobil ilovasi ham joriy etildi. Unda yarmarka.uzex.uz veb-saytining barcha funktsiyalari havola etilgan.

    Yana bir yangilik birjaning transport.uzex.uz logistika portalida maxsus elektron savdo tizimining joriy etilishi bo'ldi. Birjaning yangi elektron savdo platformasi tovarlarni, shu jumladan, birjada sotilgan yuqori likvidli mahsulotlarni xaridorlarga etkazib berish bo'yicha logistik xizmatlarni ko'rsatishga mo'ljallangan.

    Qolaversa, joriy yilda birjaning mobilraqam.uzex.uz veb-saytida ilk bor “Beeline” mobil aloqa operatorining mobil raqamlari ham sotila boshlandi.

    — Birjadagi barcha jarayonlar shaffof va oshkora bo'lishi zarur. Bu tamoyil qanday yo'llar bilan ta'minlanyapti va u korruptsiyaga qarshi kurashda qanday o'rin tutyapti?

    — Birja nafaqat bozor iqtisodiyotining muhim infratuzilmasi, balki korruptsiyaga qarshi kurashishning samarali vositasi hamdir. Bunda shaffoflik va oshkoralik zamonaviy IT-texnologiyalar yordamida birjaning barcha savdo tizimlarida, uning savdolari va onlayn auktsionlarning har bir bosqichida ta'minlanadi.

    Misol uchun, birja savdolarida ishtirokchilar taklif etilgan tovarlar to'g'risidagi batafsil ma'lumotlarni birjaning uzex.uz veb-sayti orqali bilib borishlari mumkin. Birja savdolari jarayonida brokerlar va ularning mijozlari bozordagi holatdan xabardor bo'lishadi. elektron savdolar yakunlangandan so'ng esa tovarlar uchun kotirovkalar (birja narxlari) rasmiy veb-saytimizda, ijtimoiy tarmoqlardagi sahifalar va ommaviy axborot vositalarida e'lon qilinadi.

    Ayni paytda, davlat xaridlari yo'nalishida shaffoflik jurnalist va blogerlarning diqqat markazida bo'lgan xarid.uz maxsus axborot portali orqali ta'minlanadi. Unda davlat xaridlari to'g'risida barcha ma'lumotlar, shu jumladan, o'tkazilgan xaridlarining natijalari joylashtiriladi hamda onlayn savdolar o'tkaziladi. O'zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi esa ushbu portalning operatori hisoblanadi. Joriy yilning o'tgan o'n bir oyida xarid.uz da 3,7 trillion so'mlik bitimlar tuzildi. Bunda byudjet va korporativ buyurtmachilarning mablag'larining tejalishi 11 foiz o'sib, 804,9 milliard so'mdan oshdi.

    Shaffoflik birjaning boshqa savdo tizimlari, jumladan, ko'rgazma-yarmarka savdolari (yarmarka.uzex.uz), avtoraqam (avtoraqam.uzex.uz) va mobil` raqamlar (mobilraqam.uzex.uz)ning onlayn auktsionlarida ham ta'minlanadi. Xususan, 2020 yil yanvar`-noyabr` oylarida avtoraqam.uzex.uz veb-saytida onlayn auktsionlar orqali 240,1 milliard so'mlik 93,9 mingdan ziyod “chiroyli” avtoraqam sotildi. Ularning sotuvi o'tgan yilning shu davriga nisbatan son jihatdan 2,9 baravar, hajmi bo'yicha 70 foiz o'sdi. Tuzilgan bitta bitimning o'rtacha qiymati 2,5 million so'mni tashkil etgan.

    Bundan tashqari, birjaning o'zida ham korruptsiyani bartaraf etish choralari qo'rilmoqda. Masalan, O'zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasi faoliyati bo'yicha jamoatchilik nazoratini kuchaytirish maqsadida @uzexanticorruptionbot anonim telegram-boti ishga tushirilgan.

    Mazkur bot orqali foydalanuvchilar O'zbekiston respublika tovar-xomashyo birjasida korrupsiya holatlari bilan to'qnashgani yuzasidan o'zlarining anonim xabarlarini yuborishlari mumkin. Bunda yuborilgan xabarlarning muallifi to'g'risida ma'lumotlar, jumladan, uning ismi (taxallusi), telefon raqami va boshqa shaxsiy ma'lumotlari oshkor etilmaydi, ya'ni maxfiyligi to'la ta'minlanadi.

    O'z navbatida, @uzexanticorruptionbot telegram-botiga kelib tushgan xabarlar bo'yicha korruptsiya holatlari haqiqatga mos kelishi yuzasidan ichki tekshiruv o'tkaziladi.

    — Yil yakuni sarhisob qilinar ekan, tabiiyki, istiqbol rejalarni ishlab chiqishga ham alohida e'tibor qaratiladi. 2021 yilda birja savdolari va onlayn auktsionlar sohasida yana qanday yangiliklar kutilmoqda?

    — O'zbekiston respublika tovar-xom ashyo birjasining kelajakdagi rejalariga, birinchi navbatda, shaffoflikni ta'minlash, savdolarda inson omilini yanada qisqartirish, ularning ishtirokchilari uchun yangi interaktiv xizmatlar va qulayliklarni taqdim etish hamda yangi savdo turlarini joriy etish kiradi.

    Kelgusi yilda biz elektron tijoratning B2C va C2C turlarini rivojlantirish choralarini ko'ramiz, ya'ni onlayn auksionlarga nafaqat kompaniyalar, balki jismoniy shaxslarni ham keng jalb qilamiz.

    Birja IT-kompaniya hisoblangani sababli 2021 yilda birjaning amaldagi IT-infratuzilmasi yangilanadi va barcha axborot tizimlarining xavfsizligi yanada oshiriladi.

    Shu bilan birga, mamlakatimizda birja mexanizmlaridan foydalangan holda talabgir oziq-ovqat mahsulotlarini import qilish orqali O'zbekistonda oziq-ovqat xavfsizligini ta'minlash va ichki bozorlarda narx-navo barqarorligini saqlash maqsadida xorijiy savdo maydonchalarimiz salohiyatini to'la ishga tushirib, hamkorlarimiz bilan aloqalarni yanada mustahkamlaymiz.

    “Yangi O'zbekiston” muxbiri

    Abdurauf QORJOVOV suhbatlashdi