Zero, temir yoʻl transporti orqali xomashyo va tayyor mahsulotlarning tez hamda arzon tashilishi har qanday davlatning iqtisodiy rivojlanishini jadallashtiradi. Bu tarmoq yetib borgan hududlarda yangi shahar va aholi punktlari, bozor va savdo markazlari paydo boʻlishi ham bejiz emas. Hududlararo temir yoʻl aloqasining yoʻlga qoʻyilishi odamlarning erkin harakatlanishi, hududiy birlik va madaniy integratsiyani kuchaytiradi.

Markaziy Osiyo mintaqasi tabiiy geografik joylashuv sabab azaldan Sharqu Gʻarb madaniyatlari uchun oʻziga xos chorraha vazifasini bajarib kelgan. Soʻnggi yil­larda dunyoda kechayotgan geosiyosiy vaziyat mintaqamizning bu boradagi ahamiyatini yanada oshirdi. Xususan, mamlakatimiz Osiyo va Yevropa qitʼalari, shuningdek, shimoliy va janubiy yoʻnalishlarni bogʻlovchi aso­siy boʻgʻin sifatida dunyoning muhim trans­port va logistika markazlaridan biriga aylanmoqda. Ana shunday tarixiy vaziyatda zamonaviy, energiya samarador temir yoʻl tarmoqlarini yaratish va takomillashtirish ahamiyati har qachongidan muhim.

Davlatimiz rahbarining qatʼiy siyosiy irodasi sabab soʻnggi oʻn yillikda Markaziy Osiyo davlatlari bilan yaqin qoʻshnichilik va oʻzaro manfaatli aloqalarni rivojlantirish mamlakatimiz tashqi siyosatining ustuvor yoʻnalishi etib belgilandi. Global dengiz xablaridan uzoq, jahon bozorlariga toʻgʻ­ridan toʻgʻri chiqish imkoni boʻlmagan hudud oʻlaroq mintaqa davlatlari uchun eng oqilona yoʻl ham shu edi. Zero, geografik oqsoqlikni yengib oʻtish uchun mintaqaviy va xalqaro in­tegratsiya bugun har qachongidan ham dolzarb­lashib bormoqda.

Mintaqaviy integratsiya temir yoʻl tar­moqlari faoliyati bilan chambarchas bogʻliq. Zero, yangi temir yoʻl tizimi Markaziy Osiyo davlatlari uchun eksport yoʻnalishlarini di­versifikatsiya qilish va shimoliy yoʻlaklarga qaramlikni kamaytirish imkoniyatini yarata­di. Transmintaqaviy bogʻliqlik esa loyiha­lar muvaffaqiyatini taʼminlab, transport va logistika xarajatlarini sezilarli dara­jada kamaytiradi, eksport uchun yangi bozor­larga yoʻl ochadi.

Prezidentimiz BMT Bosh Assambleya­sining 2017-yil sentyabrda boʻlib oʻtgan 72-sessiyasida nutq soʻzlab, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining maslahat uchra­shuvlarini muntazam oʻtkazish, temir yoʻl tarmoqlarini takomillashtirishdagi min­taqaviy hamkorlikni asosiy maqsad etib belgilash tashabbusini ilgari surgan edi.

Natijada oʻsha yil noyabrda Samarqand shahri mezbonligida “Markaziy Osiyo: yagona tarix va umumiy kelajak, barqaror rivojlanish va taraqqiyot yoʻlida hamkorlik” xalqaro konfe­rensiyasi oʻtkazildi. 2018-yil 15-martda esa Ostona shahrida Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining birinchi maslahat uchrashuvi tashkil qilindi.

Oradan koʻp oʻtmay, 2018-yil 22-iyunda BMT Bosh Assambleyasining “Markaziy Osiyo mintaqasida tinchlik, barqarorlik va izchil taraqqiyotni taʼminlash boʻyicha mintaqaviy va xalqaro hamkorlikni mustahkamlash” max­sus rezolyutsiyasi qabul qilindi. Shuningdek, 2018-yil 21-sentyabrda Toshkent shahrida “Markaziy Osiyo xalqaro transport yoʻlak­lari tizimida: strategik istiqbollar va foydalanilmagan imkoniyatlar” mavzusida yirik xalqaro anjuman oʻtkazildi.

Umuman olganda, 2017-2025-yillarda Oʻz­bekiston tashabbusi bilan Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining 50 dan ortiq uchrashuvi boʻlib oʻtdi. Mazkur tadbirlarda mintaqadagi transport bogʻlamlari, temir yoʻl liniyalari integratsiyasi boʻyicha qator kelishuvlarga erishildi.

Eng muhimi, Markaziy Osiyo temir yoʻl halqasining sharqiy yarim doirasini tash­kil qiluvchi Xitoy — Qirgʻiziston —Oʻzbe­kiston, Mozori Sharif — Kobul — Pesho­var tarmoqlarining qurilishi boshlangani mintaqada barqaror transport-logistika zanjirining yaratilishiga zamin hozirladi. Xavfsiz, qisqa va qulay transport yoʻlagi rivojlanishida bu yoʻnalish gʻoyat muhim.

Oʻz navbatida, Markaziy Osiyoning yangi temir yoʻl arxitekturasi shakllanishida Prezidentimizning shaxsiy tashabbuslari, saʼy-harakatlari muhim oʻrin tutayotganini eʼtirof etmoq kerak.

Gap faqat temir yoʻl tarmogʻi qurilishi­dagina emas. Mamlakatimizning bir vaqt­lardagidek ehtiyotkor, himoya pozitsiyasidagi davlatdan oʻziga ishongan mintaqaviy yetak­chiga aylanishi nafaqat Oʻzbekistonni, bal­ki butun mintaqani geosiyosiy identitet va oʻz taqdirini oʻzi belgilash fenomeni sari yetaklamoqda. Markaziy Osiyo davlatlari oʻr­tasida tarixan shakllangan savdo-iqtisodiy, ijtimoiy-madaniy bogʻliqlikning Prezi­dentimiz tomonidan qayta kashf qilinayot­ganini xalqaro jamoatchilik, dunyo afkor ommasi eʼtirof etayotgani sababi ham shunda.

Markaziy Osiyo endi raqobatlashuv va oʻzaro ishonchsizlik muhiti hukm suradigan mintaqa emas, balki mustahkam qardoshlik, umumiy tarix va taqdir, chegaralar mushta­rakligi ramziga aylanib bormoqda. Bu nati­jaga erishishda integrativ diplomatiyaning tashabbuskori boʻlgan Shavkat Mirziyoyevning dadil va uzoqni koʻzlagan pragmatik siyosati muhim omil boʻldi.

Ozodbek RAJABOV,

Mirzo Ulugʻbek nomidagi

Oʻzbekiston Milliy

universiteti dotsenti,

tarix fanlari doktori