Tadbirda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazishda koronavirus infeksiyasi (COVID-19) tarqalishining oldini olish, Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari huzurida saylov uchastkalarini tuzish, ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan oʻtkazish hamda D.A.Xidoyatovni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi etib roʻyxatga olish toʻgʻrisidagi masalalar koʻrib chiqildi.
Markaziy saylov komissiyasi aʼzolari majlis kun tartibidagi birinchi masala – Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazishda koronavirus infeksiyasi (COVID-19) tarqalishining oldini olish boʻyicha Yoʻriqnomani tasdiqlash masalasini koʻrib chiqdilar.
Yoʻriqnomada saylov okruglari va uchastkalarida, ovoz berish xonalarida saylov komissiyasi aʼzolari, saylovchilar, kuzatuvchilar va OAV vakillari uchun karantin qoidalariga rioya qilish talablari aks ettirilgan.
Qayd etilganidek, okrug va uchastka saylov komissiyalari joylashgan binolarning kirish qismida va ovoz berish xonasida ijtimoiy masofani saqlash uchun 1,5–2 metr oraliq masofani belgilovchi hamda harakatlanish yoʻnalishini koʻrsatuvchi chiziqlar boʻlishi lozim.
Okrug va uchastka saylov komissiyalari joylashgan binolarga kamida bir nafar tibbiyot xodimi biriktiriladi. Saylov okrugi hududida epidemiologik vaziyatning kunlik tahlili Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati hududiy boshqarmalari tomonidan olib boriladi.
Majlisda shuningdek, Oʻzbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari huzurida saylov uchastkalarini tuzish toʻgʻrisidagi qaror loyihasi koʻrib chiqildi.
Qayd etilganidek, Saylov kodeksining 10, 14 va 16-moddalariga muvofiq hamda Tashqi ishlar vazirligining Oʻzbekiston Respublikasining xorijiy davlatlardagi vakolatxonalari huzurida Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi saylov uchastkalarini tuzish haqidagi taqdimnomasiga asosan mamlakatimizning xorijiy davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari va konsullik muassasalari huzurida 54 ta Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazuvchi saylov uchastkalari tuziladi.
Shuningdek, majlisda ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan oʻtkazish toʻgʻrisidagi MSK qaroriga muvofiq 3 nafar mahalliy OAV vakili roʻyxatdan oʻtkazildi. Qayd etish joiz, shu kunga qadar akkreditatsiyadan oʻtkazilgan mahalliy OAV vakillari soni 757 nafar, xorijiy OAV vakillari soni 48 nafarni tashkil etadi.
Kun tartibiga kiritilgan navbatdagi masala yuzasidan Komissiya aʼzolari tomonidan Toshkent viloyati davlat hokimiyati vakillik organlari deputatlarining boʻshab qolgan oʻringa Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati aʼzosi saylovi boʻyicha 2021-yil 24-avgust kuni oʻtkazilgan qoʻshma majlisi bayonnomasiga asosan Davron Abdulpattaxovich Xidoyatov Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisining Senati aʼzosi etib roʻyxatga olindi.
Majlis soʻngida kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarorlari qabul qilindi, deb xabar beradi Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati.