Tadbirda Siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalarining toʻgʻri toʻldirilganligini tekshiruvchi Ekspert guruhlarini tuzish, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish, Ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan oʻtkazish, Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari roʻyxatidan chiqarish masalalari koʻrib chiqildi.

Markaziy saylov komissiyasi aʼzolari majlis kun tartibidagi birinchi masala – Siyosiy partiyalar tomonidan taqdim etilgan imzo varaqalarining toʻgʻri toʻldirilganligini tekshiruvchi Ekspert guruhlarini tuzish masalasini koʻrib chiqdilar.

Taʼkidlash joiz, Saylov kodeksining 39-moddasiga binoan, siyosiy partiyalar taqdim etgan imzo varaqalarining toʻgʻri toʻldirilganligi Markaziy saylov komissiyasi tomonidan besh kunlik muddatda tekshiriladi. Saylovchilar imzolari zarur sonining kamida oʻn besh foizi va imzo varaqalariga imzolarini qoʻygan saylovchilar toʻgʻrisidagi tegishli maʼlumotlar tekshirilishi lozim.

Markaziy saylov komissiyasi imzo varaqalari toʻgʻri toʻldirilganligini tekshiruvchi Ekspert guruhini tuzishi mumkin. Ekspert guruhi tarkibiga ichki ishlar organlarining, adliya organlarining mutaxassislari, shuningdek fuqarolik jamiyati institutlari vakillari jalb etiladi. Imzo varaqalarini tekshirishda siyosiy partiyalarning vakolatli vakillari ishtirok etadi.

Shuningdek, majlisda Prezidenti saylovida xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish masalasi koʻrib chiqildi.

Qayd etilganidek, Saylov kodeksining 33-moddasiga muvofiq, siyosiy partiyalardan, fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlaridan, shuningdek boshqa davlatlar va xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilar oʻz faoliyatini tegishli komissiyalar tomonidan berilgan mandatlar asosida amalga oshiradi. Manfaatdor tashkilotlar oʻz kuzatuvchilari toʻgʻrisida saylov komissiyalariga saylovdan kamida oʻn kun oldin ariza bilan maʼlum qiladi.

Manfaatdor tashkilotdan ariza olinganidan keyin besh kun ichida saylov komissiyasi kuzatuvchi uchun mandat beradi. Boshqa davlatlardan, xalqaro tashkilotlardan kuzatuvchilarga mandatlar Markaziy saylov komissiyasi tomonidan beriladi. Majlisda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovida xalqaro tashkilotlardan qatnashadigan kuzatuvchilarni akkreditatsiya qilish toʻgʻrisidagi MSK qaroriga muvofiq DIIHB YEXHTdan 3 nafar xalqaro kuzatuvchi roʻyxatdan oʻtkazildi.

Shuningdek, majlisda ommaviy axborot vositalari vakillarini akkreditatsiyadan oʻtkazish toʻgʻrisidagi MSK qaroriga muvofiq 36 nafar mahalliy OAV vakili roʻyxatdan oʻtkazildi. Qayd etish joiz, shu kunga qadar akkreditatsiyadan oʻtkazilgan mahalliy OAV vakillari soni 766 nafar, xorijiy OAV vakillari soni 48 nafarni tashkil etyapti.

Majlis davomida T.Xoldarovni Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzolari roʻyxatidan chiqarish toʻgʻrisidagi qaror loyihasi koʻrib chiqildi. MSK qaroriga binoan Topiboldi Xoldarov vafoti sababli Oliy Majlis Senati aʼzolari roʻyxatidan chiqarildi.

Majlis soʻngida kun tartibiga kiritilgan masalalar yuzasidan Markaziy saylov komissiyasining tegishli qarorlari qabul qilindi, deb xabar beradi Markaziy saylov komissiyasi matbuot xizmati.