“Markaziy va Janubiy Osiyoning tarixiy merosi” xalqaro forumi qanday ahamiyat kasb etadi?
Davlatimiz rahbari tomonidan Oʻzbekistonda, Termiz shahrida YUNESKO shafeligida “Markaziy va Janubiy Osiyoning tarixiy merosi” mavzusida xalqaro forum oʻtkazish taklif etildi. Aynan ushbu shaharda forumni oʻtkazish tashabbusi ham bejiz ilgari surilmagan. Buning uchun Termiz barcha maʼnaviy, iqtisodiy, geografik, tarixiy asoslarga ega. U qadimdan nafaqat savdo-iqtisodiy, balki madaniy aloqalarni taʼminlovchi, Markaziy va Janubiy Osiyoni oʻzaro bogʻlovchi koʻprik boʻlib kelgan.
Termizda tashkil etiladigan ushbu xalqaro forum mintaqalar xalqlarining ulkan tarixiy, ilmiy, madaniy-maʼrifiy merosini oʻrganish orqali Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi faol hamda ochiq muloqot, ulkan savdo-iqtisodiy va madaniy-sivilizatsion salohiyatni roʻyobga chiqarish yoʻllarini tahlil qilish hamda amaliy yechimlarni muhokama etish uchun imkoniyatlar eshigini ochadi.
Shu bilan birga, Termizda oʻtkazilishi koʻzda tutilgan mazkur forum Markaziy va Janubiy Osiyo aholisining katta qismini tashkil qiluvchi yoshlarning qiziqishi, intellektual salohiyatini yuzaga chiqaradigan, taʼlim, ilm-fan, madaniyat va sport, iqtisodiyot sohalarida qoʻshma dasturlarni amalga oshirishga qaratilgan. Jumladan, “Termiz xalqaro savdo markazi” tashkil etilayotgani, unda Afgʻoniston Islom Respublikasi fuqarolari va ushbu davlat hududi orqali kiruvchi boshqa mamlakat fuqarolari hamda fuqaroligi boʻlmagan shaxslarning, istisno tariqasida, Oʻzbekiston Respublikasiga kirish vizasini rasmiylashtirmasdan, shaxsiy va pasport nazoratidan oʻtgan holda (vaqtinchalik roʻyxatga olinmasdan), 10 kun davomida hududga kirish, u yerda boʻlish va chiqib ketish tartibi joriy qilinayotganini taʼkidlash joiz. Shuningdek, xorijiy tadbirkorlarga keng imkoniyatlar yaratilayotgani, Termizda afgʻon yoshlarini oʻqitishga qaratilgan Afgʻon taʼlim markazi faoliyat olib borayotgani, Termiz davlat universitetida qoʻshni davlatlardan kelib oʻqiyotgan 200 dan ortiq talabalarning asosiy qismini afgʻonistonlik yoshlar tashkil etishini eslab oʻtish lozim.
Birgina 2021-yil may oyida Termizda oʻtkazilgan Oʻzbekiston — Afgʻoniston biznes forumida qoʻshni davlat biznes hamjamiyatining 70 dan ortiq vakili, shuningdek, qator viloyatlarning hokimlari va mutasaddilari ishtirok etib, oʻzaro hamkorlik shartnomalari imzolandi.
Doimiy faoliyat yuritadigan Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari yoshlari kengashi nega zarur?
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev har ikki mintaqaning taqdiri va istiqbollari demografik jihatdan “yosh avlodning qanday taʼlim va tarbiya olishi, ular uchun qanday shart- sharoit va “sotsial lift”larni yaratib berishimizga bevosita bogʻliq” ekaniga alohida urgʻu berdi. Aynan shularni hisobga olib, davlatimiz rahbari tomonidan yoshlar masalasida samarali hamkorlikni yoʻlga qoʻyish maqsadida doimiy faoliyat yuritadigan Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari yoshlari kengashini tuzish taklif qilindi.
Markaziy Osiyo dunyodagi eng yosh mintaqa. Aholisining oʻrtacha yoshi 27,6 yoshni tashkil etadi. Oʻzbekistonda esa aholining 18,9 million nafari yoki 54 foizi 30 yoshgacha boʻlgan yoshlar va bolalardan iborat. Yuqoridagi raqamlardan bu taklif naqadar oʻrinli ekani koʻrinadi.
Mamlakatlar birgalikda yoshlarni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, ularning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, istiqbol uchun masʼuliyatni oʻz zimmasiga olishga qodir, tashabbuskor, shijoatli yoshlarni tarbiyalash borasida alohida tizim yaratishi kelajak taraqqiyotining kafolati boʻladi.
Shu maʼnoda, Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari yoshlari kengashining tashkil etilishi konferensiya doirasida ilgari surilgan tashabbuslar va transmintaqaviy loyihalarni amalga oshirish hamda mintaqada xavfsizlikni taʼminlash hamda iqtisodiy-innovatsion rivojlanishda yoshlar faolligini qoʻllab-quvvatlash juda katta ahamiyatga ega.
Barcha imkoniyat va intilishlar maqsad sari yetaklaydi
“Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi konferensiya ikki mintaqa davlatlari oʻrtasida tuzilgan bitimlarning istiqboli, savdo, inves titsiyalar, transport, energetika va innovatsiyalar, “yashil” texnologiyalar yoʻnalishlarida oʻzaro kelishuvlarni rivojlantirish borasida aniq loyiha va dasturlarni amalga oshirish, turizm, taʼlim, sogʻliqni saqlash, fan va madaniyat sohalarida sheriklikni kengaytirish, ikki mintaqa barqarorligi va xavfsizligini taʼminlash borasidagi ilk geoiqtisodiy hamda geotsivilizatsion hamkorlikning asosiy tamoyillarini belgilab bergan tarixiy anjuman boʻldi.
Shu bilan birga, turli tahdidlar va global geosiyosiy oʻzgarishlar avj olgan ayni davrda Oʻzbekistonning ochiq tashqi siyosatidagi nafaqat qoʻshni mamlakatlar, balki yondosh mintaqalar bilan ham yaqinlashish hamda iqtisodiy-madaniy hamkorlikni rivojlantirish tendensiyasini yaqqol namoyish etdi.
Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlari oʻrtasidagi xalqaro hamkorlikni rivojlantirish strategiyasining amalga oshishi mamlakatimizda faoliyat koʻrsatayotgan har bir soha va yoʻnalish subyektlarining shijoati va amaliy harakatiga ham bogʻliq. Bu borada oliy taʼlim muassasalari professor-oʻqituvchilari, olimlar, ziyolilar, faol talabalar yakdil boʻlib, konferensiya mazmunmohiyatini keng jamoatchilikka, ayniqsa, yoshlarga yetkazishda, ikki mintaqa universitetlari, ilmiy markazlari va yetakchi olimlari bilan ilmiymadaniy hamkorlikni yoʻlga qoʻyishda keng imkoniyatlarga ega.
Shu jarayonda mintaqalar tarixini oʻrganish, keyingi yillarda oʻqitishdan chetda qolgan “Diplomatik munosabatlar”, “Xalqaro munosabatlar”, “Janubiy Osiyo va Markaziy Osiyo davlatlari xalqaro munosabatlari” kabi qator oʻquv fanlarini zamonaviy tusda qayta shakllantirish, sayyohlik sohasida hamkorlikni takomillashtirish hamda “Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo mamlakatlari turizmi tadqiqotlar markazi” faoliyatini yoʻlga qoʻyishda samarali hissa qoʻshishga ishonadi. Prezidentimiz atrofida jipslashib, xalq farovonligi va Vatan ravnaqi, mintaqalar rivoji yoʻlida xizmat qilish orqali koʻzlangan maqsadga, albatta, erishamiz.