Raqamlarga murojaat qilsak, 2017-yilda mintaqaning yalpi ichki mahsuloti 253 milliard dollarni tashkil etgan boʻlsa, 2020-yil yakuniga kelib, pandemiya boʻlishiga qaramay, bu koʻrsatkich 300 milliard dollarga yetdi. Mintaqa davlatlarining xorijiy mamlakatlar bilan savdo aylanmasi ham 2020-yilda 168 milliard dollarga yetib, 56 foizga oshdi. Bularning barchasi uzoqni koʻzlab yuritilayotgan oqilona siyosat samarasidir.
Yurtimizda va mintaqamizda erishilayotgan bunday muhim natijalar xalqaro miqyosda ham eʼtirof etilayotgani quvonarlidir. Qolaversa, tashqi siyosat sohasidagi dadil qadamlar tufayli Oʻzbekistonga xalqaro hamjamiyatning hurmat-eʼtibori oshdi. Shu bilan birga, Markaziy Osiyo yakdil mintaqa sifatida baholanishiga erishildi.
TARIXGA NAZAR
Tahlillar shuni koʻrsatadiki, Markaziy Osiyo davlatlari mustaqillikka erishgandan soʻng mintaqada turli integratsiya loyihalari yaratilgan. Ular sirasiga Markaziy Osiyo iqtisodiy hamjamiyati, Markaziy Osiyo hamkorlik tashkiloti, Markaziy Osiyo ittifoqi tashkil etilishini kiritish mumkin. Bir qator omillar sabab ularning faoliyati uzoq davom etmadi. Ammo mintaqaviy hamkorlikka toʻsqinlik qiluvchi ushbu sabablar vaqtinchalik edi. Zero, mintaqa xalqlarining tarixiy ildizlari, madaniyati, din va til uygʻunligi, shuningdek, umuminsoniy qadriyatlarga sodiqlik paydo boʻlayotgan muammolarga birgalikda javob berish, ularga samarali yechim topish yoʻllarini izlash va taraqqiyot yoʻlida birgalikda intilish uchun zamin yaratmoqda.
Garchi, bugungi kunda har bir davlat ijtimoiy-siyosiy va ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishni hamda turli tashqi siyosiy va iqtisodiy ustuvor yoʻnalishlarni mustaqil ravishda tanlagan boʻlsa-da, mintaqa davlatlarining barchasini koʻp asrlik savdo-iqtisodiy aloqalar, transport va energetika kommunikatsiyalarining rivojlanayotgan tarmogʻi, shuningdek, xavfsizlikka tahdid va xatarlarni bartaraf etishga intilish istagi birlashtiradi. Bugungi kunda Markaziy Osiyo davlatlari oʻrtasida yana-da qulay va samarali hamkorlik uchun barcha zarur shart-sharoit mavjud.
MINTAQAVIY HAMKORLIKKA KOʻMAKLASHUVCHI ASOSIY OMILLAR
Jahon savdo yoʻllari chorrahasida joylashgan Markaziy Osiyo qadimdan madaniyatlar va sivilizatsiyalarning oʻzaro taʼsiri jarayonida muhim oʻringa ega boʻlgan. Buyuk ipak yoʻli (miloddan avvalgi II asr — milodiy XV asr) xalqaro transport aloqa yoʻli sifatida nafaqat Osiyo va Yevropa savdo yoʻnalishlari, balki qitʼalar va mamlakatlar oʻrtasidagi oʻzaro axborot-sivilizatsiya muloqotini ham taʼminlagan, yangi texnologiyalar va yangiliklar tarqalishida oʻziga xos chorraha vazifasini oʻtab, qishloq xoʻjaligi ekinlari, agrotexnologiyalar, sivilizatsiyalararo va texnologik almashinuv, shuningdek, madaniy qadriyatlar uchun ham qulay sharoitlarni yuzaga keltirgan.
Transport-infratuzilmaviy kommunikatsiyalarni takomillashtirish va Markaziy Osiyoga xalqaro tranzit yuk tashuvchilarni jalb etish mintaqa davlatlarini birlashtiruvchi eng muhim vazifalardan biridir. Uni hal etish mintaqadagi ijtimoiy-iqtisodiy vaziyatni yaxshilash zarurati bilan belgilanadi.
Markaziy Osiyo davlatlarini zamonaviy xatar va tahdidlarga qarshi turish zarurligi va buni faqat mintaqada joylashgan barcha davlatlarning faol ishtiroki yordamida amalga oshirish mumkinligi haqidagi umumiy tushuncha birlashtirib turadi. Bularning barchasi mintaqaviy oʻzaro hamkorlikni mustahkamlash va Markaziy Osiyoni “hamkorlik va taraqqiyot mintaqasi”ga aylantirish uchun mustahkam zamin hozirlaydi.
YANGI SIYOSAT — YANGI UMIDLAR
Prezidentimiz tashabbusi bilan yuritilayotgan tashqi siyosatning muhim yoʻnalishi mintaqamiz mamlakatlarining ana shunday salohiyatini roʻyobga chiqarishga yoʻnaltirilgani bilan ahamiyatlidir. Ushbu maqsad yoʻlida olib borilayotgan izchil siyosat tufayli Oʻzbekiston xalqaro munosabatlar tizimida odatiy ishtirokchidan faol, tashabbuskor davlatga aylandi. Buni mintaqaviy va nufuzli xalqaro tashkilotlar doirasida ilgari surilayotgan taklif-tashabbuslar va ularning xalqaro hamjamiyat tomonidan qoʻllab-quvvatlanayotgani misolida koʻrish mumkin.
Bu borada erishilayotgan yutuqlarga toʻxtalsak. Markaziy Osiyoda, eng avvalo, siyosiy muloqot, oʻzaro ishonch muhiti yuksak darajaga koʻtarildi. Buning aniq natijasi sifatida Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Markaziy Osiyo davlat rahbarlarining maslahatlashuv uchrashuvlari tashkil etilgani boʻldi. Mazkur uchrashuv doimiy muloqot maydoniga asos soldi, mintaqada xavfsizlik, barqaror rivojlanishni taʼminlashga xizmat qilib kelmoqda.
Siyosiy aloqalarning faollashuvi iqtisodiy munosabatlar rivojlanishiga ham turtki boʻldi. Qoʻshni mamlakatlar bilan savdo-sotiqning rivojlanishi mintaqaning investitsion jozibadorligi oshishiga zamin yaratmoqda. 2020-yil yakuniga koʻra, mintaqaga kiritilgan jami xorijiy sarmoyalar qiymati 37 milliard dollarni tashkil etib, 2016-yilga nisbatan 40 foizga oshdi. Bu raqamlar qisqa muddatda qanchalik oʻsishga erishilganini yaqqol ifoda etadi.
Madaniy gumanitar aloqalar ham jadal rivojlanmoqda. Birgina turizm sohasini olaylik. Bugungi kunda bu yoʻnalishda ilgari deyarli foydalanilmagan imkoniyatlar ochilyapti. 2017-yilda mintaqaning besh davlatiga 9,5 million sayyoh tashrif buyurgan boʻlsa, pandemiya davriga qadar bu koʻrsatkich ikki barobar oshgan.
Mintaqadagi bunday oʻzgarishlar transmintaqaviy hamkorlikni rivojlantirishga ham qulay sharoit yaratmoqda. Yaʼni Oʻzbekistonning Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan aloqalari ham yangi bosqichga koʻtarilmoqda.
MARKAZIY VA JANUBIY OSIYO — YAGONA MAKON, YANGI IMKONIYATLAR
Aytish kerakki, mamlakatimiz tashqi siyosatida Janubiy Osiyo hamisha ustuvor yoʻnalish boʻlib kelmoqda. Ammo yaqin-yaqingacha biz Janubiy Osiyoga nisbatan asosan Afgʻoniston omili orqali, yaʼni xavfsizlik nuqtayi nazaridan yondashib kelganmiz. Buning natijasida ikki tomonlama munosabatlar yetarli darajada yoʻlga qoʻyilmadi, mavjud imkoniyatlardan foydalanilmadi. Buni raqamlar bilan ifodalaydigan boʻlsak, 2017-yil Oʻzbekistonning Janubiy Osiyoning yetakchi davlatlari — Pokiston bilan savdo aylanmasi atigi 36,5 million dollarni, Hindiston bilan 323 million dollarni tashkil etgan. Bu koʻrsatkich 2020-yil 123 million dollar va 442 million dollarga yetdi.
Davlatimiz rahbari tashabbusi bilan soʻnggi yillarda xalqaro munosabatlar sohasida mazkur davlatlar bilan ham munosabatlar yangi bosqichga koʻtarildi. Bugungi kunda Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlik kuchaydi.
Aytish kerakki, Janubiy Osiyo biz uchun yirik bozor, aholi nufusi 2 milliarddan ortiq. Yalpi ichki mahsuloti 3,4 trillion dollar. Janubiy Osiyo mamlakatlarining oʻrtacha yillik oʻsishi 6-7 foiz. Bu shuni ifodalaydiki, yonginamizda shunday katta iqtisodiy makon bor. Undan unumli foydalanish ikki tomonga ham katta manfaat yetkazadi. Buni boy tariximiz yaqqol isbotlaydi.
Agar tariximizga nazar tashlaydigan boʻlsak, Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo mintaqasi mamlakatlari azaldan yagona makon sifatida uygʻun rivojlanib kelgan, barcha sohalarda yaqin hamkorlik qilgan. Buyuk mutafakkir Abu Rayhon Beruniyning “Hindiston”, Zahiriddin Muhammad Boburning “Boburnoma” asarlari va boshqa tarixiy manbalar bu yaqin rishtalarning yaqqol dalilidir. Bugungi saʼy-harakatlarimizning asosiy maqsadi ana shu tarixiy aloqalarni tiklash, xalqlarimiz oʻrtasida doʻstlik, qardoshlik rishtalarini yana-da mustahkamlash, pirovardida mamlakatlarimiz taraqqiyotini yangi bosqichga koʻtarishdir. Shu maqsadda Oʻzbekiston soʻnggi yillarda Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan aloqalarni tobora rivojlantirmoqda.
Markaziy Osiyo respublikalari dengiz yoʻliga chiqish uchun bir davlatni, faqat Oʻzbekiston ikki davlat hududini kesib oʻtishi kerak. Bu iqtisodiy oʻsishga jiddiy toʻsiq boʻlmoqda. Misol uchun, Markaziy Osiyo davlatlaridan Shanxayga bitta konteyner yetkazish Turkiya va Polsha davlatlariga nisbatan 5 barobar qimmat. Yana bir maʼlumot, dengizga chiqish imkoniyatiga ega boʻlmagan davlatlar eksport daromadlarining 18 foizini transport xarajatlariga ishlatadi. Bu koʻrsatkich dengizga chiqish imkoniyatiga ega davlatlarda 9 foizni tashkil etadi.
Prezidentimiz tomonidan ilgari surilayotgan va jahon hamjamiyati tomonidan keng qoʻllab-quvvatlanayotgan “Mozori Sharif — Kobul — Peshovar” temir yoʻli qurilishi mintaqalarimizning iqtisodiy rivojlanishini tubdan oʻzgartirishi shubhasiz. Iqtisodiy tahlilchilarning maʼlumotiga koʻra, yangi yoʻl ishga tushishi bilan Markaziy Osiyodan Janubiy Osiyoga bitta konteynerni yetkazish narxi 900 dollardan 286 dollarga arzonlashadi. Bundan tashqari, yuk tashishga sarflanadigan vaqt 35 kundan 3-5 kungacha qisqaradi. Shu bilan birga, eksport salohiyati ham keskin oshadi.
Oʻz navbatida, xavfsizlik masalalarini ham inkor etib boʻlmaydi. Xususan, Afgʻonistondagi notinchlik, terroristik guruhlarning faoliyati bu boradagi ezgu maqsadlarimizga toʻgʻanoq boʻlishi tabiiy. Shu bois, Oʻzbekiston Afgʻonistonda tinchlik oʻrnatishdan doimo manfaatdor va bu yurtda tinchlikni mustahkamlash, turli tarmoqlarni rivojlantirishga hissa qoʻshishga intilib kelyapti.
OʻZARO BOGʻLIQLIK KONSEPSIYASI YARATILMOQDA
Ikki mintaqaning oʻzaro bogʻliqligini taʼminlash uchun soʻnggi yillarda davlatlarimiz oʻrtasida ikki tomonlama munosabatlar va bir qator xalqaro tashkilotlar doirasida koʻp tomonlama faol tashqi siyosat olib borilmoqda. Yuqori darajadagi uchrashuvlar tashkil etilyapti. Bundan tashqari, transmintaqaviy loyihalar ham rivojlanmoqda. Ularni amalga oshirish jarayonida erishilayotgan natijalar barobarida hali yechimini kutayotgan muammolar ham yoʻq emas.
Bunga davlatlarning yondashuvlaridagi tafovutlar sabab boʻlyapti. Uning yechimi esa, mintaqalarni birlashtirishning asosini tashkil etuvchi muhim yoʻnalishlar boʻyicha yagona yondashuvga ega boʻlishda. Shu maʼnoda, soʻnggi yillarda davlatimiz rahbari tashabbusi bilan amalga oshirilayotgan ikki mintaqa oʻrtasidagi munosabatlarni faollashtirishga qaratilgan ishlar kelgusida Markaziy Osiyo va Janubiy Osiyo mintaqalarining oʻzaro bogʻliqlik konsepsiyasiga asos solishga zamin yaratmoqda, desak mubolagʻa boʻlmaydi.
Endi 2021-yil 15-16-iyul kunlari Toshkent shahrida oʻtkaziladigan “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” nomli xalqaro konferensiya xususida toʻxtalib oʻtsak. Prezidentimiz tashabbusi asosida tashkil etilayotgan tadbirda dunyoning qator mamlakatlaridan yetuk davlat va siyosat arboblari, yetakchi olimlar va ekspertlar, nufuzli xalqaro tashkilotlar vakillari ishtirok etishi koʻzda tutilgan.
Tadbir dasturidan mintaqalarimiz oʻrtasida transport-tranzit va madaniy-gumanitar aloqalarni rivojlantirish, xavfsizlikni taʼminlash bilan bogʻliq muhim masalalar oʻrin olgan. Ushbu nufuzli xalqaro anjuman mintaqalarimiz oʻrtasida oʻzaro aloqalarni yana-da kengaytirish, hamkorlikning yangi qirralarini ochish, tinchlik va taraqqiyot yoʻlidan dadil odimlashimizda oʻz samaralarini beradi.
Baxtiyor MUSTAFOYEV,
Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori oʻrinbosari