Janubiy Osiyo: geoiqtisodiy salohiyat
Janubiy Osiyoning jahon xoʻjalik aloqalari tizimidagi roli va taʼsiri tobora ortib bormoqda. Umumiy aholi soni qariyb ikki milliard kishiga teng boʻlgan, YAIM yiliga 6,6-7,2 foiz oʻsayotgan, nominal YAIM 3,461 trillion dollarni tashkil etuvchi ushbu mintaqa bugungi kunda global iqtisodiy markazlardan biri hisoblanadi. Har ikki mintaqa oʻrtasida tovar almashinuvi hajmi ortib bormoqda. Xususan, 2020-yil yakuniga koʻra, Oʻzbekistonning Janubiy Osiyo davlatlari bilan tashqi savdosining umumiy hajmi 1,38 milliard dollarni (yoki 3,8 foiz) tashkil etgan.
Qozogʻistonning Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan savdosining umumiy hajmi 2,3 milliard dollarga (2,3 foiz) teng. Umuman olganda, 2020-yil yakunlariga koʻra, Markaziy Osiyodagi barcha davlatlarning Janubiy Osiyo mamlakatlari bilan tovar aylanmasi qariyb 4,4 milliard dollarni tashkil etdi. Demak, kelgusida bu tendensiya tobora va tez surʼatlarda kuchayib borishi tayin.
Markaziy Osiyo mamlakatlarining energetika salohiyatiga Janubiy Osiyoning jadal rivojlanayotgan iqtisodiyotida talab izchil kuchaymoqda. Bu Markaziy Osiyodan Afgʻoniston orqali janubiy yoʻnalishda elektr energiyasi uzatish tarmogʻi qurilishi boʻyicha loyihalarning muvaffaqiyatli amalga oshirilishi uchun shart-sharoit yaratadi. Markaziy va Janubiy Osiyo energetika nuqtayi nazaridan bir-birini toʻldiradi.
Soʻnggi oʻn yillikda Markaziy Osiyo davlatlaridan Pokiston va Hindistonga gaz hamda elektr energiyasini eksport qilish boʻyicha loyihalar ishlab chiqilayotgani bejiz emas. Ana shunday loyihalar orasida Afgʻoniston elektr energetikasini rivojlantirish boʻyicha CASA-1000 va Pokiston, kelajakda esa Hindiston ishtirokida mintaqaviy elektr tarmogʻini rivojlantirish boʻyicha loyihalar, Turkmaniston — Afgʻoniston — Pokiston — Hindiston (TAPH) gaz quvurini oʻtkazish, shuningdek, Afgʻoniston Islom Respublikasi energiya tizimini Oʻzbekiston va mintaqaning energiya tizimiga ulash imkonini beruvchi “Surxon — Puli Xumri” elektr energiyasi uzatish tarmogʻini qurish boʻyicha loyihalar alohida oʻrin tutadi. Qoʻshma ishlab chiqarish infratuzilmasi va tegishli keng koʻlamli kommunikatsiya tarmogʻi yaratilmasa, mintaqaviy integratsiya samara bermaydi. Bu oʻrinda Markaziy Osiyo mintaqasining muhim transport kommunikatsiyalari uzeli sifatidagi strategik ahamiyati kattadir.
Mintaqamiz yaqin orada Shimol va Janub, Gʻarb va Sharq oʻrtasida bogʻlovchi boʻgʻinga aylanishi mumkin va shunday ham boʻlmoqda. Ayni paytda mintaqa oʻzining transport-kommunikatsiya salohiyatini va dengiz bandargohlariga chiqish imkoniyatini oshirib bormoqda. Hind okeani tomon yangi transport yoʻlaklarining ochilishi Markaziy Osiyo mamlakatlariga Hindiston, Pokiston va Janubiy Osiyoning boshqa mamlakatlari bilan savdo qilishda qitʼalararo tashuvlar imkoniyatini yaratadi.
Ayni paytda Shimol — Janub yoʻnalishida yuklar oqimining koʻpayishi Gʻarb — Sharq yoʻnalishi boʻyicha savdo aylanmasining transport-logistika muammolarini samarali hal qilishga, Yevropa Ittifoqidan XXRga yuklarning harakatlanishiga nisbatan Xitoydan Gʻarb tomon yuk oqimining koʻpayishi bilan bogʻliq muvozanatsizlikni toʻgʻrilashga ham yordam berishi mumkin. ASEAN va umuman, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi mamlakatlari Janubiy va Markaziy Osiyo mintaqalarining oʻzaro transport bogʻliqligini yaxshilashda tom maʼnoda ishonchli va hurmatga sazovor hamkorlarimizga aylanishlari mumkin. Natijada ular Hind okeani bandargohlari hamda Janubiy va Markaziy Osiyo temir yoʻllari orqali Yevroosiyo va Sharqiy Yevropa bozorlariga yana-da qulay chiqish imkoniyatini qoʻlga kiritadi.
Afgʻoniston — mintaqani oʻzaro bogʻlovchi markaz
Markaziy va Janubiy Osiyo oʻrtasidagi mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlikning asosiy boʻgʻini — umumiy mintaqamizning ajralmas qismi hisoblangan Afgʻonistondir. Bugungi kunda Afgʻonistonning xalqaro infratuzilma loyihalariga integratsiyalashuvi va Markaziy Osiyo davlatlarini Janubiy Osiyo mintaqasi bilan bogʻlashga moʻljallangan transport yoʻlakl arini rivojlantirishning yangi strategik imkoniyatlari ochilmoqda. Shu sababli BMT Bosh Assambleyasining 75-sessiyasidagi nutqi doirasida davlatimiz rahbari tomonidan mintaqamizning global iqtisodiy va transport yoʻlaklariga chuqur integratsiyalashuvini taʼminlash uchun BMT shafeligida Transport-kommunikatsiya aloqalarini rivojlantirish mintaqaviy markazini ochish tashabbusi ilgari surildi.
Germaniyalik ekspert G.Knabening taʼkidlashicha, Afgʻoniston azaldan tranzit mamlakat — tarixan transmintaqaviy oʻzaro bogʻliqlikning asosiy boʻgʻini, taʼbir joiz boʻlsa, hamkorlik koʻprigi hisoblanadi. Binobarin, Afgʻonistonning keyinchalik yoʻqolib qolgan ana shu oʻta muhim rolini tiklash orqali ikki mintaqa oʻrtasidagi barqarorlikni “jipslashtiruvchi” mexanizmga ega boʻlishimizga shubha yoʻq. Rossiyalik ekspert T.Bordachyov esa Oʻzbekistonning transmintaqaviy loyihalarni amalga oshirishni birinchi oʻringa qoʻyishi mutlaqo toʻgʻri, chunki ushbu loyihalar Afgʻonistonda tinchlik uchun oʻzaro maqbul formulani qidirib topishning asosiy drayverlariga aylanishi mumkin, degan fikrda.
Ekspertlarning taʼkidlashicha, Afgʻonistonning iqtisodiy rekonstruksiyasi uchun yana-da qulay sharoit yaratish, uning mintaqaviy savdo-iqtisodiy aloqalarga yana-da samarali integratsiyalashuvi va ushbu mamlakatda uzoq muddatli tinchlik oʻrnatish hamda barqaror rivojlanishiga qoʻshni davlatlarning qiziqishini mustahkamlash — bularning barchasi Markaziy va Janubiy Osiyoning oʻzaro bogʻliqligini rivojlantirish dasturining ulkan samarasi boʻlishi tayin.
Shunday qilib, Oʻzbekiston tashabbusi bilan “Mozori Sharif — Kobul — Peshovar” temir yoʻlining qurilishi Afgʻoniston tashqi savdosining 50 foiz oʻsishini taʼminlashi va tranzitdan Kobulga yiliga 400-500 million dollar daromad kelishi mumkin. Oʻz navbatida, Janubiy Osiyo mamlakatlari nuqtayi nazaridan ushbu temir yoʻl tarmogʻining ishga tushirilishi Markaziy Osiyo, MDH va Yevropaga tovarlar yetkazib berish muddatini sezilarli darajada qisqartiradi. Markaziy Osiyo mamlakatlari nuqtayi nazaridan esa transafgʻon yoʻlagi Janubiy Osiyoning istiqbolli bozorlariga mutlaqo yangi va eng qisqa yoʻlni ochib beradi.
Umuman olganda, ushbu magistralning ishga tushirilishi Markaziy va Janubiy Osiyo mamlakatlarining inklyuziv iqtisodiy rivoj lanishga erishishi uchun qudratli platformani yaratadi. Loyiha Afgʻoniston ichki transport-kommunikatsiya tarmogʻini kengaytirish, Markaziy va Janubiy Osiyoning yana-da keng infratuzilmaviy oʻzaro bogʻliqlikning ajralmas qismiga aylanishiga xizmat qiladi. Rossiya, Xitoy va AQSH mazkur loyihani qoʻllab-quvvatlashini maʼlum qildi. Jahon banki, OTB, YETTB, ITB, OIIB, Xalqaro taraqqiyot moliya korporatsiyasi vakillari Peshovar yoʻnalishida temir yoʻl qurilishiga qiziqish bildirdi.
Markaziy Osiyo davlatlari va Eron orqali Hindistonga, Yaqin Sharq mamlakatlariga hamda qaytish yoʻnalishida — Yevroosiyo va Xitoy tomon transport infratuzilmasini rivojlantirish hamda tovarlar tranziti Afgʻonistonga ham sezilarli samara keltirishi mumkin. Bu yoʻnalishda Shimol — Janub va Gʻarb — Sharq yoʻnalishlari boʻylab transport yoʻlaklarini bogʻlaydigan Markaziy Osiyo transport yoʻlaklari rivojlanishi alohida ahamiyatga ega. “Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston” temir yoʻl loyihasining “Bir makon, bir yoʻl” keng transport yoʻlaklari tarmogʻiga kiritilishi va Hind okeani portlariga chiqishi Afgʻonistonning xalqaro va mintaqaviy iqtisodiy jarayonlarga faol bogʻlanishini taʼminlaydi.
Transmintaqaviy magistrallar bilan ulanadigan “Mozori Sharif — Kobul — Peshovar” trassasi kabi yirik iqtisodiy loyihalar Afgʻoniston inqirozini tinch yoʻl bilan hal etish va bu mamlakatning iqtisodiy taraqqiyoti yoʻlidagi birlashtiruvchi saʼy-harakatlarning boshlanishidir. Ikki mintaqaning oʻzaro transport-iqtisodiy bogʻliqligini mustahkamlash Osiyo qitʼasi boʻylab savdo-iqtisodiy aloqalarning rivojlanishiga katta ijobiy taʼsir koʻrsatishi, Markaziy Osiyo mintaqasi yirik transport va keyinchalik iqtisodiy markazga aylanishi muqarrar.
Xalqaro anjumandan kutilayotgan natijalar
Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti tashabbusi bilan 15-16-iyul kunlari Toshkent shahrida “Markaziy va Janubiy Osiyo: mintaqaviy bogʻliqlik. Tahdidlar va imkoniyatlar” mavzusidagi xalqaro konferensiya tashkil etilmoqda.
Konferensiya yakunlariga koʻra, birinchi navbatda, ikki mintaqaning transport va tranzit salohiyatini amaliyotga joriy etish, istiqbolli bozorlarga chiqish, eksportni kengaytirish, investitsiyalar, innovatsiyalar va texnologiyalarni jalb etish, gumanitar va sayyohlik almashinuvlarini faollashtirish boʻyicha aniq taklif va tashabbuslar ilgari surilishi kutilmoqda.
Ikkinchidan, ushbu mintaqalarda innovatsion muhit yaratish, yirik infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish, albatta, zamonaviy transport-kommunikatsiya infratuzilmasi, Markaziy Osiyoni Janubiy Osiyo va boshqa mintaqalar bilan bogʻlaydigan telekommunikatsiya, ishlab chiqarish va texnologik tarmoqlarni rivojlantirish uchun kuchli turtki boʻladi.
Uchinchidan, eng muhimi — mintaqalararo oʻzaro bogʻliqlikni mustahkamlash tashabbusi dunyoning keng, strategik jihatdan muhim hududida innovatsion iqtisodiy oʻsish, barqaror taraqqiyot va tinchlikni taʼminlashga qaratilgan boʻlib, uning olgʻa rivojlanishi yaqin oʻn yillikda koʻp jihatdan dunyo rivojlanishi dinamikasi va xarakterini belgilab beradi.
Toʻrtinchidan, xalqaro konferensiya natijalari nafaqat Prezident Shavkat Mirziyoyev ulkan integratsiya loyihasi gʻoyasining muallifi ekanini shoyon etadi, ayni chogʻda Oʻzbekistonga mintaqaviy oʻzaro bogʻliqlik sari ulkan transmintaqaviy yoʻlni ochishga harakat qilayotgan oʻziga xos “lokomotiv”, yaʼni yetakchi maqomini ham taqdim etadi.
Beshinchidan, xorijlik ekspertlar davlatimiz rahbari tashabbusiga Oʻzbekistonning zamonaviy tashqi siyosat strategiyasining mantiqiy davomi sifatida baho beradilar. Anjuman doirasida Toshkent tashqi hamkorlarni submintaqaviy miqyosdagi loyihalarni amalga oshirishda oʻzaro manfaatli hamkorlikka chaqiradi. Bu dadil odimlar bugungi kunda Oʻzbekistonning butun dunyo qoʻllab-quvvatlayotgan Afgʻoniston borasidagi siyosatini, ayniqsa, har jihatdan toʻldiradi. Darhaqiqat, Shavkat Mirziyoyev siyosiy bashorat, yaʼni uzoqni koʻra bilish va toʻgʻri chamalashdek noyob qobiliyatga ega.