Tanang otdir, ruhing uning suvoriysi,
Ot ozigʻi suvoriyga oziq boʻlmas.
Bugun biz isteʼmolchilar jamiyati bilan roʻbaroʻ turibmiz. Otga oziq beryapmizu, uni boshqarishi lozim boʻlgan suvoriyni unutib qoʻyayotgan davr bilan yuzma-yuzmiz. Isteʼmolchilik jamiyati bilan yuzlashib, oddiy toparmon-tutarmon mavjudotga aylanib qolayotgan kishilarni koʻrib, hazratning soʻzlari zalvori, yuki yanada ortishini anglaydi kishi.
Xalqimizda bunday gap bor:
“Yomon soʻz tuzingga uradi, yomon yemish yuzingga uradi”.
Mavzumiz isteʼmolchilik va maromiylik ekan, u bevosita bugun biz isteʼmol qilayotgan moddiy, maʼnaviy, axboriy “taomlar”ning sifati, turi bilan bogʻliqdir.
Avvalo, maromiylik degan soʻzga toʻxtalsak. Har bir narsada meʼyor, marom, moʻtadillik boʻladi. Busiz inson ham, u mansub jamiyat ham foyda koʻrmaydi.
Mavzuga bevosita daxldor — AQSHdagi yaqin oʻtmish voqeligiga toʻxtaladigan boʻlsak, bir qator sotsiologlar isteʼmolchilik gʻoyasining vujudga kelishini Ikkinchi jahon urushidan soʻng paydo boʻlgan ortiqcha ishlab chiqarish quvvatlari saqlab qolingani bilan bogʻlaydi.
Darhaqiqat, urush yillarida AQSH sanoati jadal rivojlangan, harbiy buyurtmalar hisobiga ishlab chiqarish hajmi keskin oshgan. Urush tugagach esa garchi ehtiyoj urush davridagidek boʻlmasa-da, ishlab chiqarish quvvati saqlab qolindi. Bu esa ommaviy isteʼmolni ragʻbatlantirishni talab qildi. Natijada amerikaliklarning isteʼmol ehtiyoji hayot tarziga singib, madaniy qadriyat sifatida shakllandi.
Bunda asosiy targʻibot qurollari sifatida turli shakldagi reklama, OAV, kinoindustriyadan keng foydalanildi. Urushdan keyingi “baxtli amerikalik”ning qiyofasi moddiy boylik, doimiy xarid va dabdabali turmush kechirish deya tasvirlana boshladi.
Ushbu gʻoya, istaymizmi-yoʻqmi, jamiyatimizda ham oʻz taʼsirini sezdirib bormoqda. Uning milliy qadriyatlar, yoshlar va ularning masʼuliyati, erkak va ayol oʻrtasidagi axloqiy munosabat, oilaning maʼnaviy ildiziga salbiy taʼsiri natijasida nafs va hirsni qondirish, yoshlikni oʻyin-kulgi bilan oʻtkazish hamda shu yengil yoʻlni hayot tarziga aylantirish asosiy gʻoyaga aylandi.
Yoshlardan eng muhim masʼuliyatlar olib tashlanadi, oʻgʻil bolaning asosiy sifati pul topish va boy boʻlish, qiz bolaning sifati goʻzal va maftunkor koʻrinishi bilan oʻlchana boshladi. Erkaklarning asosiy vazifasi boy boʻlish uchun har qanday pul topish manbalari — qimor oʻyinlari, oʻgʻirlik, firibgarlik, jinoyatga qoʻl urishdan to tadbirkorlikkacha chegarasiz boʻlsa, ayollar jozibador koʻrinishlari uchun axloq-odob meʼyorlarini unutishlari tabiiy holga aylandi. Boylik, moddiyat qarshisida sof insoniy tuygʻular, fazilatlar, xususan, mehr va muhabbat eskilik sarqiti sifatida chetga chiqdi.
Keyinchalik mazkur gʻoyaning “sivilizasiyalashgan” davlatlarda keng tarqalishi oqibatida har xil ijtimoiy illatlar urchidi. Bolalar ota-onalaridan uzoqlashdi, jamiyatga qariyalar uyi degan qarash kirib keldi. Oilaviy ajrimlar ortdi, qadriyatlar inqirozga uchradi, benikoh yashash tabiiy holga aylandi, diniy qadriyatlar, eʼtiqod burchi olib tashlanib, shunchaki marosim boʻlib qoldi. Yoshlar orasida yengil-yelpilikka berilish, alkogol, tamaki va giyohvandlik moddalari isteʼmoli kuchaydi.
Ming afsuski, ushbu gʻoya chegaralardan oʻtib, bizning hayotimizda ham ildiz ota boshladi. Yoshlarimizning dabdabali hayotga intilishi, qasrday uy qurish, qimmat mashinalar olish maqsadi, shov-shuvli toʻy qilish orzusi, bir soʻz bilan aytganda, maishat va dabdababozlik kayfiyati kuchaydi. Erkak uchun boylik va moliyaviy ustunlik ustuvor maqsadga aylandi. Ayol erkakning oldiga yangi ortiqcha talablarni qoʻya boshladi.
Eshitilishi qoʻpolroq boʻlsa-da xalqimizda chuqur mazmunga ega “Er-xotin — qoʻsh hoʻkiz” degan naql bor. Unda oila yukini hamjihatlikda tortish, ahil yashash, birga moliyaviy rivojlanish, farzand tarbiyalash, muammolarni hal qilish kabi qimmatli tamoyillar aks etgan. Lekin yangi isteʼmolchilik gʻoyasi taʼsirida bu tushunchalar chetga chiqa boshladi.
Talaygina diniy qadriyatlar inkor etilib, nafs va manfaatlar oldinga chiqdi. Nikohda mahrga koʻp hollarda kelin kuyovdan uy, avtomobil, qimmatbaho buyumlar berishni, umra va hajga olib borishni talab qilmoqda.
Jamiyatimizda isrofgarchilik va moddiyatga berilish illati shiddat bilan olgʻa intilmoqda. Natijada yoshlar turmushga tayyorgarlikni bilim olish, kasb-hunar oʻrganish, farzand tarbiyalash koʻnikmalarini oʻzlashtirishga emas, tez boyishda deb hisoblamoqda. Bunga erishish uchun esa chet elda ishlash, qimor va tez pul keltiruvchi boshqa oʻyinlar oʻynash, shu bois, kechroq turmush qurishni tanlash yoshlarning tayangan nuqtasi boʻlib qoldi. Bu esa jamiyatdagi maʼnaviy va axloqiy muvozanatga salbiy taʼsir koʻrsatmoqda.
Statistik maʼlumotlarga koʻra, 2025-yilning yanvar-dekabr oylarida Oʻzbekistonda nikohlar soni 267 mingni tashkil etdi. Bu koʻrsatkich 2024-yildagiga nisbatan 4,7 mingtaga kamaygan. Ajrimlar soni esa deyarli 47 mingga yetib, 2024-yildagidan 1,8 mingtaga oshgan.
Nikohlar soni kamayishi, avvalo, nikoh yoshining kechikishi, iqtisodiy barqarorlikka intilish bilan izohlanadi. Ajrashishlar oshishi esa oilaviy munosabatlardagi sifat oʻzgarishlaridan dalolat beradi. Ayniqsa, ajrimlarning 60 foizdan ortigʻi shaharlarga toʻgʻri kelayotgani shahar muhitida individual erkinlik va iqtisodiy mustaqillik yuqoriligini koʻrsatadi.
Qiziq, erkinlik, moliyaviy mustaqillik kabi iboralar bir qarashda juda yoqimli eshitiladi. Inson pul va moddiyat bilan yetarlicha taʼminlansa, buning nimasi yomon deyish mumkin. Ammo ayni shu omillar oʻzgacha maʼno kasb etib, aldamchi niqobga aylanib, ajrimlar koʻpayishiga, nikoh kamayishiga, pirovardida demografik salbiy oʻzgarishlarga sabab boʻlayotirki, buni inobatga olishimiz zarur.
Yana bir achinarli jihat shuki, bugun axborot tarqatishda eng ustuvor vosita boʻlgan ijtimoiy tarmoqlar ham antimaromiylik — meʼyorni buzish gʻoyalari targʻibotchisiga aylandi. Kontentlarning aksariyati gedonizm — hayotdan lazzat olishga moyillik, ekzistensializm — hayot maʼnosini insonning oʻzi yaratishi, romantik nigilizm — jamiyat qoidalarini rad etish, isyonkorlik va oʻz-oʻzini yoʻq qilishga moyil ruhiyat kabi gʻoyalarni ommalashtirish quroliga aylandi.
Ijtimoiy tarmoqlar vaynerlari doim dabdabali hayot, qimmat va chiroyli buyumlar, eksklyuziv sayohatlar, global tajribalarni keng targʻib qilib, ayollar va yoshlarning ongiga goʻzal hamda navqiron koʻrinish, hayotdan faqat oʻyin-kulgi va moddiy lazzat olish kabi qarashlarga urgʻu beryapti. Marom va meʼyorga salbiy taʼsir etuvchi gʻoyalar maʼnaviy va axloqiy masʼuliyatni kamsitish, nafs hamda isteʼmolchilikka moyillikni kuchaytirishga xizmat qilmoqda.
Shu oʻrinda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi mutaxassislari, olimlar va ziyolilar hamkorligida ishlab chiqilgan maromiylik gʻoyasiga toʻxtalib oʻtsak. Bu gʻoya yuqoridagi kabi tendensiyalarga qarshi qaratilgan boʻlib, insonni nafs emas, aql va maʼnaviyat boshqarishi lozimligini targʻib etuvchi muqobil va barqaror gʻoyadir.
Maromiylik inson hayotida meʼyor, masʼuliyat, sabr, maʼnaviy marom va kelajakni hisobga olgan holda yashash tarzini anglatadi. Dabdaba va anʼanaga oʻrangan isteʼmolchilik esa, aksincha, hozirni, bugungi lazzatni birinchi oʻringa qoʻyib, kelajak masʼuliyatini ikkinchi darajaga tushiradi.
Tahlillarga koʻra, bunday isteʼmolchilik insonda sunʼiy ehtiyojlar yaratadi, qanoat hissini yoʻqotadi va doimiy qoniqmaslik holatini shakllantiradi. Bu jarayon, ayniqsa, yoshlar ongida xavfli tus oladi. Chunki dunyoqarashi hali toʻliq shakllanmagan yoshlar uchun isteʼmolchilik mehnat va sabr oʻrnini tez boyish istagi bilan, maʼnaviy kamolot oʻrnini tashqi koʻrinish va dabdaba bilan, oilaviy masʼuliyat oʻrnini shaxsiy manfaat bilan almashtiradi.
Jamiyatimizning maʼnaviy iqlimidagi asl manzarani koʻrish, ogʻriq nuqtalarimizdan boxabar boʻlish maqsadida 2024-2025-yillarda Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi tomonidan barcha hududlarimizda sotsiologik tadqiqot oʻtkazildi. Soʻrovlarda 378 ming yurtdoshimiz ishtirok etdi. Quyida tadqiqot natijasida aniqlangan ayrim maʼlumotlarni keltirib oʻtamiz.
Urf-odat va marosimlarning serxarajatligi 14,6 foiz holatda oilaviy ajrashishlarga sabab boʻlmoqda. Tadqiqotda ishtirok etgan respondentlarning atigi 21 foizi bugungi kunda oilaviy tadbirlar Covid-19 pandemiyasi vaqtidagi kabi koʻpi bilan 30 kishini taklif qilgan holda kamxarj oʻtkazilishini qoʻllab-quvvatlaydi. Bu koʻrsatkich 2024-yilning mos davriga nisbatan 5 foiz kamaygan.
Respondentlardan jamiyatdagi eng kerakli qadriyatlar haqida soʻralganida “mehnatsevarlik” degan javob 2024-yilning mos davriga nisbatan 2 foiz kamaygan, yaʼni bugungi kunda jamiyatda halol mehnat orqali ijtimoiy ehtiyojlarini qondirish darajasi pasaymoqda.
Soʻrovnoma vaqtida 26,5 foiz respondent ortiqcha mablagʻini farzandlar tarbiyasi va ularni xorijda oʻqitishga sarflashga tayyorligi aniqlandi. Ushbu koʻrsatkich 2024-yilning mos davridagiga nisbatan 3,7 foiz pasaygan, yaʼni farzandlarining taʼlim-tarbiyasiga investitsiya kiritish istagida boʻlgan fuqarolar ulushi kamaymoqda.
Tashqi mafkuraviy taʼsirlar va ommaviy madaniyatning jamiyatimizga kirib kelishi sababli yoshlarning xulq-atvori va maʼnaviyatidagi oʻzgarishlar oʻrta yosh va keksa aholi vakillari tomonidan 69,3 foiz holatda salbiy baholanmoqda.
Ushbu muammoli nuqtada Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi millat ziyolilarini oʻz atrofida birlashtirib, maʼnaviy qadriyatlarimizga, jamiyat birdamligi va ijtimoiy hayotiga salbiy taʼsir qilayotgan illatlarga qarshi choralar ishlab chiqish va ularni amalga oshirishni eng muhim vazifalardan biri sifatida oʻz oldiga qoʻydi.
Bu vazifalar doirasida maromiylik konsepsiyasini ishlab chiqish va amalga oshirish, maromiylik targʻibotini, ayniqsa, yoshlar orasida keng yoʻlga qoʻyish, katta avlodning, ziyolilarning, turli soha faollarining targʻibotchilik xususiyatlarini yanada oshirishga eʼtibor qaratiladi. Yoshlar ongida isteʼmolchilik taʼsirini kamaytirish va maʼnaviy barqarorlikni taʼminlash uchun barcha sohalarda, ayniqsa, taʼlim va ijtimoiy tashkilotlarda targʻibot va maʼrifiy ishlarni keng yoʻlga qoʻyish lozim.
Antimaromiylik gʻoyalariga qarshi barqaror maʼrifiy muhit yaratishda ijtimoiy tarmoqlarning hissasi nihoyatda katta. Shu maʼnoda, yana bir ustuvor vazifa sifatida mediakontentlarning jamiyatdagi meʼyor va moʻtadillikka salbiy taʼsir qiluvchi gʻoyalar targʻibotini doimiy monitoring qilish, ularga qarshi taʼsirchan gʻoyalarni ilgari suruvchi mediarejalarni amalga oshirish choralari koʻriladi. Milliy kontentlar meʼyor targʻibotini kuchaytirishga va maromiylikni kundalik hayot tarzimizga aylantirishga yoʻnaltiriladi.
Maromiylikning taʼlim muassasalari va ijtimoiy tashkilotlarda keng targʻib etilishi maʼrifiy dasturlar, seminarlar va mashgʻulotlar orqali amalga oshiriladi. Mazkur gʻoya targʻibotida oʻqituvchi va murabbiylar, ustozlar ulushini oshirish gʻoyaning tarbiyaviy jihatlarini, maʼnaviy qiymatini yoshlar ongiga singdirishga samarali xizmat qiladi.
Maromiylikni taʼminlashda yoshlarning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash, jumladan, bu gʻoyani rivojlantirish uchun yoshlar tomonidan ilgari surilgan loyiha va tashabbuslarni oʻrganish, ularning qalbiga quloq tutish konsepsiyadan kutilayotgan natijani oshiradi.
Aslida, maromiylik degan tushuncha bizga begona emas, kecha yoki bugun paydo boʻlgani yoʻq. Hayotda ham, oilada ham kishilar bilan munosabatlarda meʼyor, marom, moʻtadillik, muvozanat lozim. Ming yillar davomida xalqimiz shunday qadriyatlar asosida yashashgan. Bugungi global davrda esa milliy qadriyatlariga tayangan, uni hurmat qilib, zamonaviy dunyo bilan yuzlasha oladigan masʼuliyatli avlodlargina yashab qoladi, kelajakka xizmat qila oladi.
Botu ALIMOV,
Respublika Maʼnaviyat va maʼrifat markazi
rahbarining birinchi oʻrinbosari