PNAS jurnalida chop etilgan tadqiqotga ko'ra, bu kashfiyot Yerda neft qidirishda qo'llaniladigan seysmik usul yordamida amalga oshirildi.
Amerikaning InSight qo'nish zondi Marsga 2018-yilda uchirilgan bo'lib, qurilmaning asosiy vazifasi sayyoraning ichki tuzilishi, jumladan, seysmik faollik xususiyatlarini o'rganishdan iborat edi.
U sayyora yuzasida nisbatan qisqa vaqt – 2022-yil dekabrigacha, uning quyosh batareyalari chang bilan qoplanib, tok ishlab chiqarishni to'xtatguncha ishladi. Shu bilan birga, zond olimlarga ko'plab muhim ilmiy kashfiyotlar qilish imkonini berdi.
Olimlar zond tomonidan qayd etilgan to'lqinlarning tabiatini tahlil qilishdi va ularni hisobga olgan holda, Yerda geologik qidiruvda, suvli qatlamlari yoki neft konlarini aniqlashda qo'llaniladigan usul vositasida tog' jinslarining samarali elastik xususiyatlarining modellarini hisoblab chiqishdi.
Modellashtirish shuni ko'rsatdiki, Marsda suvli qatlam 11,5-20 kilometr chuqurlikda joylashgan bo'lib, bu avtomatik stansiyalarning yaqin kelajakda bu suv bilan aloqa qilishini imkonsiz qiladi. Ammo kashfiyot uzoq o'tmishda Marsda mavjud bo'lgan ulkan suv zaxiralari qaerga ketganligi haqidagi savolga qisman javob berishga imkon berdi, deb xabar beradi rtvi.com.
Geologiya-mineralogiya fanlari doktori, professor, Rossiya Fanlar akademiyasining Geokimyo va analitik kimyo instituti bosh ilmiy xodimi Aleksandr Bazilevskiy RTVI telekanaliga bergan interv`yusida Mars qa'rida suyuq holatdagi suv topilgani uning uchun kutilgan yangilik bo'lganini aytdi.
“Biz geolog-planetologlar Mars qobig'ida suv muzi borligidan dalolat beruvchi dalillarni ko'ryapmiz. Bular morfologik jihatdan yangi zarba (meteorit) kraterlarining suyuqlashtirilgan chiqindilari deb ataladi, ular yuzaga tushgandan so'ng, loy oqimlari kabi harakatlanishni davom ettirdi. Bunga misol – 18 kilometr uzunlikdagi Yuti krateri. Ammo, agar Mars qobig'ida suv muzi bo'lsa, unda harorat oshib borishi bilan biron bir joyda muz suyuq suvga aylanishini kutish tabiiydir”, dedi u.