Shu bois bugun mamlakatimizda huquqbuzarliklar profilaktikasini samarali tashkil etish va amalga oshirish nafaqat ichki ishlar organlarining, balki huquqni muhofaza qiluvchi barcha organlar faoliyatining muhim yoʻnalishlaridandir.
Huquqbuzarliklarning oldini olish boʻyicha asosiy masʼuliyat profilaktika inspektorlari zimmasiga yuklatiladi. Ular vazifasini samarali bajarish uchun fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan hamkorlikda, eng avvalo, mahallada yashovchi, oʻzining gʻayriijtimoiy xulq-atvori xavfliligi tufayli huquqbuzarlik sodir etishga moyil boʻlgan shaxslarning turmush tarzini, mavjud muammolarni oʻrganishi zarur. Ularga huquqiy, ijtimoiy, psixologik, tibbiy, pedagogik va boshqa turdagi yordam koʻrsatishga, shuningdek, jamiyatda qabul qilingan xulq-atvor meʼyorlari va qoidalarini singdirishi kerak.
Bu borada, ayniqsa, mahallalarda bor kuch-gʻayratini ishga solib, sadoqat bilan tunu kun xizmat olib borayotgan profilaktika inspektorlarining xizmati tahsinga loyiq. Oʻtgan yil davomida sodir etilgan jinoyatlarning salmoqli qismi profilaktika inspektorlari tomonidan fosh qilindi. Ular qidiruvda boʻlganlarning 273 nafarini qoʻlga olib, yetmish nafar bedarak yoʻqolgan shaxsni qidirib topgan. Zero, muammoning mahalladayoq aniqlanib, bartaraf qilinishi zarar koʻlami kengaymasligiga xizmat qiladi.
Soha vakillari oʻzlariga biriktirilgan maʼmuriy hududda muqaddam sudlanganlar, maʼmuriy nazoratda turganlar, oila-turmush doirasida huquqbuzarliklar sodir qiluvchi shaxslar, spirtli ichimlikka ruju qoʻyganlar, yoshlar, ayniqsa, voyaga yetmaganlarga alohida eʼtibor qaratyapti. Oʻsmirlarning yot gʻoyalar taʼsiriga tushib qolishi hamda jinoyat yoki huquqbuzarlik sodir etishining oldini olish maqsadida muntazam profilaktika ishlarini olib boryapti.
Profilaktika inspektorlarining saʼy-harakatlari bilan yashash, oʻqish va ish joyiga muqim ega boʻlmagan oʻttiz toʻrt mingdan ortiq shaxs aniqlanib, ularga ijtimoiy koʻmak berildi. Bundan tashqari, 175 mingdan ortiq odam profilaktik hisobga olinib, ular bilan umumiy profilaktik suhbatlar oʻtkazildi.
Davlatimiz rahbarining oʻtgan yil 18-fevraldagi “Jamiyatda ijtimoiy-maʼnaviy muhitni sogʻlomlashtirish, mahalla institutini yana-da qoʻllab-quvvatlash hamda oila va xotin-qizlar bilan ishlash tizimini yangi darajaga olib chiqish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi farmoniga binoan “Obod va xavfsiz mahalla” tamoyili asosida fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari faoliyatining yangi tizimi joriy etildi. Profilaktika inspektoriga fuqarolar yigʻini raisining huquq-tartibot masalalari boʻyicha oʻrinbosari maqomi berildi. Natijada jinoyatchilikning oldini olishda profilaktika inspektorlari va mahalla faollarining hamkorligi yangi bosqichga koʻtarildi.
Faoliyat samaradorligini oshirish uchun profilaktika inspektorlari uzoq muddatli imtiyozli kreditlar asosida shaxsiy avtomashinalar bilan taʼminlandi. Davlatimiz rahbarining 2018-yil 24-dekabrdagi “Jamoat xavfsizligini taʼminlash samaradorligini oshirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan, huquqbuzarliklar va jinoyatchilikning oldini barvaqt olish, fuqarolar hayotiga daxldor muammolarni oʻrganib, bartaraf etish, aholi osoyishtaligini taʼminlashda ijobiy koʻrsatkichlarga erishganlarni ragʻbatlantirish mexanizmi joriy etildi.
Xalqqa jisman va qalban yaqin, fuqarolar bilan hamnafas boʻlishini inobatga olib, har bir profilaktika inspektori uchun oʻzi xizmat qilayotgan mahalla guzarida xizmat uyi qurib berilmoqda. Soha xodimlari oilasi bilan oʻzi xizmat qilayotgan mahallada yashayapti. Mahalladoshlari nafas olayotgan muhitdagi holatdan, aholining issiq-sovugʻidan tunu kun xabar boʻlyapti. Bu ham profilaktika inspektorlari uchun qoʻshimcha qulaylik yaratish barobarida uzogʻi yaqin boʻlishi, vazifalarini toʻlaqonli ado etishida muhim omil boʻlayotir.
Mazkur qarorga asosan “Mahalla posboni” jamoatchilik tuzilmalari rahbarligi tugatilib, oʻrniga profilaktika inspektorlarining jamoat tartibini saqlash boʻyicha yordamchilari vazifasi joriy etildi. Unga aholi bilan muloqotga kirishuvchan, tashabbuskor, tashkilotchi yoshlar qabul qilindi. Jumladan, “Fidokor yoshlar” jamoatchilik patrul guruhlarini tashkil etish borasida Toshkent shahri tajribasi yurtimizning barcha mahallalarida joriy etildi. Hozir yetti mingdan ziyod shunday jamoatchilik patrul guruhi faoliyat yurityapti. Ular safiga qariyb oʻn yetti ming nafar yosh jalb etilgan. Ular oʻzlariga biriktirilgan patrullik yoʻnalishida yigirma uch mingdan ortiq huquqbuzarlik sodir etishga moyil shaxsni aniqlab, profilaktika inspektorlariga xabar berdi. Natijada toʻqqiz mingdan ortiq huquqbuzarlik holatining oldi olindi. Oʻn mingdan ortiq maʼmuriy huquqbuzarlik aniqlandi, yuzdan ortiq jinoyat fosh etildi.
Vazirlar Mahkamasining 2019-yil 14-iyundagi “Buxoro viloyatini xotin-qizlar bilan ishlash yoʻnalishida namunali hududga aylantirish chora-tadbirlari dasturini tasdiqlash toʻgʻrisida”gi qaroriga asosan mamlakatimiz boʻylab hududiy ichki ishlar boshqarmalarida xotin-qizlar bilan ishlash masalalari boʻyicha inspektor va psixolog shtatlari joriy qilindi. Bu yangilik tez orada samara berdi. Oʻtgan davrda yetti mingdan ziyod ayol-qizning ishga joylashuviga koʻmaklashildi. Qariyb oʻn ikki ming opa-singlimizga moddiy va ijtimoiy yordam koʻrsatildi.
Oʻzbekiston Respublikasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish toʻgʻrisida”gi qonuni ijrosini taʼminlash uchun oʻtgan yili Vazirlar Mahkamasining “Xotin-qizlarni tazyiq va zoʻravonlikdan himoya qilish tizimini takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi qarori qabul qilindi. Unda tazyiq yoki zoʻravonlikdan jabrlangan xotin-qizlarga himoya orderini berish tartibi koʻrsatilgan. Qarorga koʻra, profilaktika inspektorlari himoya orderlarini berish vakolatiga ega. Oʻtgan yil davomida oʻn toʻrt mingdan ortiq ayol-qizga himoya orderlari taqdim etildi. Himoya orderi cheklovlariga amal qilmagan 146 nafar shaxs maʼmuriy javobgarlikka tortildi.
Profilaktika inspektorlarining mahalla fuqarolar yigʻini bilan hamkorlikdagi saʼy-harakati tufayli 196 mingdan ortiq oiladagi turli nizolar oʻrganib chiqildi. Oʻn toʻqqiz ming oilaning notinchligiga barham berildi. Sakkiz mingdan ortiq oila parokandalikdan saqlab qolindi.
Ayni paytda yurtimizdagi kriminogen vaziyati ogʻir deb topilgan mahallalarga Milliy gvardiya xodimlari biriktirilgan. Huquqbuzarliklarning oldini barvaqt olish boʻyicha ichki ishlar va fuqarolarning oʻzini oʻzi boshqarish organlari bilan oʻzaro hamkorlik yoʻlga qoʻyilgan.
Yangi tartib boʻyicha kriminogen vaziyati ogʻir mahallalarda Milliy gvardiya va ichki ishlar organlarining qoʻshma patrullik yoʻnalishlari tashkil etilib, jamoat tartibini saqlash kuchaytirildi. Har hafta yakunida sodir etilgan jinoyatlar mahallabay chuqur tahlil qilinib, ularning oldini olish borasida tegishli chora-tadbirlar belgilab borilmoqda.
Baxtiyor BERDIALIYEV,
Ichki ishlar vazirligining
huquqbuzarliklar profilaktikasi bosh
boshqarmasi boshligʻi, polkovnik