2020-yili pandemiya sharoitiga qaramay, Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi tomonidan maktablar reytingini aniqlash maqsadida, yaʼni 992 ta umumtaʼlim muassasasi faoliyati jami maktablarning 10 foizi 4 ta indikator asosida baholangan edi. Hududlar reytingida eng yuqori oʻrinlarni Buxoro, Namangan va Xorazm viloyatlari egallagan boʻlsa, quyi oʻrinlarni Sirdaryo, Toshkent va Surxondaryo viloyatlari band etgan. Mazkur reytingni tuzishda tasodifiy asosda viloyatdagi tanlab olingan 94 maktab faoliyati oʻrganildi.
Hududni oʻrganish mobaynida mahalliy hokimliklar, viloyat xalq taʼlimi boshqarmasi rahbariyati hamda oliy taʼlim muassasalari rektorlari ishtirokida viloyat maktablarining reytingda qayd etayotgan natijalari tanqidiy muhokama qilindi.
Taʼkidlanishicha, 2020-yili maktablar reytingini aniqlash jarayonida oʻtkazilgan nazorat ishlari natijasiga koʻra 9-sinf oʻquvchilarining matematika fanidan oʻzlashtirish darajasi boʻyicha eng past koʻrsatkich Boysun, Denov, Jarqoʻrgʻon, Oltinsoy, Qiziriq, Qumqoʻrgʻon, Sherobod va Shoʻrchi tumanlari hisobiga toʻgʻri keladi. Hududdagi maktablardan kuchli 10 talikka birorta ham maktab kirmagan, 61 ta maktab 500-oʻrindan past pogʻonani egallagan, ularning 36 tasi 800-oʻrindan pastda.
Hududiy mutasaddilar bilan muloqot jarayonida Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Toshkenboyev istiqboldagi vazifalarga toʻxtalib oʻtarkan, viloyatdagi maktablarni oliy maʼlumotli pedagoglar bilan taʼminlash, malaka oshirish jarayonini sifatli tashkil etish, maktablarning moddiy-texnik bazasini mustahkamlash, xususan, oʻquv-laboratoriya sinflari, kutubxona, informatika, kasbga yoʻnaltirish xonalarining moddiy-texnika bazasini yaxshilash, zamonaviy elektron qurilmalar bilan taʼminlash lozimligini taʼkidladi.
— Viloyat maktablarida taʼlim-tarbiya sifatini oshirish, oʻquvchilarga bilim olishi, oʻqituvchilarga esa samarali mehnat qilishi uchun zarur sharoitlarni yaratish kun tartibida turgan eng muhim vazifalarimizdan, — dedi Taʼlim sifatini nazorat qilish davlat inspeksiyasi boshligʻi Ulugʻbek Toshkenboyev. — Prezidentimiz topshirigʻiga asosan 2021-yildan boshlab tuziladigan reytingda mamlakatimizdagi barcha maktablar faoliyati oʻrganiladi. Uning natijalariga qarab, nafaqat maktab direktorlari va oʻrinbosarlariga, balki hokimlar va ularning taʼlim boʻyicha maslahatchilari faoliyatiga ham baho beriladi. Bu, oʻz navbatida, mahalliy hokimliklarning umumtaʼlim muassasalari oldidagi masʼuliyatini oshirishga xizmat qiladi. Shuning uchun viloyatdagi mutasaddilar bilan birgalikda maktablarda taʼlim sifatini oshirish boʻyicha yoʻl xaritalari belgilab oldik va ularning ijrosini monitoring qilib boramiz.