Matilda Dimovska: “Oʻzbekiston barqaror rivojlanish maqsadlariga kuchli qiziqish va sadoqatni namoyish etayotgan kam sonli davlatlardan biridir”

    Suhbat 9 Iyun 2022 992

    Oʻzbekiston Respublikasi 1992-yil 2-martda Birlashgan Millatlar Tashkilotiga aʼzo sifatida tan olingan. Joriy yil mamlakatimiz BMTga aʼzo boʻlganiga 30 yil toʻldi. BMTning rivojlanish sohasidagi global tarmogʻi boʻlgan BMTTD mamlakatimizda samarali faoliyat olib bormoqda. BMT Taraqqiyot dasturining Oʻzbekistondagi doimiy vakili Matilda Dimovska xonim bilan bugungi kunda nufuzli tashkilot tomonidan Oʻzbekistonda amalga oshirilayotgan ekologik loyihalar hamda mamlakatimizning ekologik siyosati haqida suhbatlashdik.

    — Muhtaram Dimovska xonim, butun dunyo 5-iyun Butunjahon atrof- muhitni muhofaza qilish kunini nishonladi. Aytingchi, shaxsan siz uchun bu kun nimani anglatadi?

    — Mazkur kun bu yil Oʻzbekistondagi atrof- muhitni muhofaza qilish harakati va koʻplab hamkorlarimiz, va eng muhimi bolalar bilan birgalikda nishonlanligidan behad xursandman. Bu dunyo boʻylab nishonlanadigan eng muhim kunlaridan biridir. Fikrimcha, barchamiz nafaqat bu sanani nishonlashimiz, balki uning doirasida qilayotgan ishlarimizni yoritib borishimiz kerak. Bu juda muhimdir, chunki bu yilgi sana “Yagona Zamin” mavzusiga bagʻishlangan. Bu bizni yana bir bor, tabiatni asrashga, iqlim oʻzgarishiga qarshi va atrof- muhitning ifloslanishiga qarshi choralar koʻrishga undaydi.

    Bu kun mana 50 yildan buyon dunyo boʻylab nishonlab kelinmoqda. Bu yilgi sana juda muhim ramziy maʼnoga ega, chunki atrof-muhit boʻyicha birinchi xalqaro konferensiya oʻtkazilganiga 50 yil toʻldi. Oʻshanda dunyo atrof-muhitning ayanchli ahvolga kelib qolganligini anglab, bu haqda baralla gapira boshladi. Bu ilk konferensiya Stokgolmda “Bizning yagona sayyoramiz” shiori ostida oʻtkazilgan. Bu shior hozir ham oʻz ahamiyatini yoʻqotmagan, shu bois u bu yilgi kampaniyaning ham shiori sifatida “Yer sayyoramiz yagona” tanlangan. Agar biz dunyo saqlanib qolishini va odamlar kelajakda katta yoʻqotishlarga duchor boʻlmasligini istasak, nafaqat jamoaviy ravishda, balki individual darajada harakat qilishimiz talab qilinadi. Olimlar bizlarni tinimsiz ogohlantirayotgan bugungi kunda bularning barchasi oʻta muhimdir. Olimlar, masalan, iqlim oʻzgarishi oqibatlarini maʼlum darajada yumshatish uchun bor-yogʻi 10 yil vaqtimiz qolgani haqida bong urishmoqda.

    — Tashakkur. Sizga yana bir savol bilan murojaat qilmoqchi edim. Aytingchi, bugun BMTTD Oʻzbekistonda atrof-muhit bilan bogʻliq qaysi loyihalar ustida ish olib bormoqda va ulardan qaysilari aynan Oʻzbekiston uchun eng samarali loyihalar hisoblanadi?

    — Maʼlumki, BMTTD 130 dan ortiq mamlakatda faoliyat yuritadi. Oʻzbekistonda biz biologik xilma-xillik, tabiiy resurslarni boshqarish, iqlim oʻzgarishiga qarshi kurash va boshqa sohalarda keng koʻlamli tadbirlarni amalga oshirib kelmoqdamiz. BMTTD Oʻzbekistonda 1993-yildan, yaʼni qariyib 30 yildan beri, faoliyat yuritib kelmoqda. Hozirgi paytda atrof-muhit va iqlim oʻzgarishlari bilan bogʻliq masalalar asosiy diqqat markazimizda boʻlib, bu mavzular, loyihalarning soni va ularga ajratilayotgan mablagʻlar nuqtayi nazaridan faoliyatimizning katta qismini tashkil etayotir. Biroq eng muhimi, bu bizlar ustida uzoq vaqtdan beri ish olib borayotgan mavzulardir, yaʼni Oʻzbekiston ehtiyojlari va muammolari, rivojlanish bilan bilan bogʻliq boʻlgan mavzulardir. Asosiy eʼtiborimizni belgilashda barqaror rivojlanish maqsadlaridan, xususan, atrof-muhit bilan bogʻliq maqsadlardan kelib chiqamiz.,

    Iqtisodiy islohotlar tobora jadal surʼat olar ekan, atrof-muhit va iqlim bilan bogʻliq mavzularni tegishli ravishda aks ettirilishning ahamiyati ortib bormoqda, chunki busiz hech qanday iqtisodiy islohot natija keltirmaydi. Shuning uchun biz asosiy eʼtiborimizni tabiiy resurslardan foydalanish va ularni asrash, xususan, biologik xilma-xillik, oʻzgarishlarga milliy darajada moslashish va iqlim oʻzgarishi oqibatlarini yumshatishni qoʻllab-quvvatlash kabi mavzularga eʼtiborni qaratmoqdamiz.

    Men shulardan faqat ayrimlarini tilga olib oʻtmoqchiman. Bular jumlasiga Orolboʻyi mintaqasida olib borayotgan butun faoliyatimiz kiradi. Bu yerda biz atrof-muhit bilan bogʻliq boʻlgan ayrim maummolarni tirikchilik vositalari bilan taʼminlash masalasi bilan bogʻlagan holda hal qilishga urinmoqdamiz. Shuningdek biz qor qoplonining oʻta muhim boʻlgan turlaridan birini saqlab qolish, xamda“yashil iqtisodiyot” siyosatini shakllantirishda Oʻzbekistonni qoʻllab-quvvatlash borasidagi ulkan va muhim ishlarni olib bormoqdamiz.

    — Hozirgina siz BMTTD Oʻzbekiston aholisiga iqlim oʻzgarishlariga moslashuv borasida koʻmak berayotganini tilga olib oʻtdingiz. Biz shuningdek, oʻtgan yil noyabr oyida Iqlim oʻzgarishiga qarshi kurash boʻyicha xalqaro konferensiyaning 26-sessiyasi (COP-26) boʻlib oʻtganini bilamiz. BMTTD bugungi kunda Oʻzbekiston aholisini iqlim oʻzgarishiga moslashtirish borasida oʻz oldiga qanday vazifalarni qoʻymoqda?

    — Bilasizmi, biz nafaqat COP- 26 anjumanini yaqindan kuzatib bordik, balki biz hukumat va turli muassasalar, jumladan, Oʻzgidromet, Davlat ekologiya qoʻmitasi, Investitsiyalar va tashqi savdo vazirligi bilan COP- 26 ga tayyorgarlik koʻrish doirasida, ayniqsa yordam berish borasida, hukumat tomonidan majburiyatlar toʻgʻrisidagi asoslangan qaror qabul qilinishi borasida ish olib bordik. Biz Parij kelishuvi doirasida Oʻzbekiston tomonidan belgilangan milliy miqyosda belgilanadigan hissasiga oid ikkinchi taʼrifini qoʻllab-quvvatlaganimizdan gʻururlanamiz va gaz emissiyasi boʻyicha majburiyat 300 foizga oshganidan mamnunmiz, bu juda yaxshi natijadir. Biz qator tadbirlarda qatnashdik, ammo sizning savolingiz ham muhim, chunki oldimizda bir qator savollar paydo boʻldiki, u ham boʻlsa: “Bu yogʻiga nima qilish kerak?”, endi “Oʻzbekiston uchun nimalar ustuvor ahamiyatga ega?” degan savollardir. Shunday qilib, biz hamkorlarimiz bilan bir qancha tahlillar va maslahatlashuvlar oʻtkazdik. Tabiiy, barcha davlatlar, hususan, iqlim oʻzgarishiga moslashishni kuchaytirish zarurati dolzarb boʻlgan Oʻzbekistonga ham savollar berilgan. Shu sababli, biz zudlik bilan hukumatni tarmoqlar va mintaqalar darajasida milliy moslashuv rejalarini shakllantirish borasida qoʻllab-quvvatlashga kirishdik. Biz qishloq xoʻjaligi, suv, sogʻliqni saqlash, qurilish va favqulodda vaziyatlarni boshqarish kabi beshta asosiy sohani qoʻllab-quvvatlaymiz. Ushbu tarmoqlar moslashishuv borasida katta salohiyatga ega boʻlgan sohalar hisoblanadi. Bundan tashqari, mintaqaviy moslashish rejasiga ega boʻlgan uchta maqsadli hudud mavjud, ular jumlasiga barcha bilgan sabablarga koʻra Buxoro, Qoraqalpogʻiston va Xorazm kiradi. Glazgoda boʻlib oʻtgan yigʻilishda mamlakatlar oʻz zimmalariga oʻrmonlarning yoʻqolishi jarayonini maʼlum darajada ortga qaytarish maqsadida oʻrmonlashtirish borasidagi tashabbuslarini kengaytirishni vaʼda qilishgan. Oʻzbekiston esa ana shu mamlakatlardan biridir. Shunda “Yashil makon” tashabbusi bizning diqqatimizni oʻziga jalb qildi va bu soha biz hukumatni qoʻllab-quvvatlaydigan sohalardan biridir. Bulardan tashqari, boshqa koʻplab masalalar mavjud. Misol uchun, mamlakatlar tomonidan karbonat angidridning tashlanishining qisqartirilishi va uning savdosini yoʻlga qoʻyishning ahamiyati masalasi. Bu masala ham COP- 26 da koʻrib chiqilgan mavzulardan biridir. Shunday ekan, Oʻzbekiston ham uglerod bozorining aʼzosiga aylanmoqda desak, adashmagan boʻlamiz. Uglerod savdosi mexanizmi oʻta muhim ahamiyatga ega, biz ana shu yoʻnalishda ishlashga umid qilamiz, shuningdek, hukumatni shu va boshqa koʻplab masalalarda qoʻllab-quvvatlash rejamiz bor. Fikrimcha, kelajakda, hozir, COP- 26 dan soʻng, masalaning mohiyati majburiyatlarni bajarishga borib taqaladi. Majburiyatlarni amalga oshirish juda keng qamrovli ish boʻlib, bu butun hukumatning ishidir, biz oʻz vakolatimiz doirasidagi sohalarga eʼtibor qaratamiz va bular men sizga aytib oʻtganlarimdan ayrimlari xolos. Biz shuningdek, koʻplab boshqa sohalarda ham hamkorlik qilamiz. Misol uchun, biz ustida ishlayotgan “Yashil oʻsish” yoki yashil iqtisodiyotga oʻtish strategiyasi. Bu BMTTD rivojlanish jarayonidagi ishtirokchilaridan faqat bittasi boʻlgan qoʻshma tashabbusdir.

    — Shu haftada “Stokgolm +50” konferensiyasi oʻtkazildi. Barchamizga maʼlumki, BMTTD konferensiya oʻtkazilishi arafasida milliy tashabbuslarni qoʻllab-quvvatlab kelmoqda. Ayni shu tadbirlar haqida maʼlumot berib oʻtsangiz.

    — Ha. Oldinroq aytib oʻtganimdek, 1972-yilda BMTning inson muhiti muammolari boʻyicha birinchi konferensiyasi boʻlib oʻtgan edi. Bugun anjumanning 50 yilligini nishonlash uchun dunyo hamjamiyati vakillari yigʻilishdi. Albatta, bundan maqsad nafaqat bu sanani nishonlash, balki tadbirda qilingan daʼvatlar va natijalarini birgalikda, shuningdek, men hozirgina aytganimdek, hatto individual darajada mustahkamlash va tasdiqlashdan iborat. Ushbu konferensiya Shvetsiya hukumati tomonidan yana Stokgolmda oʻtkaziladi. Keniya hukumati ham anjumanni oʻtkazishga koʻmaklashmoqda. Biz bu suhbatni olib borayotgan ayni damda qator liderlar yigʻinda ishtirok etish taraddudida yoki unda ishtirok etishmoqda. Ushbu konferensiya barcha davlatlar, xususan, Oʻzbekiston uchun ham mamlakatning atrof-muhit bilan bogʻliq holati, iqlim oʻzgarishi va uning rivojlanish sohasidagi oqibatlari boʻyicha oʻz qarashlarinii, tajribasini ifodalash, shuningdek, oʻz zimmasiga majburiyatlarni olish va harakatlar boʻyicha baʼzi tavsiyalarni taqdim etish imkoniyatidir. Shu bois BMTTDga Shvetsiya hukumati koʻmagida konferensiyaga tayyorgarlik koʻrish doirasida qator mamlakatlarda bir qator milliy maslahatlashuvlar tashkil etish taklifi bilan murojaat qilindi. Bu davlatlar qatoriga Oʻzbekiston ham kiritilganligi bizlarni quvontirdi. Oʻtgan bir necha oy davomida Iqtisodiy taraqqiyot va kambagʻallikni qisqartirish vazirligi, Oʻzgidromet, Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qoʻmitasi, Qoraqalpogʻiston Vazirlar Kengashi, kabi hamkorlarimiz bilan birgalikda qator maslahatlashuvlar tashkil etdik. Biz diqqat eʼtiborimizni bir nechta mavzuga qaratdik: “Yashil oʻsish (yoki Yashil oʻtish strategiyasi)”, “Orolboʻyi mintaqasining barqaror rivojlanishi”, “Milliy miqyosda belgilangan hissalar va iqlim oʻzgarishiga moslashuv” hamda “Tabiiy resurslarni barqaror boshqarish” mavzularidir. Shunday qilib, tadbirlarda nafaqat hukumatlar, balki ilmiy doiralar, fuqarolik jamiyati va jamoatchilik guruhlari vakillari, boringki jamiyatning barcha doiralari vakillari ishtirok etdi. Mavzularning har biri yanada chuqurroq koʻrib chiqildi. Kelib tushgan bir qator tavsiyalarni umumlashtirib, ayni damda Stokgolmda boʻlib turgan Oʻzbekiston delegatsiyasiga topshirdik. Oʻzbekiston ulardan liderlar muloqoti doirasida oʻz tajribasini taqdim etganda, soʻnggi bir necha yil ichida amalga oshirilayotgan ishlarning borishi uchun kelajak sarmoyalari va, albatta, duch kelayotgan qiyinchiliklar haqida hikoya qilaganda foydalanishiga ishonamiz.

    — Rahmat. Sizga oxirgi savollarimdan birini bermoqchiman. Maʼlumki, Oʻzbekiston barqaror rivojlanishning 14-maqsadi, yaʼni “Dengiz ekotizimlarini asrash” dan tashqari, qolgan barcha maqsadlariga qoʻshildi. Ushbu maqsadlar bugungi kunda muvaffaqiyatli amalga oshirilmoqdami? Shu haqda qanday fikrdasiz?

    — Men Oʻzbekistonning barqaror rivojlanish maqsadlariga sodiq ekanligini qayd etib oʻtmoqchiman. Oʻzbekiston hukumati barqaror rivojlanish maqsadlariga bu qadar kuchli qiziqish va sadoqatni namoyish etayotgan kam sonli davlatlardan biri boʻlib, bularning barchasi shunchaki ogʻizda olingan majburiyatlar emasligi amalda yaqqol koʻrinib turibdi. Amalda koʻrilayotgan qator choralar ham soʻzlarimga asos boʻla oladi. Atrof-muhit bilan bogʻliq barqaror rivojlanish maqsadlari haqida gapiradigan boʻlsak, ha, Oʻzbekiston ularning baʼzilarida muvaffaqiyatga erishgan, boshqalarida esa natijalar yaxshilanishi uchun ish olib borilyapti. Masalan, Oʻzbekiston “Oʻrmon va yoʻqotishlarni tiklash” yoʻnalishi boʻyicha yaxshi natijalarga erishmoqda “Suv resurslari va oqava suvlarni tozalash” yoki “Havo sifati” maqsadlariga kelsak, bu sohalarda hali ancha ishlar qilinishi lozim.

    Endilikda bu BMTTDning va koʻplab boshqalarning kelgusidagi manfaatlari predmetiga aylangan. Men 2020-yilda BMT YEIK va BMT Atrof-muhit dasturidagi hamkasblarimiz tomonidan oʻtkazilgan ekologik samaradorlik tahlilining muhim oʻrinni urgʻulab oʻtmochiman. Unda Oʻzbekistonda ekologik koʻrsatkichlarni yaxshilash uchun nimalar qilish kerakligiga oid yuzga yaqin juda aniq tavsiyalar ishlab chiqilgan. Bu juda muhim hujjat, juda keng va chuqur tahlil.

    Nihoyat, uchinchi jihat shundaki, hukumat buni juda jiddiy qabul qildi va rasmiylar uni nafaqat taqdim etishdi va jarayon davomida bu xususdagi mulohazalarni qoʻllab quvvatlashdi, men bunda hukumat harakat rejasi va ushbu tahlilda keltirilgan tavsiyalarga qanday reaksiya bildirish kerakligiga oid yoʻl xaritasi bilan kelganligini nazarda tutyapman. Shuning oʻzi yetarlimi? Bu yetarli emas. Bizga koʻproq reaksiya kerakmi? Albatta kerak.

    Masalan, OTBdagi hamkasblarimiz Oʻzbekistonda atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim oʻzgarishining oldini olish ishlariga ajratilayotgan mablagʻlar juda kamligini taʼkidlashmoqda. Oʻtgan davr mobaynida bu harajatlar ortib bordi, lekin ular hamon juda past. Ular keltirayotgan koʻrsatkichga koʻra, YAIM ning 0,05 foizi ana shu maqsadlarga sarflanadi. BMTTD sifatida biz ham muxokamada ishtirok etmoqdamiz va menimcha, hukumat hozir buni atrof-muhitni muhofaza qilish usullaridan biri sifatida, iqtisodiy oʻsishga ekologik hissalarning pul qiymatini joriy etish sifatida qabul qilmoqda.

    — Batafsil javoblaringiz va ajratgan vaqtingiz uchun minnatdormiz.

    Nargis Qosimova suhbatlashdi