8-oktyabr kuni Mustaqil Davlatlar Hamdoʻstligining Parlamentlararo assambleyasi Kengashi Kotibiyati raisi oʻrinbosari – MDH PA ishtirokchi-davlatlarida demokratiyaning rivojlanishi, parlamentarizm va fuqarolarning saylov huquqlariga rioya etilishini monitoring qilish xalqaro instituti (DPRXI) direktori Ivan Mushket boshchiligidagi delegatsiya vakillari 14-Toshkent shahar okrug saylov komissiyasi va 24- saylov uchastkasiga tashrif buyurishdi.
Uchrashuv davomida 14-Toshkent shahar okrug saylov komissiyasi raisi Odil Abdurahmonov kuzatuvchilarga saylovga tayyorgarlik jarayonlari 2021-yil 23-iyul kuni Markaziy saylov komissiyasi tomonidan qabul qilingan “Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini oʻtkazish boʻyicha kalendar reja” asosida olib borilayotgani haqida maʼlumot berib oʻtdi.
Qayd etish joiz, 14-Toshkent shahar okrug saylov komissiyasi tomonidan 822 ta saylov uchastkasi tuzilgan. Shu yil Toshkent viloyatining bir qator aholi punktlari Toshkent shahriga koʻchirilishi munosabati bilan 58 ming nafar saylovchi ovoz berishi uchun 25 ta yangi saylov uchastkasi tashkil etildi. Hozirda uchastka saylov komissiyasi aʼzolarini oʻqitish yakunlangan boʻlib, okrug saylov komissiyasi aʼzolari ularni sinovdan oʻtkazmoqda.
Kuzatuvchilar tomonidan oʻtkazilgan monitoring natijalari shuni koʻrsatdiki, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti sayloviga tayyorgarlik koʻrish muddatlariga amal qilinmoqda hamda okrug va uchastka saylov komissiyalarini kompyuter, dasturiy mahsulotlar, axborot materiallari bilan taʼminlash va jihozlash deyarli toʻliq yakunlangan. Ovoz berish kuni 14-sonli okrug saylov komissiyasining 12 ta saylov uchastkasida videokuzatuv jarayonlari amalga oshiriladi.
Shu bilan birga, uchastka saylov komissiyalari aʼzolari oʻquvlarda ishtirok etishdi hamda saylovchilarning elektron roʻyxatlari bilan ishlash koʻnikmalarini oshirishdi. Hozirda uchastka saylov komissiyalari koʻngillilar yordamida roʻyxatga olingan saylovchilar toʻgʻrisidagi maʼlumotlarni uyma-uy yurish orqali tekshirmoqda. Saylovchilar roʻyxatini tekshirish 2021-yil 14-oktyabrga qadar yakunlanadi.