Mehmonxonalar yangi sayyohlik mavsumiga tayyormi?

    Turizm 15 Dekabr 2021 1910

    Toshkentda otelyerlar va mehmonxonalar rahbarlari uchun seminar tashkil etildi.

    Tadbir tashkilotchisi – Turizm va sport vazirligi koʻmagida Mehmondoʻstlik akademiyasi boʻlib, u otelyer va restoratorlarning xodimlarini oʻqitish, tanlash va korxonalarga joylashtirish borasida ishonchli hamkordir.

    Seminarning asosiy maqsadi turistik mavsumga tayyorlanishdan iborat. Dasturdan mehmonxona boshqaruvi, xodimlarni boshqarish, yangi sifat standarti va tizimlarini takomillashtirish, sotuvlar hajmini oshirish uchun kreativ yondashuvlardan foydalanish borasidagi taqdimot va mahorat darslari oʻrin olgan.

    Mehmondoʻstlik akademiyasining ijrochi direktori xalqaro standartlarga mos ravishda mehmonxona va restoran biznesi mutaxassislarining kasbiy va shaxsiy salohiyatini oshirish boʻyicha asosiy maqsad va vazifalar, shuningdek, kadrlarni muvaffaqiyatli tayyorlash boʻyicha taqdimot oʻtkazdi.

    Seminarda zamonaviy mehmonxona va uning boshqaruv tizimi qanday boʻlishi kerakligi, mehmonlar oqimini koʻpaytirish uchun konsepsiyani qanday tanlash kerakligi haqida soʻz yuritildi. Mehmonxona xodimlarining professionalligiga ham eʼtibor qaratildi. “Xizmat koʻrsatish sohasida mahorat va sifat” mavzusidagi maʼlumot barcha tinglovchilarga taqdim etildi, deb xabar beradi Toshkent shahar hokimligi matbuot xizmati.