Mehnat huquqlari muhofazasi doimiy eʼtiborda

    Ombudsmanga 2020 yilda fuqarolarning mehnat huquqlarini ta'minlash yuzasidan 1046 ta murojaat kelib tushdi.

    Xalqaro mehnat tashkilotining ma'lumotiga ko'ra, jahonda aholining bandlik darajasi 2020 yilda 58,7 foizni tashkil qilgan, COVID-19 tufayli esa bekor turib qolingan vaqt 8,8 foizga oshgan.

    O'zbekiston Respublikasi Statistika qo'mitasining ma'lumotlariga ko'ra, respublikada aholining bandlik darajasi 2020 yilda 66,1 foizni (2019 yilda – 67,7 foiz) tashkil qilgan. O'zbekiston mehnat bozorida 2020 yilning to'rtinchi choragida iqtisodiy faol aholi orasida ish bilan band bo'lganlar soni 13239,6 ming kishini tashkil etib, 2020 yilning ikkinchi va uchinchi choraklariga nisbatan (12736,6 ming va 13205,3 ming) o'sish holati kuzatilgan.

    Holatning ijobiy tomonga o'zgarishida davlat idoralarining mehnat muhofazasi hamda adolatli mehnat sharoitlarini yaratish bo'yicha amalga oshirayotgan ishlari muhim ahamiyat kasb etadi. SHu bilan bir qatorda, fuqarolarning bu borada huquq va manfaatlarini muhofazalashda Ombudsman institutining alohida o'rni bor.

    Aytish joizki, 2017 yil avgust oyida “O'zbekiston Respublikasi Inson huquqlari Vakili (ombudsman) to'g'risida”gi O'zbekiston Respublikasi Qonuniga o'zgartish va qo'shimchalar kiritish haqida” O'zbekiston Respublikasi qonuni qabul qilinib, unda Ombudsmanning inson huquqlarini himoya qilish borasidagi vakolatlari kengaytirildi. Ombudsmanga taqdimnoma, iltimosnoma hamda fuqarolar manfaatlarini himoya qilishda sudlarga da'vo arizalarini kiritish huquqi berildi.

    Ombudsman tomonidan 2020 yilda tegishli davlat organlari hamda mansabdor shaxslarga fuqarolarning mehnat huquqlarini muhofaza qilish masalalarida 19 marotaba xulosa, da'vo arizalari va taqdimnomalar kiritilib, aniqlangan qonunbuzilish holatlari yuzasidan tegishli choralar ko'rilgan hamda fuqarolarning buzilgan mehnat huquqlari tiklangan.

    Xususan, Vakil tomonidan 16 ta holatda ish beruvchining xodimga ish haqi to'liq va o'z vaqtida berilmaganligi hamda 8 ta holatda mehnat qonunchiligining buzilishi yuzasidan taqdimnoma, shuningdek, fuqarolik ishlari bo'yicha sudga 8 ta holatda da'vo arizalari kiritilib, fuqarolarning mehnat huquqlarini tiklashda yordam ko'rsatilgan. Bundan tashqari, 2 ta holatda ish beruvchi tomonidan qonunga zid ravishda noqonuniy ishdan bo'shatish holatlari kuzatilib, Vakil tomonidan Ichki ishlar vazirligiga va fuqarolik ishlari bo'yicha sudga 1 tadan xulosa hamda da'vo ariza kiritilgan.

    Ta'kidlash lozimki, Ombudsmanga 2020 yilda fuqarolarning mehnat huquqlarini ta'minlash yuzasidan 1046 ta murojaat kelib tushdi. Jumladan, fuqarolarning 442 tasi ish haqi va boshqa to'lovlarning o'z vaqtida to'lanmaganligi, 289 tasi qonunga zid ravishda ishdan bo'shatilganligi, 226 tasi ish beruvchining harakatlaridan (harakatsizligidan) noroziligi, 89 tasi shtatlarning qisqartirilishi natijasida yoki boshqa ishga o'tkazishda mehnat qonunchiligi buzilganligi yuzasidan murojaat qilgan. Mazkur murojaatlarni o'rganish natijasida 90 dan ortiq fuqaroga 439 million so'mlik ish haqini undirilishida ko'maklashildi.

    Agar dunyo tajribasiga nazar tashlaydigan bo'lsak, mehnat qonunchiligi buzilgan holatlarda mansabdor shaxslar Serbiyada 6300 $ gacha, ayrim holatlarda 15000 $ gacha, Ozarbayjonda 11700$ gacha, ayrim hollarda 14700 $ gacha, CHexiyada 13500 $ gacha, ayrim holatlarda 91000$ gacha, Avstraliyada 6600 $ gacha ayrim holatlarda 18000 $ gacha, SHveytsariyada 5400 $ gacha, ayrim holatlarda 45000 $ gacha jarimaga tortilishi belgilangan.

    Xulosa o'rnida aytish lozimki, Ombudsman tomonidan mehnat munosabatlariga oid murojaatlar tahlilidan kelib chiqib, uni yanada takomillashtirish hamda mehnat qonunchiligi buzilish holatlarini oldini olishga ehtiyoj paydo bo'lyapti. Buning uchun fuqarolarning mehnat huquqlari ta'minlanishida, birinchi navbatda, joylardagi nazorat qiluvchi davlat organlarning mehnat qonunchiligini ta'minlash borasidagi faoliyatini qayta ko'rib chiqish va kuchaytirish, ish beruvchi va xodimlar o'rtasida mehnat munosabatlariga oid nizolarni hal qilish yuzasidan samarali mexanizmlarni mehnat shartnomalarida ko'rsatib o'tish hamda ish beruvchining xodimga nisbatan mehnat qonunchiligini buzgan holatlarda unga nisbatan javobgarlik choralarini kuchaytirish, fuqarolik sudlari, hakamlik sudlari, mediatorlar, mehnat inspektorlari va boshqa mehnat munosabatlariga oid nizolar bilan shug'ullanuvchi idoralar xodimlarining mas'ulligini oshirish lozim. Bu esa, o'z navbatida, fuqarolarning mehnat huquqlarini ta'minlash bilan bog'liq masalalar echimida muhim ahamiyat kasb etadi.

    Aziz YULDASHEV,

    Oliy Majlisning Inson huquqlari bo'yicha vakili

    (ombudsman) kotibiyati xodimi