Ayniqsa, soʻnggi yillarda majburiy mehnatning oldini olish va unga toʻliq barham berishga doir aniq hamda amaliy chora-tadbirlarga qoʻl urildi. Majburiy mehnatga, bolalar mehnatiga barham berish, fuqarolarning kafolatlangan mehnat huquqlarini taʼminlashda sohaga doir qonunchilik asoslarini mustahkamlash hamda qonunchilik bazasini xalqaro standartlarga muvofiqlashtirish alohida oʻrin tutadi.

Maʼlumki, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi tomonidan yaqinda Mehnat kodeksining yangi loyihasi qabul qilindi. Mazkur kodeksda ham majburiy mehnat va bolalar mehnatini taqiqlash boʻyicha bir qator normalar aks ettirildi.

Xususan, amaldagi Mehnat kodeksida majburiy mehnat bilan bogʻliq qoidalar bitta moddada koʻrsatib oʻtilgan boʻlsa, yangi kodeks loyihasida oltita moddada mustahkamlanmoqda. Ana shu moddalarga toʻxtalsak, foydadan holi boʻlmaydi.

Eng avvalo, yakka tartibdagi mehnatga oid munosabatlarni va ular bilan bevosita bogʻliq boʻlgan ijtimoiy munosabatlarni huquqiy jihatdan tartibga solishning asosiy prinsiplaridan biri sifatida mehnat erkinligi va majburiy mehnatni taqiqlash koʻrsatilmoqda.

Shuningdek, alohida moddada alohida prinsip sifatida mehnat erkinligi va majburiy mehnatni taqiqlash deb belgilanmoqda. Majburiy mehnatning tushunchasi berilmoqda.

Unga koʻra, majburiy mehnat biror-bir jismoniy shaxsdan jazoni qoʻllash tahdidi ostida talab etiladigan, bajarilishi uchun ushbu shaxs ixtiyoriy ravishda oʻz xizmatlarini taklif qilmagan har qanday ishni yoki xizmatni anglatadi. Jazo deganda jismoniy shaxsning ixtiyoriy roziligi mavjud boʻlmagani holda, ushbu shaxsga nisbatan uni mehnat faoliyatini amalga oshirishga majbur qiladigan har qanday moddiy, jismoniy yoki ruhiy taʼsir choralarini qoʻllash yoki qoʻllash tahdidi tushuniladi.

Shu bilan birga, qanday hollarda bajariladigan ish majburiy mehnat hisoblanmasligi aniq bayon etilmoqda. Ish beruvchining majburiyatlari birma-bir keltirilayotgan boʻlib, majburiy mehnat va bolalar mehnatining ogʻir shakllari qoʻllanilishiga yoʻl qoʻymasligi majburiyatlaridan biri sifatida mustahkamlab qoʻyilmoqda.

Qolaversa, jamoa shartnomasi, jamoa kelishuvlari va mehnat shartnomasida majburiy mehnatni taqiqlash toʻgʻrisidagi talablarni buzuvchi shartlar boʻlsa, bunday shartlar haqiqiy emasligi koʻrsatilmoqda.

Bu kabi qoidalarning Mehnat kodeksida aks etishi majburiy mehnatga murosasiz munosabatning mustahkamlanishiga asos boʻlib xizmat qiladi.

Firdavs SHARIPOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Mehnat

va ijtimoiy masalalar qoʻmitasi aʼzosi