Mehnat migrantlariga Qozogʻistonda ham munosib sharoitlar yaratiladi

    Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Qozogʻiston Respublikasi Sharqiy Qozogʻiston viloyatining vakolatli organlari vakillari oʻrtasida videokonferensaloqa shaklida uchrashuv oʻtkazildi.

    Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshligʻi oʻrinbosari X.Fayzullaxoʻjayev, Sharqiy Qozogʻiston viloyati Turizm va tashqi aloqalar boshqarmasi boshligʻi M.Kabakov va boshqa masʼul xodimlar ishtirok etgan uchrashuvda Sharqiy Qozogʻiston viloyatining ish kuchiga boʻlgan ehtiyoji, pandemiya sharoitida mehnat migratsiyasi sohasidagi mintaqalararo hamkorlik, shuningdek, Oʻzbekiston fuqarolarining mehnat migratsiyasini tashkil etish mexanizmini ishlab chiqish bilan bogʻliq masalalar muhokama qilindi.

    Uchrashuvda Oʻzbekiston – Qozogʻiston munosabatlari koʻplab sohalarda, shu jumladan, mehnat migratsiyasi sohasida ham jadal rivojlanib borayotgani taʼkidlandi.

    Uchrashuvda pandemiya sharoitida Oʻzbekiston fuqarolarini ishlash uchun Qozogʻistonga tashkillashtirilgan holda yuborish imkoniyatini beradigan mexanizmni ishlab chiqish, koronavirus tarqalishining oldini olish uchun Qozogʻiston Respublikasi idoralararo komissiyasidan kirish uchun ruxsat olish, Oʻzbekiston fuqarolarining ketishini tashkil qilish uchun zarur tartib-qoidalarni amalga oshirish zarurligi taʼkidlandi.

    Qozogʻiston tomoni deyarli har hafta chet el fuqarolarining ushbu mamlakatga kirish qoidalari takomillashtirilayotganini maʼlum qildi va xorijiy ishchilarning kirish qoidalariga oʻzgartirish kiritiladigan boʻlsa, bu haqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligiga xabar berishini aytdi.

    Uchrashuv yakunida tomonlar xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi sohasida hamkorlikni yana-da kengaytirish boʻyicha kelishib oldilar.