Tadbirda parlament, tegishli vazirlik va idoralar, fuqarolik jamiyati institutlari, ommaviy axborot vositalari vakillari va ekspertlar ishtirok etdi.
Rasmiy manbalar hisob-kitobiga koʻra, bugungi kunda 2 milliondan ortiq oʻzbekistonlik xorijda mehnat qiladi, shundan 24,6%ini xotin-qizlar, 33,2%ini yoshlar tashkil etadi.
Mehnat migrantlari asosan Rossiya (1,3 million), Qozogʻiston (223,0 ming), Turkiya (113,1 ming), Janubiy Koreya (66,8 ming) va boshqa (379,9 ming) davlatlariga ketgan.
Xorijdagi mehnat migrantlarining oʻrtacha 52,7 foizi qurilish, 12,8 foizi sanoat, 9,7 foizi xizmat koʻrsatish, 6,9 foizi umumiy ovqatlanish, 6,7 foizi savdo, 4,3 foizi transport, 4,1 foizi qishloq xoʻjaligi va 2,8 foizi boshqa sohalarda faoliyat yuritadi.
Mamlakatimizda mehnat migratsiyasi bilan bogʻliq masalalarga davlat darajasida katta eʼtibor qaratib kelinyapti. “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy etish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi, “Tashqi mehnat migratsiya tizimini yanada takomillashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi prezident qarorlari qabul qilingan.
Hujjatlar asosida xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimi doirasida mehnat migratsiyasi geografiyasini kengaytirish, kasb-hunarga va chet tillariga oʻqitish orqali fuqarolarni xorijda vaqtinchalik mehnat faoliyatini amalga oshirishlariga koʻmaklashish, mehnat migrantlariga huquqiy va moddiy yordam koʻrsatish, xorijdan qaytgan mehnat migrantlari bandligini taʼminlash borasida izchil ishlar amalga oshirib kelinyapti.
“2022-2026-yillarga moʻljallangan Yangi Oʻzbekiston taraqqiyot strategiyasini “Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturi”ning 265, 266 va 267-bandlarida ham xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasini taʼminlash hamda samarali migratsiya siyosatini yuritish borasidagi vazifalar belgilangan.
Joriy yilda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi mehnat migrantlari huquqlarini himoya qilish boʻyicha Buyuk Britaniyaning “Gangmasters of Labour Abuse Authoriies” (GLAA) davlat tashkiloti bilan memorandum imzoladi.
Mamlakatimizda mehnat migratsiyasi masalasiga qarash oʻzgargani, mavjud muammolar ochiq-oydin aytilayotgani, vatandoshlarimizning huquqini tiklash borasida choralar koʻrilayotgani taʼkidlandi.
Yil boshidan 169 497 nafar xorijdagi mehnat migrantlariga axborot-maslahat xizmatlari, 9 752 nafariga huquqiy yordamlar koʻrsatilgan.
Tadbirda mehnat migratsiyasi sohasida saqlanib qolayotgan qator muammolar tilga olindi. Jumladan, noqonuniy mehnat migratsiyasining katta oqimi, fuqarolarni xorijda tashkillashtirilgan tarzda ishga joylashtirish, shuningdek, mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslarning bandligini taʼminlash koʻrsatkichlari past darajada ekani, xususiy bandlik agentliklari tomonidan koʻrsatilayotgan sifatsiz xizmatlar, meʼyoriy hujjatlar yoki boshqa dasturlarni ishlab chiqishda vatandoshlar bilan muloqot qilish uchun yagona platforma yoʻqligi kabi masalalar muhokama etildi.
Tadbirda, shuningdek, mehnat migrantlarining faoliyatini ijtimoiy muhofaza qilish va ularning himoyasiz qolishiga, kamsitishlarga duchor boʻlishiga olib keluvchi noqonuniy migratsiya masalasi dolzarb boʻlib qolayotgani, noqonuniy tashqi mehnat migratsiyasi ortidan migrantlarimizning odam savdosi tarmoqlariga kirib qolayotgani, ekstremistik va terroristik tashkilotlarga, giyohvand moddalar tashuvchi uyushgan jinoiy guruhlarga qoʻshilib qolayotgani mamlakat imijga salbiy taʼsir koʻrsatayotgani taʼkidlandi.
Oʻzbekistonda migratsiya sohasidagi davlat siyosatining asosiy maqsadlari qatorida quyidagilar boʻlishi qayd etildi:
- migratsiya jarayonlarini samarali boshqarish;
- migratsiya jarayonlarining yoʻnalishlari, surʼati va koʻlamini yetarli darajada tartibga solinishiga erishish;
- migrantlar huquqlarini taʼminlashda zarur boʻlgan huquqiy, iqtisodiy, moliyaviy, ijtimoiy va madaniy shart-sharoitlarni yaratish;
- xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasini qoʻllab-quvvatlash;
- xalqaro huquqning umumeʼtirof etilgan prinsiplari va normalari, migrantlar istiqomat qilayotgan mamlakatning qonunlariga asosan oʻzbekistonlik migrantlarning huquqlarini himoya qilishda yordam koʻrsatish;
- migrantlar oila aʼzolarini ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash;
- ommaviy “aql koʻchishi”ning oldini olish uchun oʻzbekistonlik yuqori malakali kadrlarning mamlakatdagi mehnat faoliyatini ragʻbatlantirish.
Jamoatchilik muhokamasi yakunida mutasaddi tashkilotlar, parlament vakillari vaziyatni yaxshilash boʻyicha tavsiyalar ishlab chiqdi.
Ushbu tadbir AQSH Xalqaro taraqqiyot agentligi (USAID) tomonidan moliyalashtiriladigan “Markaziy Osiyodagi ijtimoiy innovatsiyalar” dasturi doirasida Yevroosiyo jamgʻarmasi koʻmagida tashkil etildi.
“Yuksalish” umummilliy harakati matbuot xizmati.