Bugungi pandemiya sababli tashqi mehnat migratsiyasi sohasida jiddiy muammolar yuzaga kelmoqda. Ushbu vaziyatda yurtdoshlarimizni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, pandemiyadan keyin dunyo mehnat bozorida O‘zbekiston fuqarolari uchun zarur sharoit yaratish maqsadida joriy yil 11 avgustda Prezidentimizning “Kambag‘al va ishsiz fuqarolarni tadbirkorlikka jalb qilish, ularning mehnat faolligini oshirish va kasb-hunarga o‘qitishga qaratilgan hamda aholi bandligini ta’minlashga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori qabul qilindi hamda 17 avgustda davlatimiz rahbari raisligida xorijda mehnat qilayotgan fuqarolarga munosib shart-sharoitlar yaratish va ular bilan tizimli ishlash yuzasidan videoselektor yig‘ilishi o‘tkazildi.
Shuningdek, 14 sentyabrda Prezidentimizning “Xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimini joriy etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori imzolandi.
Anjuman doirasida Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi vakillari mazkur qaror ijrosi yuzasidan ommaviy axborot vositalari xodimlariga atroflicha ma’lumot taqdim qildi.
Xususan, Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi boshlig‘i Muhammadzokir Mamatxonov qarorning asosiy yo‘nalishlariga to‘xtalib o‘tdi.
– Hujjat bilan tashqi mehnat migratsiyasi sohasida xalqaro hamkorlik rivojlantiriladi, xorijdagi vatandoshlar tashkilotlari va o‘zbek diasporalari bilan aloqalar mustahkamlanadi, – dedi M.Mamatxonov. – Shuningdek, mehnat migrantlarini moliyaviy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash masalasiga alohida e’tibor qaratilib, ular hayoti va sog‘lig‘ini sug‘urtalash amaliyoti kengaytiriladi, ular uchun madaniy-ma’rifiy tadbirlar tashkil etish ham qarorda qayd etilgan.
Tadbirda ta’kidlanganidek, mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslar reintegratsiya qilinib, ularning bandligi ta’minlanadi, kasbiy malakasi oshiriladi va tadbirkorlik tashabbuslari rag‘batlantiriladi.
M.Mamatxonovning bildirishicha, 2021 yil 1 yanvardan boshlab tashkillashtirilgan mehnat migratsiyasi yo‘li bilan xorijga chiqib ketayotgan shaxslarni ishga yuborishdan oldin davlat va nodavlat ta’lim tashkilotlarida kasb-hunarga o‘qitish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Bunda tashqi mehnat migratsiyasini davlat tomonidan rag‘batlantirish maqsadida, qisqa muddatli kasb-hunar va chet tillariga o‘qitish kurslari tashkil etilib, unga ketadigan barcha xarajatlar davlat hisobidan qoplanadi.
Bandlik va mehnat munosabatlari vazirligi vakili Odiljon Komiljonovning aytishicha, “Mamlakatimizda har yili o‘rta ta’lim muassasalarini 700-750 ming yosh tamomlaydi. Ularning 150 mingi oliy ta’limda o‘qishni davom ettiradi. O‘rta-maxsus ta’lim bilan bu miqdor 300 ming kishiga yetadi. Har yili O‘zbekiston mehnat bozorida 300-350 ming yangi ishchi o‘rni yaratiladi. Bundan sharoitda 100-150 mingga yaqin ishsiz yoshlar qatlami vujudga kelishi mumkin. Shu tufayli fuqarolar bandligini ta’minlash maqsadida mehnat migratsiyasi uchun davlat tomonidan imtiyozlar berilishi ko‘zda tutilgan”.
Fuqarolarimizning Rossiyada vaqtinchalik mehnat faoliyati bilan shug‘ullanishlari uchun ruxsatnoma, ya’ni patent rasmiylashtirishda qulaylik yaratish maqsadida 2021 yil 1 yanvarga qadar Rossiya Federatsiyasi Ichki ishlar vazirligining pasport-viza xizmati vakolatxonasini O‘zbekiston Respublikasida ochish rejalashtirilgan.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining Yekaterinburg, Novosibirsk, Samara, Ufa, Chimkent va Istanbul shaharlaridagi vakolatxonalari ham ochiladi.
Anjuman doirasida Rossiya, Qozog‘iston va Turkiyada mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan fuqarolarga huquqiy yordam ko‘rsatish maqsadida advokatlik firmalari jalb qilinishi, onlayn platforma yaratilib, Rossiya hududini doimiy xizmat bilan qamrab oladigan «Call-markaz» tashkil qilinishi ma’lum qilindi.
Shuningdek, 2021 yil 1 iyunga qadar O‘zbekiston fuqarolarining Bolgariya, Latviya, Isroil, Finlyandiya, Polsha va Kanada davlatlarida mehnat faoliyatlarini tashkil qilish maqsadida ushbu mamlakatlar bilan hamkorlik bitimlari tuziladi.