Sirdaryo viloyati Guliston shahri “Do'stlik” mahallasida yashovchi Lazizbek Ahmedov va turmush o'rtog'i Rayhona Ahmedova “Yangi O'zbekiston bolalari” oilaviy bolalar uyini tashkil etdi. Ular Guliston shahridagi Bolalar shaharchasidan 4 o'g'il va 2 qizni asrab oldi.
Oila boshlig'i Guliston shahri hokimining yoshlar siyosati, ijtimoiy rivojlantirish va ma'naviyma'rifiy ishlar bo'yicha o'rinbosari, turmush o'rtog'i esa bank xodimi. Ularning uch o'g'il, bir qizi bor. Lazizbek kichik farzandi — qiziga sherik bo'lsin, deya bir qiz asrab olishni anchadan beri niyat qilib yurgandi. Bu yil Bolalar shaharchalari, Mehribonlik uylarining Milliy gvardiya tizimiga o'tkazilgani hamda boquvchisini yo'qotgan, ota-ona qaramog'idan mahrum bolalarni yangi tizim orqali oilalar bag'riga berish tartibi yo'lga qo'yilgandan so'ng Lazizbekning qarori yanada qat'iylashdi. U bu masalada Milliy gvardiyaning Sirdaryo viloyati boshqarmasi hamda Bolalar shaharchasiga murojaat qildi.
Lazizbek mehr va e'tiborga muhtoj, ko'ngli yarim, biroq yuzida tabassum balqib turgan bolalarni ko'rganida ozgina yaxshilik va e'tibor ularning qalbiga nur va cheksiz quvonch olib kirishini angladi. Rayhonaxon ham turmush o'rtog'ining bu niyatini qo'llab-quvvatladi.
Xonadonda oilaning yangi a'zolari uchun kerakli barcha sharoit yaratish, ularni ruhlantirishga katta e'tibor qaratildi. Xonalar ularning istagiga mos jihozlandi, sport anjomlari, mo''jaz kutubxona ham ular ixtiyoriga berildi. Ayni paytda o'g'il-qizlar o'zi o'rgangan ta'lim muassasalarida o'qishni davom ettirish bilan birga musiqa, sport, xorijiy tillar to'garaklariga borishni kanda qilmayapti.
— Oilamizga moslashishi, o'zini xuddi uyidagidek his etib, eminerkin harakatlanishi uchun ular bilan har kuni alohida-alohida gaplashaman. Qiziqishi, orzu-niyatlari haqida so'rayman, — deydi Lazizbek Ahmedov. — Bolalarning maqsadi va rejalari turlicha. Misol uchun, katta farzandimiz Boburjon tadbirkorlikka qiziqyapti. Parrandachilik fabrikasini tashkil etmoqchi. Bu borada unga zarur bo'ladigan dastlabki tavsiya va bilimni beryapman. Orzusi amalga oshishiga ko'maklashaman. Ortida o'zini qo'llaydigan odamlar borligini his qilgan bola kelgusida katta natijalarga erishish uchun maqsadidan chekinmaydi. ertangi kunga ishonchi va umidi ortadi. Vaqti kelib, intilishi va sa'y-harakatlari bilan asta-sekin qaddini tiklaydi.
Ruhiy xotirjamlik, samimiy munosabat, mehr va izzatini joyiga qo'yish kabi xislatlar ustuvor oilada kamol topgan bolaning o'ziga ishonchi ham yuqori bo'ladi. Lazizbek va Rayhonaxon bolalarning yoshi va fe'l-atvorini hisobga olgan holda, ulardagi o'zgarishlarni kuzatib boradi, intilishi va tashabbusini qo'llab-quvvatlaydi.
— Hozir mamlakatimizda xorijiy tillarni o'rganishga e'tibor katta. Biz ham shu imkoniyatdan foydalanishga harakat qilyapmiz, — deydi Rayhona Ahmedova. — Bolalarning kun tartibi turlichaligi tufayli hammasini repetitor yoki to'garakka bir paytda olib borish noqulay. Shu bois, kechki mahal — hamma uyga to'plangan vaqtda chet tili o'qituvchisi chaqirishga qaror qildik. Katta qizimiz O'g'iloy 9-sinfda o'qiydi. Ingliz tili va musiqaga qiziqadi. Chet tilni o'rganish bilan birga Guliston shahridagi 2-musiqa maktabida tahsil olmoqda. Bahodirjon esa 8-sinfda o'qiydi, olimpiya zaxiralari maktabi o'quvchisi. Kelgusida shifokor bo'lmoqchi. Shu bois, kimyo va biologiya bo'yicha to'garakka qatnayapti. Asatullo 5-sinf, vatan himoyachisi bo'lishni ko'ngliga tukkan. Fozilbek esa hali juda yosh. Unga kasb tanlashda o'zimiz yordam beramiz.
Farzand asrab olgan insonning zimmasida katta mas'uliyat turadi. Zero, go'dakligidayoq hayot zarbasiga duch kelgan, ota-ona qaramog'idan mahrum bu bolalar yangi oilaga qadam qo'yar ekan, yangi muhitga moslashish jarayoni oson kechmasligi aniq. Bunday paytda bolalar uchun yaratilgan sharoit va g'amxo'rlikdan tashqari ularning ko'ngliga yo'l topish, tushunish juda muhim. Zero, bu o'g'il-qizlarning hech kimga ayta olmaydigan hayotiy hikoyalari bo'ladi, ruhiyatidagi ziddiyatlar alohida yondashuvni talab qiladi.
Oila bekasining oqilayu zukkoligi bunda alohida ahamiyatga ega. Rayhonaxon qizlarga o'zgacha mehr bilan qaraydi. Dars tayyorlash yoki uy ishlarini bajarish asnosida ular bilan dildan suhbatlashib, sirdosh do'stga aylanishga harakat qiladi. Bolalarni oilaning kattalari — bobo- buvilar, qo'ni-qo'shnilar, qarindosh-urug'lar bilan tanishtirdi, ular bilan qarindoshurug'chilik munosabatlari haqida so'zlab berdi. Qizlar ham onasiga o'rganib qoldi.
— Bolalar bilan ilk uchrashganimda tush ko'rayotgandek edim, — deydi oila bekasi. — Uyimiz doim keldi-ketdili. Hovlimiz katta, qarindosh-urug'lar ham tez-tez biznikida yig'ilib turadi. Bolalar kelishi uyimizni yanada to'ldirdi. Ularni o'z farzandimdek qabul qildim. Bolalar ham sekin-asta meni ona sifatida qabul qilmoqda. Ular Bolalar shaharchasida yaxshi tarbiya ko'rgan. Tez til topishdik. Farzandlarim ham ular bilan xuddi qondoshdek bo'lib ketdi.
“Samimiy, ochiq yuz bilan qarab bo'lsa ham yaxshilik qil”, degan hikmat bor. Darhaqiqat, insonni bu dunyoda ulug'laydigan fazilat yaxshilik, o'zgalarga mehr ulashish va qadrlashdir. Bag'rikenglik, beminnat mehrgina kemtik ko'ngillarni to'ldiradi, o'g'il-qizlarning ertaga yurt koriga yaraydigan insonlar bo'lib ulg'ayishiga zamin yaratadi.
Davlatimiz rahbari shu yil fevral` oyida Namangan shahridagi 26-Mehribonlik uyi tarbiyalanuvchilari bilan suhbatda bunday degandi: “Sizlar hammalaring mening farzandlarimsizlar. Hayot juda murakkab. Shuni bilinglarki, bugun og'ir kunlar bo'lsayam, Alloh taoloning yorug' kunlari bor. Sizlarning qiynalganlaring, oilani eslashlaring, orzu-umidlaring ortida Xudoning marhamati, ertangi quvonch bor. Bu dunyoda kim baxtli bo'lishini kelajak ko'rsatadi. Sizlarning baxtli bo'lishingiz uchun hayotlaringizga doimiy asos yaratishni o'ylayapmiz”.
Shu yil 9 avgust kuni esa Prezidentimizning “Etim bolalar va ota-ona qaramog'idan mahrum bo'lgan bolalarni tarbiyalashning tubdan yangilangan tizimini joriy etish chora-tadbirlari to'g'risida”gi qarori qabul qilindi. Unga ko'ra, etim, ota-ona qaramog'idan mahrum bolalarning huquqi va qonuniy manfaatlarini himoya qilishning mukammal institutsional, tashkiliy-huquqiy asoslari yaratildi. Bu bolalar uchun qonunda belgilangan barcha imtiyozlarni joriy etish, ularning barkamol avlod sifatida shakllanishi hamda ijtimoiy moslashuvini ta'minlash uchun zarur shart-sharoit yaratish, ularni otaonasi yoki ularning o'rnini bosuvchi shaxslarga qaytarish, vasiy yoki homiy tayinlash, farzandlikka berish choralari belgilandi.
Oila qadriyatlarining tiklanishi va qarindoshlik munosabatlari bolalarning har jihatdan tarbiya topishiga xizmat qiladi. Bolalar shaharchasi, Mehribonlik uylari tarbiyalanuvchilarini oilalar qaramog'iga berishdan asosiy maqsad, ezgu g'oya ham ularning ota-ona mehrini his etishi, qo'ni-qo'shni, qarindoshurug'chilik munosabatlarini anglab ulg'ayishi, bir so'z bilan aytganda, bag'ri butun bo'lib kamolga etishiga hissa qo'shish, hayotda o'z o'rnilarini topishiga ko'maklashishdir. Zero, hayot yo'lida adashmaslik, jamiyatga kerakli bo'lib etishishda insonga suyanchiq bo'ladigan omillarning ahamiyati katta. Ana shu suyanch va tayanchni inson oiladan topadi.
Risolat MADIEVA,
“Yangi O'zbekiston” muxbiri