Tabiiyki, bu holat ayniqsa shu atrofda yashaydigan aholi uchun koʻngilni xira qiladigan, tashvishlantiradigan  holat edi. Koʻp qavatli uylardan birida yashaydigan 78 yoshli Jamila aya Jabborova bu hududni boqqa aylantirish tashabbusi bilan chiqdi. Ezgu tashabbus qoʻni-qoʻshniga ham, mahalla faollariga ham maʼqul keldi. Bu yerda hashar yoʻli bilan qisqa muddatda moʻjazgina bogʻ barpo etilib, mevali, manzarali daraxt koʻchatlari ekildi, turfa gullar oʻtqazildi.

Mahalla oqsoqoli Yodgorbek Yoqubjonov bilan boqqa kirib borar ekanmiz, Jamila aya peshvoz chiqdi. Onaxon salom-alikdan soʻng, bizga bogʻni barpo etishga hissa qoʻshgan jonkuyar mahalladoshlari, gʻayratli yoshlar haqida toʻlqinlanib soʻzlab berdi. Maʼlum boʻlishicha, bogʻda tashkil etilgan hasharda bir qator davlat va nodavlat tashkilotlar rahbarlari ham ishtirok etib, yerga nihol qadagan. Bugun bu nihollar koʻkka boʻy choʻzib, tabiatga zeb, odamlarga zavq ulashyapti.

Albatta, nihollar ulgʻayib ulkan daraxtlarga aylanishi uchun hali koʻp parvarish kerak boʻladi.    Bu borada yoshlarning nuroniylarimizga koʻmak berayotgani milliy qadriyatlarimizga sadoqati, ona tabiatga yuksak mehridan dalolatdir. Bogʻ esa, borgan sari chiroy ochib, insonning bahri dilini ochadigan soʻlim maskanga aylanmoqda. Bogʻni barpo etishga nuroniy ayollar bogʻ-qosh boʻlgani uchun bu hudud “Onalar bogʻi” deb nomlandi. Bogʻning oʻrtasida ayvon barpo etilgan, yaqin kunlarda bu yerga oʻrindiqlar oʻrnatilishi rejalashtirilgan. Demak, yozning issiq kunlarida bu maskan mahalla ahli uchun tabiat qoʻynida hordiq chiqaradigan, qoʻni-qoʻshnilar diydorlashadigan soʻlim manzilga aylanadi.

— Prezidentimiz tashabbusi bilan shahar va qishloqlarimizni yashil hududga aylantirish borasida muhim loyihalar amalga oshirilmoqda, — deydi Jamila Jabborova. — Buning natijasida yashil maydonlar, bogʻlar kengayadi. Bu toza havo, toʻkinlik, salomatlik manbai degani. Shu bois, xayrli ishga ulush qoʻshish har birimizning vazifamiz. Jumladan, biz, onalar ham bu jarayonda farzandlarimizga namuna boʻlishimiz kerak. Shundagina bunyodkorlik, yaratuvchilik, ona tabiatni eʼzozlash bilan bogʻliq ezgu qadriyatlarimiz bardavom boʻladi. Bunday bebaho anʼanalarimiz boqiy yashasa, kelajagimiz obod, ertamiz yorugʻ va farovon boʻladi.

Mamlakatimiz boʻylab davom etayotgan “Yashil makon” va “Yashil yillik” tadbirlari doirasida yurtimizning turli hududlarida amalga oshirilayotgan koʻkalamzorlashtirish va obodonlashtirish tadbirlari jarayonida xalqimizning ana shunday tabiatsevarlik, bunyodkorlik xislatlari yanada yaqqol koʻzga tashlanmoqda.

Ezgu orzular obod manzillardan boshlanadi

Oʻz navbatida, tegishli davlat va nodavlat tashkilotlar aholining bu boradagi tashabbusini qoʻllab-quvvatlash maqsadida oʻziga xos loyihalarni amalga oshiryapti. Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi hamda Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi hamkorligida hayotga tatbiq etilayotgan “Onalar yashil makon uchun” loyihasi bunga misol boʻla oladi. Maʼlumotlarga koʻra, shu kungacha yurtimizning 47 ta tuman va shahrida  “Onalar bogʻi” tashkil etilgan.

— Ezgu orzular obod xonadondan, obod mahalladan boshlanadi, — deydi Qibray tuman hokimi oʻrinbosari, oila va xotin-qizlar boʻlimi boshligʻi Iroda Muhammadazizova. — Shu maʼnoda, yurtimiz boʻylab qizgʻin davom etayotgan obodonlashtirish va koʻkalamzorlashtirish ishlari hududlarni obod etish, yashil maydonlarni, bogʻlarni kengaytirishda muhim omil boʻlmoqda. “Yashil makon” loyihasi doirasida kam taʼminlangan ayollarning xonadoniga mevali va manzarali daraxt, gul koʻchatlari yetkazib berilyapti. Oʻnga yaqin mahallada “Onalar bogʻi” barpo etilyapti. Bu xayrli ishlar hududlarni obod etish barobarida, yurtimizda toʻkinlikni taʼminlash, oilalarning turmush farovonligini oshirishda oʻz samarasini beradi, albatta.

Qibray tumanida “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida bahor faslida 750 ming tupdan koʻproq mevali va manzarali daraxt koʻchati, terak qalamchalari ekish rejalashtirilgan. Bugungacha ekilgan nihollar esa, 800 ming tupdan oshdi. Ekilgan nihollarni hisobga olish va parvarishlash ham muhim vazifa. Tuman ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boʻlimi mutaxassislari bu borada izchil ish olib boryapti. Hozirgacha ekilgan nihollarning 90 foizga yaqini “Yashil makon” platformasida hisobga olindi.

“Onalar bogʻi” ayollarga ehtirom ifodasi

Tumandagi Uzumzor mahallasida ham 10 sotixdan koʻproq maydonda “Onalar bogʻi” barpo etildi. Boqqa yuz tupdan ziyod mevali koʻchat oʻtqazildi. Umuman, koʻklamgi ekish mavsumida mazkur mahala koʻchalari, yoʻl boʻylariga 1200 tupdan ziyod manzarali daraxt koʻchati ekildi. Uzumzorliklar, mahalla nomidan maʼlum boʻlganidek, bogʻ va tokzorlari bilan dong taratgan. Bu yil hovlilardagi bogʻ va ishkomlarni kengaytirish maqsadida xonadonlarga bepul mevali koʻchat tarqatildi.

— Mahallalarimizda yangidan barpo etilayotgan bogʻlarga “Onalar bogʻi”, deb nom berilishi yurtimizda soʻnggi yillarda ayollarni eʼzozlash borasida amalga oshirilayotgan xayrli ishlarning mantiqiy davomi boʻldi, — deydi “Uzumzor” mahalla fuqarolar yigʻini raisi Hikmat Abdullayev. — Darhaqiqat, aholining ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami har tomonlama qoʻllab-quvvatlanyapti. Xususan, “Ayollar daftari” joriy etilishi natijasida oilaviy tadbirkorlik rivojlanib, ayollar bandligi taʼminlanyapti, oilalarda ijtimoiy-iqtisodiy muhit yaxshilanmoqda. Oʻtgan yili mahallamizda yigirmadan koʻproq xotin-qiz bu imkoniyatdan foydalandi. Joriy yilda yana ellik opa-singilimiz “Ayollar daftari” ga kiritilib, ularga koʻmak berilyapti.

Bunday tadbirlar har bir tuman va shaharlarda qizgʻin davom etyapti. Xususan, Surxondaryo viloyatining Uzun tumanida ham “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida bir qator mahallalarda “Onalar bogʻi” barpo etilyapti. Hozirgacha uchta mahallada 11 gektarga yaqin maydonda “Onalar bogʻi” yaratildi.

— Shu kunlarda yurtimiz boʻylab qizgʻin davom etayotgan “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida 200 million tup daraxt va buta koʻchatini ekish belgilangan, — deydi Uzun tuman ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boʻlimi bosh mutaxassisi Qandilbek Ibrohimov. — Xususan, tumanimizda ham 668 ming tup mevali va manzarali koʻchat ekildi. Mahallalarda yangi-yangi bogʻlar barpo etildi. Bobotogʻ oʻrmon xoʻjaligi aholi va fermerlarni koʻchat bilan taʼminlayapti. Jumladan, tumanimizda bir qator mahallalarda 15 gektar maydonda “Onalar bogʻi” barpo etildi. Shuningdek, koʻchat yetishtirish bilan shugʻullanayotgan ayollarning faoliyatini rivojlantirish maqsadida mutaxassislar ularga uslubiy koʻmak bermoqda.

Oʻrmonlar — ekologik barqarorlik va daromad manbai

Yashil hududlar, oʻrmonlar, bogʻ-rogʻlar kengayishi barqaror rivojlanishda muhim omil boʻla oladi. Bu jarayonda, ayniqsa, oʻrmon sohasi xodimlarining hissasi beqiyos. Ushbu soha xodimlarining saʼy-harakati bilan har yili minglab gektar hududlarda yangi oʻrmonlar barpo etilmoqda. Bu yurtimizda ekologik muvozanat yaxshilanishiga zamin yaratmoqda. Tabiiyki, bunday ezgu loyihalarni amalga oshirishga xotin-qizlar ham oʻz hissasini qoʻshayotir.

Oila va xotin-qizlar hamda Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitalari oʻrtasida imzolangan hamkorlik memorandumida bu yoʻnalishda faoliyat yuritayotgan xotin-qizlar faoliyatini rivojlantirishga koʻmaklashish ham koʻzda tutilgani opa-singillarimizning “Yashil makon” umummilliy loyihasida ishtirokini yanada kengaytirishga zamin yaratadi.

— Ushbu hamkorlik doirasida oʻrmon xoʻjaligi tizimida ishlayotgan xotin-qizlarning ilmiy-amaliy tadqiqotlari va innovatsion loyihalarini qoʻllab-quvvatlash, oʻrmonchilik sohasida band ayollarning tajribasini oshirish, ijtimoiy himoyani kuchaytirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda, — deydi Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi boʻlim boshligʻi, texnika fanlari doktori, professor Karima Norqulova. — Maqsadimiz, ayollarning oila va jamiyatdagi islohotlarda faolligini yanada oshirish, xotin-qizlarning tashabbus hamda intilishlarini qoʻllab-quvvatlashdir.

Hamkorlik dasturi doirasida oʻrmonchilik sohasida ishlayotgan xotin-qizlarning bilim va mahoratini yanada oshirish, intensiv niholxona tashkil qilib, tadbirkorlik faoliyatini boshlash niyatida boʻlgan xotin-qizlarga imtiyozli kredit ajratishga koʻmaklashiladi. Bundan tashqari, yetishtirgan mahsulotlar koʻrgazma yarmarkalari tashkil etiladi. Bu chora-tadbirlar xotin-qizlar bandligini taʼminlash, oilaviy tadbirkorlikni rivojlantirishga zamin yaratadi. Shu bilan bir qatorda, yurtimizning har bir goʻshasini obod qilish, barqaror rivojlanishga erishish, kelajak avlodlarga obod manzillarni meros qoldirishdek ezgu maqsadlar roʻyobiga xizmat qiladi.

Bahor XIDIROVA,

 “Yangi Oʻzbekiston” muxbir