Ayniqsa, Davlatimiz rahbarining xotin-qizlarga yaratib berayotgan imkoniyatlari, yuksak ishonchlari oʻz ustimizda tinimsiz ishlashga, yangi natijalarga erishishga, xalqimiz koriga yarashga undamoqda.
Ayni damda davlat xizmatchisiman. Joriy yilda ochiq tanlov orqali “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazidagi “Alisher Navoiy” va “Romitan” mahallalarida Kompleks ijtimoiy xizmat koʻrsatuvchi xodim vazifasida ish boshladim. Yangi tuzilma, yangi imkoniyatlar…. Eng muhimi, bu juda savobli vazifa ekanligini har kuni odamlar bilan muloqotda, duolarida koʻp bora anglayman.
Nogironligi mavjud boʻlgan shaxslar, boquvchisini yoʻqotganlar, kam taʼminlangan oilalar, yolgʻiz keksalar kabi xalqimizning ijtimoiy himoyaga muhtoj qatlami bilan har kuni uchrashaman, insonparvar, xalqparvar Davlatimiz rahbarining islohotlari haqida gapiraman, hayotga boʻlgan intilishlarini qoʻllab-quvvatlashga harakat qilaman. “Prezidentimiz jonlari sogʻ boʻlsin”, “Rahmat ularga”, “Biz haqimizda biladilarmi?” deb uzoq va baʼzida esa koʻzda yosh bilan qilingan duolarni eshitib, koʻnglim toʻladi.
Faoliyatimda angladimki, “mahalla yettiligi” tuzilmasi manzilli va maqsadli tashkil etilgan. Men bugun davlat xizmatining eng quyi, lekin Hurmatli Prezidentimiz va xalqimiz oʻrtasidagi eng muhim boʻgʻinda faoliyat yuritayotganimdan faxrlanaman. Davlat xizmati menga xalqim duosini olishda koʻprik boʻlyapti.
Har qanday harakatning tag zamirida maqsadga yoʻnalganlik yotadi. Maqsadim — mahallamdagi ogʻir hayotiy vaziyatga tushgan aholi bilan manzilli ishlashni jadallashtirish, ularga ijtimoiy xizmat va yordam koʻrsatish, jamiyatga ijtimoiylashuvini taʼminlash orqali ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi sonini kamaytirishga erishish. Shuningdek, ijtimoiy xizmat va ijtimoiy yordam koʻrsatishda shaffoflikni toʻliq taʼminlashga koʻmaklashish. Shundagina, ijtimoiy himoya siyosatidan xalqimiz rozi boʻladi.
Ha, vatanim mustaqilligi men bilan tengdosh! U menga Vatan, baxtli, tinch va farovon hayot, oliy taʼlim olish, davlat ishida, xalqimiz uchun ishlash, salohiyatimni koʻrsatish imkoniyatini berdi! Oʻylaymanki, men bu gʻamxoʻrliklarga munosib javob bera olaman!
Mohigul Ashurova,
Romitan tumani “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi
Kompleks ijtimoiy xizmat koʻrsatuvchi xodimi