“Men chindan ham baxtliman!”

    Tojik ota va qozoq onaning yetti kelini oʻzbek, qozoq, rus, uygʻur, gruzin, chechen millatiga mansub. Tili, dini va urf-odatlari turlicha boʻlsa-da, ularning ahil-inoq va hamjihatlikda umrguzaronlikda hayot kechirishayotganiga hamma havas bilan qaraydi.

    Piskent tumanidagilar “Oqtepa” mahallasida yashayotgan Jonsaidovlar oilasini yaxshi biladi. 85 yoshni qarshilagan Anora Jonsaidova turmush oʻrtogʻi Serikboy ota bilan nikoh rishtasini bogʻlagandan beri qancha bahor, qancha qish oʻtdi. Ular 9 farzandni oq yuvib, oq tarab katta qilishdi. Hozir hammalari hayotda oʻz oʻrinlarini topishgan.

    Tojik ota va qozoq onaning yetti kelini oʻzbek, qozoq, rus, uygʻur, gruzin, chechen millatiga mansub. Tili, dini va urf-odatlari turlicha boʻlsa-da, ularning ahil-inoq va hamjihatlikda umrguzaronlikda hayot kechirishayotganiga hamma havas bilan qaraydi.

    — Oila juda muqaddas tushuncha. Unda yangi avlod dunyoga keladi. Ahil va inoq oilada esa yurt koriga yaraydigan farzandlar ulgʻayib, voyaga yetadi. Aslida, oʻzbek, qirgʻiz, qozoq, uygʻur, hammamiz Oʻzbekiston degan goʻzal mamlakat farzandlarimiz, — deydi Anora aya biz bilan suhbatda. — Rahmatli cholim Serikboyga turmushga chiqqanimda 20 yoshda edim. Bir-birimizga koʻnglimiz tushib, dilimiz payvandlashgan. Biroq bu saodatli kunlarga yetib kelguncha qancha mashaqqat chekkanmiz?! Turgʻunlik yillarida qora qozonimiz qaynamagan kunlar koʻp boʻlgan. Bugʻdoy uniga arpa unini aralashtirib non yopardim. Yetishmovchilikda, farzandlarimni kiyimlarini yamab-tikib, bir-biriga kiydirib voyaga yetkazsak-da, hayotdan hech qachon nolimaganmiz. Yetti oʻgʻlim yetti millatning qiziga uylandi. Qarshilik qilmaganmiz. Kelinlarim biri-biridan mehrli, pazanda va mehnatkash. Shunday tinch, obod va farovon yurtda oʻzaro totuvlikda yashayotganimga doimo shukrona aytaman.

    Jonsaidovlar xonadoni hech bir hashamsiz boʻlsa-da, kamtarona hovlining toʻrt tarafi gulu gulzorlar bilan oʻralgan. Oʻzgacha bir fayzli xonadon aʼzolarining bir-biriga boʻlgan mehru muhabbatini koʻrib, aslida bu omonat umrning ziynati mana shu oqibat va odamiylikda emasmikin, deb oʻylab qoldim.

    — Mahallamizda qozoq, rus, tojik, ozarbayjon, tatar kabi bir necha millatga mansub 2,5 mingdan ortiq turli aholi istiqomat qiladi, — deydi mahalla raisi Gʻayrat Sheronov. — Ishonasizmi, mahallamizda umuman oilalarning ajralish holatlari yoʻq. Bittasi bor edi, yaqinda kelin va kuyovni biz kattalar oʻrtaga tushib, yarashtirib qoʻydik. Jonsaidovlarni esa millatlar va elatlarni birlashtirib turuvchi, ularning hamdoʻstligini ifodalovchi namunaviy oila sifatida bilamiz. Ular xonadonidan mahalladoshlarimiz doimo oʻrnak oladi.

    — Akam Abdumutalib turk qiziga uylangan. Ular 9 yil farzand koʻrishmadi, — dey­di Anora opaning qizi Dilorom. — Akamga farzandsiz oʻtasanmi, ajralib, boshqasiga uylan, deguvchilar koʻp boʻldi. Lekin akam va kelinoyim yurakni tigʻlaydigan soʻzlarni ichiga yutib, bir-biridan voz kechmadi. 10 yil deganda ularga Yaratgan oʻgʻil farzand berdi. Bilasizmi, turmushga chiqqach, mening ham farzandim boʻlmadi. Yugurmagan joyimiz, bormagan doʻxtirimiz qolmadi. Farzandsizlik nima ekanini, uning yuki nechogʻli ogʻir boʻlishini bilgan jigarim — akam doimo koʻnglimga tas­kin berardi. Kelinoyim ikkinchi farzandini dunyoga keltirganida, akam qizalogʻini bizga berdi. Kelinoyim bir soʻz demay rozi boʻldi. Ular tufayli men ham onalik baxtiga muyassar boʻldim. Siz oʻsha vaqtdagi holatimni, shodligimni tasavvur ham qila olmaysiz!

    Ha, men Diloromning farzandsizlik tufayli chekkan azoblarini toʻla his qila olmasman, ammo onalik maqomiga ega boʻlgan ayolning qanchalik baxtiyor ekanini u bilan suhbatlashish asnosida yaxshiroq angladim. Mana, sizga akaning singilga boʻlgan oqibati! Insoniylikning oliy darajasi! Farzandlarning bir-biriga boʻlgan mustahkam mehriga sababchi esa maqolamiz qahramoni Anora ayadir.

    — Qaynonam dunyodagi eng mehribon va eng yaxshi ona, — deydi xonadonning yettinchi kelini Anna. — Sevgi yosh, millat tanlamas ekan. Erim oʻzimdan oʻn uch yosh katta. Sevib turmush qurganmiz. Menga uylanish uchun toʻrt yil kutgan. Hozir 2 farzandimiz bor. Qaynonamning baland ovozda soʻzlaganini hech ham eslay olmayman. Shunchalar xokisor va mehribonki, buni soʻz bilan ifodalay olmayman. Tinib-tinchimaydi. Hamma ishimda koʻmak beradi. Men chindan ham baxtliman!

    Jonsaidovlar oilasining eng toʻngʻichi Mahmudali rus qizi Iraga, egizak Hasan va Husan oʻzbek va tojik qizlari Fotima va Norgulga, toʻrtinchi farzand Tursunali uygʻur qizi Lolaga, Sunnatilla qozoq qizi Aliyaga, Abdumutalib turk qizi Raʼnoga hamda kenja oʻgʻil Abdusamat gruzin qizi Annaga toʻy-tomoshalar bilan uylanib, baxtli-saodatli hayot kechirmoqda.

    — Dadam va onam juda bolajon boʻlgan, — deydi Sunnatillo. — Shuning uchun ham serfarzand oilamiz. Onam bilan dadam salkam qirq yil baxtli yashashdi. Dadam rahmatli yetim oʻsgan, ota-onasi yoshligida vafot etishgan. Ikkala akasi esa urushda nom-nishonsiz, bedarak yoʻqolgan. Dadamni buvim katta qilgan. Esimni tanibmanki, mehnatda chiniqdik. Yer chopamiz, issiqxonada koʻchat undiramiz, mol boqamiz, xullas, nonimizni peshona terimiz bilan topib, birovdan kam boʻlmayapmiz. Esimda, dadam va onam davlatga tegishli kichkina doʻkonda ishlashardi. Tekshiruvchilar kelib, koʻp hollarda oilamiz halovatini buzardi. Boʻlar-boʻlmasga kamomad topib, pul talab qilishardi. Dadam esa uyimizdagi bittagina sigirimizni sotib, tekshiruvchilarga berishga majbur boʻlganini eslasam, hozir ham tomogʻimga bir narsa tiqiladi. Doʻkonimiz boʻlsa-da, boy yashaganimizni, bozordan istagan narsamizni xarid qilganimizni eslay olmayman. Lekin otam ham, onam ham hech qachon hayotlaridan nolishmagan. Dadam bilan onam bizlarni cheksiz va beqiyos bir mehr bilan voyaga yetkazishgan.

    Suhbatimiz davomida oilaning ikkinchi kelini, toʻrt farzandning onasi, 4 nevaraning buvisi Fotima opaning qariyb 4 oydan beri “Ayollar daftari”da roʻyxatda turishini ham bilib oldik.

    — Tadbirkorlik qilish uchun hujjatlarimni tuman bankiga topshirdik. Xudo xohlasa, yaqin kunlarda men ham oʻgʻlim bilan oʻz biznesimizni yoʻlga qoʻyamiz. Qaynonam esa bizga yoʻlboshchi.

    Hayotini, borini farzandlarining baxtu iqboliga bagʻishlagan, ularning diliga ezgulik joylab voyaga yetkazgan nuroniy onaxonning chehrasiga boqar ekanman, doimo izlab axtaradiganimiz — haqiqiy baxt mana shu kamtargina oila hayoti misolida yanada yorqinroq gavdalanadi. Eng muhimi, shu birgina oila butun Oʻzbekistonning koʻp millatli xalqi oʻzaro totuvlik va hamjihatlikda hayot kechirayotganining amaliy ifodasidir!

    Gulichehra DURDIYEVA,

    “Yangi Oʻzbekiston” muxbiri