Bu haqda Iqtisodiyot va moliya vazirligi maʼlum qildi.

Oʻquvchilar quyidagi usullardan foydalangan holda oʻz loyihalarini ilgari surishlari mumkin:

  • avtomatik tarzda — loyiha namunalari orasidan oʻziga yoqqan loyihani tanlash orqali (shablon loyihalar roʻyxati – bu yerda);
  • mustaqil ravishda — taqdim etilgan loyiha namunalari orasida mavjud boʻlmagan loyihalarni yangidan shakllantirish orqali.

Loyihaning 1-bosqichi doirasida 1, 2 va 4-toifaga kiritilgan 112 ta tumandagi 4 ming 987 ta maktab ishtirok etadi. Mazkur bosqichda ishtirok etayotgan 112 ta tuman roʻyxati – bu yerda.

Loyiha kiritish bosqichi «Ochiq byudjet» portalida 31-oktyabrgacha davom etadi. Kiritilgan loyihalar 10-noyabrga qadar saralanib, 11-20-noyabr kunlari ovoz berish bosqichi boʻlib oʻtadi. Bu mavsumda ishtirok etmayotgan qolgan maktablar dekabr oyida boʻladigan 2-mavsumda qatnashadi.

“Mening maktabim” doirasida oʻqituvchilar va maktab maʼmuriyati uchun tovar va xizmatlarni xarid qilish taqiqlanadi. Bundan tashqari, quyidagicha loyihalar ilgari surilishiga yoʻl qoʻyilmaydi:

  • oʻquvchilar oʻrtasida nizo keltirib chiqaradigan, faqat bir guruh oʻquvchilar foydalanishi uchun moʻljallangan loyihalar;
  • sanitariya meʼyorlarini buzishi yoki tabiatga zarar yetkazishi mumkin boʻlgan loyihalar (ichimlik suvidan samarasiz foydalanish va boshqalar);
  • maktabni saqlash bilan bogʻliq xarajatlar (kommunal xizmatlar va boshqalar);
  • oʻquvchilar va oʻqituvchilarning sogʻligʻi (xavfsizligi)ga taʼsir qilishi mumkin boʻlgan loyihalar (attraksionlar va boshqalar);
  • oʻquvchilar vaqtini behuda oʻtkazishiga olib keladigan, oʻquv jarayoniga salbiy taʼsir koʻrsatadigan loyihalar (PlayStation kabi oʻyin mashinalari va boshqalar).

Har bir gʻolib maktabga tuman (shahar) byudjetidan BHMning 150 barobari – 61,8 mln soʻmgacha mablagʻ ajratiladi. Kiritiladigan loyihalar qiymati ana shu miqdordan oshmasligi kerak.