Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2020-yil 18-noyabrdagi 726-son qarori bilan tasdiqlangan notariuslar tomonidan merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisida guvohnomani berishning maʼmuriy reglamentiga asosan meros ochilgan joydagi notarius merosxoʻr(lar)ning yozma arizasiga koʻra guvohnoma beradi.

Fuqarolik kodeksi 1147-moddasiga asosan merosdan voz kechish merosxoʻr tomonidan meros ochilgan joydagi notariusga ariza berish orqali amalga oshiriladi. Agar ishonchnomada vakil orqali merosdan voz kechish vakolati maxsus nazarda tutilgan boʻlsa, merosdan shu tarzda voz kechilishi mumkin.

Merosdan voz kechish keyinchalik bekor qilinishi yoki qaytarib olinishi mumkin emas.

Ayrim holatlarda fuqarolar oʻrtasida keyinchalik mulkiy nizolarning kelib chiqishi natijasida taraflarning meros guvohnomasini haqiqiy emas deb topish haqidagi talab bilan sudga murojaat qilish holatlari ham koʻp uchraydi. Bunga fuqarolar asos sifatida notariusning merosdan voz kechishning oqibatlarini batafsil tushuntirmaganligini, yoki aslida faqat bitta mulkdan meros ulushi olishdan voz kechganligini, keyinchlik meros qoldiruvchining merosxoʻrlar oʻrtasida nizo kelib chiqqanligini keltirishadi.

Notariuslar tomonidan merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisida guvohnomani berishning maʼmuriy reglamenti 23-bandiga asosan merosdan voz kechish arizalarida meros tarkibi koʻrsatilmaydi va notarial tartibda tasdiqlanadi. Bunday arizalarni tasdiqlashdan oldin muqaddam ushbu merosxoʻr tomonidan merosdan voz kechish arizasi berilgan yoki yoʻqligi tizim orqali tekshiriladi. Agarda merosxoʻr tomonidan muqaddam voz kechish arizasi berilgan boʻlsa Oʻzbekiston Respublikasi Fuqarolik kodeksi 1147-moddasining toʻrtinchi qismi talablari tushuntirilgan holda rad etiladi (voz kechish arizasida merosxoʻr vasiyatnoma boʻyicha yoki qonun boʻyicha oʻziga tegishli boʻlgan merosdan voz kechayotganligi aniq koʻrsatilgan hollar bundan mustasno).

Notariusga murojaat etgan marhum erdan (xotindan) keyin beva qolgan xotiniga (eriga) Oʻzbekiston Respublikasi Oila kodeksining 23-moddasi va Qonunning 63-moddasiga asosan meros qoldiruvchi bilan birgalikdagi nikoh davomida orttirilgan mulkdan oʻz ulushini ajratgan yoki ajratmagan holda meros qolgan mulkka nisbatan merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisida guvohnoma berish haqida ariza olinadi. Agarda meros qoldiruvchining eri (xotini) meros olish istagini bildirmasa, meros qoldiruvchining eridan (xotinidan) olingan merosdan voz kechish arizasida meros qoldiruvchi bilan birgalikdagi nikoh davomida orttirilgan mulkdan oʻz ulushini ajratgan yoki ajratmagan holda voz kechayotganligi koʻrsatiladi.

Bundan tashqari, agar merosxoʻr vasiyatnoma boʻyicha ham, qonun boʻyicha ham vorislikka chaqirilsa, u ana shu asoslarning biri yoki har ikkalasi boʻyicha oʻziga tegishli boʻlgan merosdan voz kechishga haqli.

Merosxoʻr merosdan voz kechganida vasiyatnoma boʻyicha yoki qonun boʻyicha merosxoʻrlar jumlasidan boʻlmish boshqa shaxslar foydasiga voz kechayotganini koʻrsatishga haqli.

Notariuslar tomonidan merosga boʻlgan huquq toʻgʻrisida guvohnomani berishning maʼmuriy reglamenti 26-bandiga muvofiq, merosdagi majburiy ulushdan voz kechish hech bir shartsiz boʻlishi lozim. Boshqa shaxslar foydasiga majburiy ulushdan voz kechishga yoʻl qoʻyilmaydi. Bu holatda meros mol-mulki vasiyatnomada koʻrsatilgan merosxoʻrlarga vasiyatnoma boʻyicha oʻtadi.

Shahzod Sattarov,

Toshkent viloyat adliya boshqarmasi

bosh maslahatchisi