Metallni qayta ishlashda Britaniya kompaniyasi bilan hamkorlik qilinadi

    Sanoat 22 Fevral 2024 1114

    Oʻzbekiston elchixonasida Buyuk Britaniyaning “Sackers” metallni qayta ishlash kompaniyasi direktori Devid Dodds bilan muzokaralar oʻtkazildi.

    Suhbat davomida rangli va noyob metallarni qayta ishlash boʻyicha korxona tashkil etishda xorijiy kompaniyani mamlakatimizga investor sifatida jalb etish hamda ushbu tovarlarni Britaniya bozoriga eksport qilish masalasi muhokama qilindi.

    Britaniya tomoni Oʻzbekiston bilan metallarni qayta ishlash boʻyicha investitsion loyihani amalga oshirish va shu oʻrinda ularni eksport qilish boʻyicha maqsadli muzokaralar oʻtkazishga tayyorligini bildirdi.

    Uchrashuv yakunida mazkur masalani tegishli vazirlik va idoralar bilan birgalikda ishlab chiqishga kelishib olindi, deb xabar beradi “Dunyo” AA.

    Maʼlumot uchun, “Sackers” kompaniyasi 1929-yilda tashkil topgan boʻlib, yiliga 35 million funtga teng boʻlgan metallarni qayta ishlaydi. Tashkilot qora va rangli metallar, shu jumladan alyuminiy, mis, qoʻrgʻoshin, zanglamaydigan poʻlat, elektronika, kabellar, simlar importi va qayta ishlashiga ixtisoslashgan.