Toshkentda aholi soni, avtoulovlarning oʻsishi va tirbandliklar paydo boʻlishi fonida jamoat transportining, nafaqat eng tez, balkim eng ekologik toza turlaridan biri – metroni rivojlantirishga soʻnggi yillarda mamlakatimiz rahbariyati tomonidan alohida eʼtibor qaratilmoqda.
Bunga yana bir yaqqol misol – shu yilning 21-noyabr kuni Prezident Sh.Mirziyoyev Toshkent metropolitenida xizmatlar sifatini oshirish chora-tadbirlari boʻyicha taqdimot bilan tanishdi. Davlatimiz rahbari metro xizmatlari sifatini oshirish, harakat qulayligi va xavfsizligini kuchaytirish boʻyicha koʻrsatmalar berdi. Yangi vagonlar olib kelib, foydalanish muddati oʻtganlarini yangilash, ikki daqiqali intervalni taʼminlash zarurligi taʼkidlandi.
Bu quyidagi misollarda yaqqol namoyon boʻladi. 1972-yilda Toshkent metropoliteni qurilishi boshlanib, mustaqillik davrgacha umumiy uzunligi 30 kilometrlik Chilonzor va Oʻzbekiston yoʻnalishlarida 23 stansiya mavjud boʻlgan.
Undan keyingi 27 yilda (1991-2017-yillarda) faqatgina Yunusobod yoʻnalishining bir qismi qurilib, 6 ta bekat ishga tushirilgan (liniyalar uzunligi 38 kilometrga yetgan). Oʻsha davrlarda jami 49 ta metro poyezdlari harakatlanib, 2001-yildan beri yangi vagonlar olib kelinmagan edi.
Soʻnggi 7 yilda esa Toshkent metropoliteni infratuzilmasini rivojlantirish maqsadida qoʻshimcha yer osti va yer usti metro yoʻnalishlari hamda metropoliten bekatlari barpo etib kelinmoqda.
Ushbu davr ichida jami 32 kilometr metro yoʻnalishlari qurilib, 21 ta zamonaviy metro bekatlari foydalanishga topshirildi.
Bunda, yillar davomida choʻzilib kelgan Yunusobod yoʻnalishining oxirgi 2 ta stansiyasi qisqa muddatlarda qurib bitkazildi hamda 19 ta stansiyani oʻz ichiga oluvchi Sergeli va halqa yer usti yoʻnalishlari foydalanishga topshirildi.
2023-yilda yil Toshkent yer usti halqa metrosining Ikkinchi bosqichi doirasida uzunligi 8,5 km boʻlgan 5 ta bekatdan iborat “Qoʻyliq-Quruvchilar” qismi foydalanishga topshirildi.
Hozirda metroning ushbu yoʻnalishida kuniga 45 ming yoʻlovchilar tashilib, Yashnobod, Mirobod, Sergeli va Yangihayot tumanlaridagi 55 ta mahallada yashovchi 220 ming aholi metropoliten bilan qamrab olindi.
“Quruvchilar-Qipchoq” qismida qurilish yakunlanib, 2 ta metro bekati (13-14-bekatlar) ishga tushirilishi natijasida Sergeli va Yangihayot tumanlaridagi yana 7 ta mahallada yashovchi 31 ming aholi metropoliten bilan qamrab olinadi. Bunda, Yer usti halqa metro liniyasi Sergeli yoʻnalishi bilan bogʻlanadi.
Natijada metropoliten umumiy uzunligi 70 kilometrga, bekatlar soni 50 taga, qoʻshimcha 10 mingdan ziyod yoʻlovchilar hisobiga kunlik yoʻlovchilar oqimi 650 ming nafarga yetkaziladi (ilgari kuniga 480 ming tashilgan).
15 ta yangi metro poyezdlari xarid qilindi va kelgusi yilda qoʻshimcha 40 ta yangi metro poyezdlari olib kelinadi. Natijada kunning tigʻiz vaqtida poyezdlar kelish vaqti avvalgi 5-7 daqiqadan 2 daqiqagacha qisqardi.
Pensionerlarga 1-apreldan metropolitendan foydalanish uchun bepul xizmat koʻrsatilmoqda.
Joriy yil sentyabrdan – yangi oʻquv yili boshlanishi munosabati bilan tigʻiz vaqtlarda poyezdlar intervali Chilonzor yoʻnalishida 1,5 daqiqagacha, Oʻzbekiston yoʻnalishida – 3-3,5 daqiqaga qisqartirildi (oldin 10-15 daqiqa boʻlgan).