Mehmonlar dastlab Margʻilon shahridagi anʼanaviy usulda ipak mahsulotlari ishlab chiqarishga ixtisoslashgan “Yodgorlik” korxonasida boʻlib, milliy hunarmandchilik mahsulotlarini xalqaro brend darajasiga yetkazayotgan usta-hunarmandlar faoliyatiga yuksak baho berdilar.
Mevlyut Chavushogʻlu va hamrohlari Fargʻona shahrida barpo etilayotgan Ekoshaharda ham boʻldilar. Oʻziga xos zamonaviy koʻrinishga, bino-inshootlarga ega boʻlgan 300 gektar maydonni egallagan yangi shaharchadagi kichik sanoat hududi, 70 gektarlik “Yangi Oʻzbekiston” bogʻi, barpo etilayotgan 7-25 qavatli 300 ta koʻp qavatli turar-joylar va zamonaviy ijtimoiy obyektlar ularda katta qiziqish uygʻotdi.
Fargʻona shahridagi Central Asian Medical University oliygohida boʻlgan mehmonlar, talabalar uchun yaratilgan sharoitlar va qulayliklar bilan tanishdilar. Loyiha qiymati 5 million dollar boʻlgan simulyatsion markaz va laboratoriyalar ularning alohida eʼtiborini tortdi.
Mevlyut Chavushogʻlu tashrif yakunida viloyat hokimi Xayrullo Bozorov bilan uchrashdi. Muloqotda mamlakatlarimiz rahbarlarining doʻstona munosabatlari va siyosiy irodalari davlatlarimiz oʻrtasida barcha sohalardagi aloqalarni mutlaqo yangi bosqichga olib chiqqani hamda oʻzaro hamkorlikning jadallashishiga omil boʻlgani alohida qayd etildi. Yaratilayotgan sharoitlar natijasida hamkorlik koʻlamini yanada kengaytirish imkoniyati mavjudligi taʼkidlandi.