MIB bu xabarlar asossiz ekanini maʼlum qildi.

«Ijtimoiy tarmoqlar orqali ijro hujjatlariga asosan qarzdorligi mavjud boʻlgan shaxslarga tegishli boʻlgan mobil telefon qurilmalarining bloklanishi haqidagi xabarlar feyk hisoblanadi», deyiladi xabarda.

MIB fuqarolar ijro hujjatlari boʻyicha yuzaga kelgan qarzdorliklar va xorijga chiqish uchun boʻlgan taqiq bor yoki yoʻqligi haqidagi maʼlumotlarni rasmiy sayt sahifalari yoki mobil telefon orqali ham bilishlari mumkinligini eslatdi.

Buning uchun Majburiy ijro byurosining rasmiy www.mib.uz sayti yoki uning Android yoki IOS mobil ilovalaridan foydalanish tavsiya qilindi.

«Asosiysi, yuzaga kelgan qarzdorlik hamda uni undirish bilan bogʻliq ijro harakatlari mobil yoki boshqa qurilmalarning ishlash jarayoniga taʼsir qilmaydi», deyiladi MIB xabarida.

2025-yilning oktyabrida MIB ularning nomidan foydalanib amalga oshirilayotgan jinoyatlardan ogohlantirish bergandi. Telefonga MIB nomidan shubhali xabar kelsa, hech qanday ilovalarni yuklab olmaslikni, aks holda firibgarlar bank kartasi maʼlumotlarini qoʻlga kiritishi mumkinligi bildirilgandi.